Eng foydali mahsulot avokado emas — kress-salat ekan!

Kimdir “eng foydali ovqat” desa, ko‘pchilikning xayoliga darrov avokado, kinoa yoki keyl keladi. Lekin olimlar bu “podium”ga boshqa nomzodni chiqardi — kress-salat. Ha, shu oddiy ko‘kat, lekin natija “men ham shok” darajada.
Olimlar 2023-yilda “Surunkali kasalliklarning oldini olish” jurnalida chop etilgan tadqiqotda 40 ta oziq-ovqat mahsulotini foydali moddalarga boyligiga qarab baholagan. Ro‘yxat ishtirokchilari ozuqa moddalari bo‘yicha toifalarga ajratilgan va tadqiqotchilar 17 ta eng muhim ko‘rsatkichni asos qilib olgan.
Baho berishda nimalar hisobga olingan?
Mahsulotning “real foydasi” tarkibidagi kletchatka, kaliy, oqsil, V guruhi vitaminlari, A va D vitaminlari, kalsiy hamda folat miqdori kabi ko‘rsatkichlar orqali o‘lchangan. Eng qizig‘i — foydali mikroelementlar nisbati kaloriya miqdoriga taqqoslangan. Ya’ni ko‘proq vitamin-mineral, kamroq kaloriya — demak, reytingda yuqori.
Natijada kress-salat yetakchi bo‘lib chiqdi: olimlar 100 kkal hisobida u kunlik zarur ozuqaviy moddalar ehtiyojining 100 foizini bera olishini qayd etgan. Solishtirish uchun, xitoy karami — 91,99%, mangold — 89,27%, ismaloq — 86,43%.
Kress-salatning “kuchli tomoni” nima?
Bu ko‘kat tarkibida temir, kalsiy, S vitamini borligi, shuningdek, jami 14 ta vitamin, minerallar, antioksidantlar va boshqa qimmatli moddalar mavjudligi ta’kidlangan. Qolaversa, bir hovuch salat — taxminan 4 kaloriya, ammo K, S va A vitaminlari darajasi ancha yuqori.

Shu tariqa, kress-salat avvalgi “favoritlar” — avokado, keyl karami va kinoani ham ortda qoldirgan.
Eng yaxshi qismi — bu trend emas, odatga aylanadi
Kress-salatni ratsionga qo‘shish qiyin emas: salatga, sendvichga, tuxumli taomlarga, sho‘rva ustiga yoki oddiy yogurtli sousga aralashtirib yuborsangiz ham ketadi. Ertangi kun uchun eng to‘g‘ri investitsiya — og‘ir-og‘ir “diyeta” emas, balki mana shunday kichik, lekin barqaror odatlar.

Faqat bir narsani unutmang: “eng foydali” degani “faqat shuni ye” degani emas. Kress-salat — kuchli qo‘shimcha, ammo sog‘lom hayotning asosi baribir muvozanat.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!