To‘y tugab, mehmonlar tarqalib ketgandan so‘ng, odatda, kuyovning alohida tayyorlangan xonada kutib o‘tirgan kelin huzuriga dastlab kirishiga alohida e’tibor berilishi turgan gap. Albatta, bir umrlik savdo bo‘lmish nikohli hayotni amaliy boshlash hodisasi alohida his-hayajon, orzu-istaklar bilan to‘lib-toshgan bo‘lishi muarrar. Bunday paytda qilinadigan har bir ish, bosiladigan har bir qadam va aytiladigan har bir so‘z umr bo‘yi esda qoladigan bo‘lishi ham tabiiy.
Shuning uchun bo‘lsa kerak, odamlarda bu hodisaga alohida ahamiyat berish odati bor. Ushbu munosabat ila kelajak hayotning baxtli bo‘lishiga oid deb o‘ylangan irim-sirimlar ham ko‘paygan. Ayniqsa, ayollar ichidagi gap-so‘zlar, kelin-kuyovga beriladigan maslahatlar ham ko‘payib ketgan.
Ba’zi joylarda avvallari, kelinning rizqi o‘zi bilan kirsin deb, yangi uyga kirib kelayotgan kelinning boshiga non bog‘lab qo‘yishar, kelin bilan kuyov o‘z xonalarida dastlab ko‘rishganda kim ikkinchisining oyog‘ini oldin bosib olsa, oilada o‘shaning gapi o‘tadigan bo‘ladi, deyishardi. Yana, kelin-kuyovga oynani ko‘rsatib, qandaydir savollar berishar va o‘sha savollarga mos javob berishni talab ham qilishardi. Hatto ba’zi kitoblarda kuyov uyning burchagida oyog‘ini yuvishi va yana nimalardir qilishi kerakligi haqida yozilgan ham ekan. Odamlar o‘sha yozilgan narsalarga amal qilish yoki qilmaslik borasida savollar ham berishgandi.
Ehtimol, bundan boshqa gap-so‘zlar, bid’at- xurofotlar ham bordir. Ehtimol, ko‘plari yo‘qolib ham ketgandir. Lekin shar’iy tushunchalarda bu haqda qanday ko‘rsatmalar borligi bilan har bir musulmon shaxs qiziqishi turgan gap. Ulamolar kuyov kelinning oldiga birinchi bor kirganida nimalar qilishi kerakligi haqida uncha ko‘p gaplarni aytmaganlar va rivoyatlarni keltirmaganlar. Bu to‘g‘risida ushbu satrlarni yozishdan oldin hozirgi vositalar orqali ham qidirib ko‘rib, unchalar ko‘p narsa yo‘qligiga ishonch hosil qilindi. Ya’ni, ma’lumot ko‘pligidan qay birini olish qiyinlashadigan darajada emasligi ayon bo‘ldi. O‘zimiz avval yozgan ba’zi narsalarga keyin topgan ma’lumotlarni qo‘shib, taqdim etishga ijozat bergaysiz.
Dastlabki ma’lumot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kuyovlari hazrati Aliy roziyallohu anhuning Fotimai Zahro roziyallohu anho oldilariga to‘ydan keyin birinchi kirishlaridan oldin ularga qilgan ishlari va duolari haqidadir.
«To‘y kechasi bo‘lganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuyov bo‘lmish Aliy ibn Abu Tolibga:
«Ey Aliy, kelinga bir to‘y ham qilmoq kerak», – dedilar.
Shunda Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu:
«Menda bir qo‘chqor bor!» – dedi.
Ansoriylardan bir guruhi bir necha so’ jo‘xori jamlab kelishdi. Ana o‘sha narsalardan to‘y ziyofati uyushtirildi. Ziyofatdan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Aliy ibn Abu Tolibga:
«Menga uchramaguncha bir narsa qilmay tur», – dedilar.
Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anha turgan joyga bordilar-da, u kishiga:
«Menga suv keltir», – dedilar.
Kelinlikka tayyorlanib olgan Fotima roziyallohu anho bir idishda suv keltirdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u suvdan Fotima roziyallohu anhoning ko‘ksilariga va boshlariga sepdilar-da:
«Allohim, men Sendan bunga va buning zurriyotlariga shaytoni rojiymning yomonligidan panoh tilayman», – dedilar.
So‘ngra u zot yana suv keltirishni talab qildilar. Bu safar Aliy ibn Abu Tolib borib, haligi idishda suv keltirdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga ham xuddi Fotima roziyallohu anhoga qilgan ishlarni va duolarni qildilar va:
«Allohim, ikkovlariga baraka bergin, ikkovlarining ustilaridan baraka nozil qilgin va ikkovlarining zurriyotlarini barakali qilgin», – dedilar.
So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki muavvizataynni tilovat qildilar va:
«O‘z ahling oldiga Allohning ismi va barakasi ila kiraver», – dedilar».
Ushbu iqtibosdan kuyovning kelin oldiga birinchi bor kirishidan oldin qavmning kattalari qiladigan ishlar va duolar haqida ma’lumot olishimiz mumkin.
– Kuyov kelinning oldiga birinchi bor kirishida xursand¬lik, ochiq chehra va muloyimlik bilan kirishi kerakligi kitob¬larimizda tavsiya qilingan. Chunki, kelin his-hayajonda, xavfda, xijolat va o‘zgacha holatda turadi. Kuyov «bismillah»ni aytib, o‘ng oyoq bilan salom berib kiradi. So‘ngra kelinning peshonasiga qo‘lini qo‘yib turib, quyidagi rivoyatda kelgan duoni o‘qiydi.
Amr ibn Shu’aybdan, u otasidan, u bobosidan rivoyat qilishadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:
«Qachon biringiz biror ayolga uylansa yoki xodim sotib olsa, «Allohumma! Innii as’aluka xoyrahaa va xoyra maa jabaltahaa ’alayhi. Va a’uuzu bika min sharrihaa va min sharri maa jabaltahaa ’alayh», – desin».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilishgan.
Duoning ma’nosi: «Allohim! Sendan uning yaxshiligini va Sen unga bergan jibilliyat – axloqning yaxshisini so‘rayman. Hamda sendan uning sharridan va Sen unga bergan jibilliyat – axloqning yomonidan panoh so‘rayman».
Kelin-kuyovga boshqalar duo qilishlari bilan birga, ularning o‘zlari o‘zlariga va bir-birlariga duo qilishlari ham juda yaxshidir. Albatta, o‘shanday baxtli soatlarda Alloh taolodan o‘ziga va umr yo‘ldoshiga baxt-saodat tilab duo qilmoq muhimdir.
So‘ngra ikkovlari birgalikda – kuyov imom bo‘lib, kelin orqada iqtido qilib – ikki rak’at namoz o‘qisalar, juda ham yaxshi bo‘ladi. Har kim o‘zi o‘qisa ham bo‘laveradi.
Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
«Qachon biringiz biror ayolga uylansa, qo‘shilish kechasida ikki rak’at namoz o‘qisin, u(kelin)ga ham ortida ikki rak’at namoz o‘qishini aytsin. Albatta, Alloh uyda yaxshilikni (paydo) qiluvchidir».
Bazzor rivoyat qilgan.
Albatta, bu kabi namozlar xayrga, barakaga, yaxshilikka sabab bo‘lishi turgan gap. Musulmon inson uchun namoz uning hayotidagi eng aziz narsadir.
Yuqorida keltirilgan narsalar kuyov va kelinlar uchun ularning birinchi kechalarida yaxshi niyat ila ixtiyoriy qilinadigan ishlar va duolardan iboratdir. Yaxshi umid ila qilsa, go‘zal ish bo‘ladi. Ammo qilmasa, shar’iy jihatdan hechqisi yo‘q. Bularni qilmaganlar «bu ishlarni qilmagan edik, endi nima bo‘ladi?» degan xayollarga bormasliklari lozim.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
Manba: oilam.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
So‘rovnoma: Isroilliklarning 64 foizi Netanyaxu hukumatiga ishonmaydi
Ukraina Kursk viloyatidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
Lukashenko agar norozilik namoyishlari bo‘lsa, Belarusda internetni butunlay “uzish” bilan tahdid qildi
Ukraina askari mashg‘ulotlardan bir hafta o‘tib qanday qilib asirga tushganini aytib berdi