Qozog‘istonda mushugini qidirgan ayolni bezovta qilgan o‘smirlarning ota-onalari jarimaga tortildi

Qozog‘istonda mushugini qidirgan ayolni bezovta qilgan o‘smirlarning ota-onalari jarimaga tortildi

Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida yo‘qolgan mushugi haqida e’lon bergan ayol bir guruh o‘smirlar tomonidan muntazam ravishda bezovta qilingan. Ular turli raqamlardan qo‘ng‘iroq qilib, telefon orqali mushukdek miyovlashgan, ayolni haqorat qilib, uning ustidan kulishgan. Bu haqda New Times.kz xabar berdi.

Ayolning aytishicha, dastlab unga kuniga 10–12 marta qo‘ng‘iroq qilishgan. Keyinchalik esa qo‘ng‘iroqlar soni 50–60 tagacha ko‘paygan. O‘smirlar o‘z qilmishlarini videoga olib, TikTok'ka ham joylashtirgan. Roliklardan biri bir sutka ichida 12–13 ming marta ko‘rilgan.

Vaziyatdan charchagan ayol qo‘ng‘iroqlarning yozuvlarini saqlab, politsiyaga murojaat qilgan. Huquq-tartibot idoralari tekshiruvi davomida voqeaga aloqador uch nafar voyaga yetmagan shaxs aniqlangan.

O‘smirlar ota-onalari bilan birga politsiya bo‘limiga kelib, ayoldan uzr so‘rashgan. Ular bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan. O‘smirlarning ota-onalari esa farzandlari tarbiyasiga yetarlicha e’tibor bermagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Ayolning ma’lum qilishicha, har bir ota-onaga 21 ming tenge miqdorida jarima belgilangan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar