07:28 / 11.03.2018
16 513

Ishtahani qanday aldash mumkin?

Ishtahani qanday aldash mumkin?
Ortiqcha vazndan xalos bo‘lish usullari bugun ko‘pchilikni qiziqtiradi. Chunki semizlik — “zamonaviy” muammolarimizdan biri. Demak, ozish uchun qanday ovqatlanish zarur? Qaysi mahsulotlarni iste’mol qilish, qaysilarini cheklash lozim? Ortiqcha vazndan qutulish uchun kuniga necha mahal ovqatlanish tavsiya qilinadi va tamaddiga nima yegan ma’qul?

Ishtaha karnay bo‘lsa, uni tiyish qiyin. Ayniqsa, avval o‘zingizni hech narsadan cheklamagan bo‘lsangiz, bu chinakam muammoga aylanadi. Ammo ishtahani cheklashning natija beradigan usullari bor. Bu usullar ishtahani yo‘qotish va samarali ozishga yordam beradi.

Farqlashni o‘rganish zarur

Avvalambor, ishtahani ochlikdan ajratishni o‘rganish kerak. Ochlik hissi barchaga ma’lum fiziologik jarayonlar, ya’ni qorinning quldirashi, kuchsizlik bilan kuzatiladi. Haqiqatan, qorningiz ochganida non bilan oddiy karam sho‘rvaga ham xursand bo‘lasiz. Ishtahangiz ochilganida esa ko‘nglingiz aniq bir taomni, odatda, shirinlik yoki yog‘li taomlarni tusab qoladi. Aynan shu paytda ishtahaga erk bermaslik kerak. Uni aldashning eng oddiy usuli — bir stakan iliq suv ichish (ochlik va chanqoq markazlari miyada yonma-yon joylashgan). Darvoqe, ortiqcha tanovulning oldini oluvchi yaxshi odat ham ovqatlanishdan oldin ikki stakan suv ichishdir.

Bo‘lib ovqatlaning

Sog‘liqni saqlash tashkilotlari har kuni 5-6 mahal ovqatlanishni bejiz tavsiya qilmaydi. Bu qoida buzilganida ishtahani nazorat qilish tizimida ham buzilish ro‘y beradi, ochlik gormoni grelinning ishlab chiqarilishi kuchayadi. Kunduzgi ovqatlanishlar orasidagi tanaffuslar 4,5 soatni, kechasi esa 12 soatni tashkil qilishi kerak.

Oqsillar, yog‘lar va uglevodlar

Har safar taomnomangizda, hech bo‘lmaganda uch mahal asosiy ovqatlanishda mana shu moddalar bo‘lishi shart. Shunda kerakli miqdorda quvvat (yog‘lar), uzoq to‘qlik hissiga (murakkab uglevodlar) ega bo‘lasiz va moddalar almashinuvi tezligini ham saqlab qolasiz. Xususan, eng yaxshi nonushta — an’anaviy bo‘tqa emas, balki sabzavotli salat bilan quymoq hisoblanishini yodda tuting.

Turlilikka e’tibor bering

Taomnomangiz rang-barang bo‘lsin. Darmondorilar va mikronutriyentlar yetishmaganida organizm ularni olishga harakat qiladi. Demak, sizning doimo nimadir yegingiz keladi. Taomnomangizga turli xil go‘sht, baliq, yormalar, sabzavotlar, mevalarni qo‘shing. Shunda o‘zingizga kerakli barcha mikronutriyentlarni olishingiz mumkin.

Ko‘proq kletchatka iste’mol qiling

Buning uchun har kuni 500 g meva, ko‘katlar va kraxmalsiz sabzavotlarni iste’mol qilish me’yor hisoblanadi. Ammo aynan kletchatka tufayli uzoq vaqt to‘q bo‘lasiz. Masalan, mevalar, rezavor mevalar yoki yengil salatlar bilan tamaddi qilishga odatlaning.

Omega-3 manbalari

Taomnomangizda yog‘li baliq, suv o‘tlari va yong‘oqlar bo‘lishiga e’tibor bering. Chunki aynan ular omega-3 manbalaridir. Omega-3 yog‘ kislotalari ishtahani jilovlashga yordam beradi.

Ayrim mahsulotlarni cheklang

Glikemik indeksi (iste’moldan so‘ng mahsulotning qondagi glyukoza darajasiga ta’sirini ko‘rsatuvchi belgi) yuqori bo‘lgan taomlar iste’molini cheklang. Bu mahsulotlarga kartoshka, non, pishiriqlar, guruch, makkajo‘xori, bananlar kiradi. Ular qondagi glyukoza darajasini tez oshiradi, ammo to‘q tutmaydi.

Manba: Tasvir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ishtahani qanday aldash mumkin?