22:11 / 05.08.2018
4 722

Qiziq, nega shundaymiz-a?!

Qiziq, nega shundaymiz-a?!
Rahbarlar, amaldorlar, boylar qarshisida yetti bukilib ehtirom qilamiz-u, lekin podshohlarning Robbisi Allohning huzurida, tovuq don cho‘qigandek sajda qilamiz.

Xorijga borib, yetti yot begona, g‘ayridin chol yoki kampirni ketini tozalaymiz-u, lekin otamiz va onamizga paypoq ham olib bermaymiz.

Artistni, futbolchini ko‘rsak "dumimizni likillatib" ishini (bepul) bitirib beramiz-u, faqir qo‘shnimiz, qarindoshimiz bo‘lgan otaxonni ko‘cha boshigacha eltib qo‘yishga malollanamiz.

Tazyiqni, vaqtni, ishni bahona qilib masjid ostonasini hatlab o‘tmaymiz-u, ishimiz tushib turadigan kishining otasi-onasi o‘lsa, birinchi safda namoz o‘qiymiz.

Haftalab, oylab Bomdod namoziga turmaymiz-u, lekin qudamiz, nozik tanishimiz nahorga oshga aytgan bo‘lsa uxlamasdan bo‘lsa ham boramiz.

Ehtiyojmand eshik qoqsa dardimizni dasturxon qilib, taqillatgani uchun afsuslantirib kuzatamiz-u, lekin, to‘ylarimiz, o‘tirishlarimiz uchun millionlab sochib tashlaymiz.

Soatlab feysbukda, televizor, kompyuter qarshisida yotamiz-u, lekin tafsirlar, «Kifoya» yoki biror kitobni to‘liq o‘qimaganmiz.

Musulmon diyorlardagi muslim va muslimalarga xayolan yordam ko‘rsatib, tilda qahramonliklar qilamiz-u, vatandoshimiz, hamyurtimiz, qo‘shnimiz ochlikdan, dorisizlikdan o‘lib ketsa ham beparvo kuzatamiz.

Do‘zaxdan qo‘rqishimizni, undan panoh berishini so‘raymiz-u, lekin yetim haqini xotirjam hazm qilib tashlaymiz.

Buni soatlab, sahifalab davom ettirish mumkin. Menga qizig‘i, nega biz shundaymiz?!

Nima bizlar Jannat xabarini olib bo‘lganmizmi yoki hali Jannatga to‘liq ishonmaymizmi?

Jannatga kirish arzon va oson emas birodarim!
Abdulqodir NABIYeV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qiziq, nega shundaymiz-a?!