15:56 / 30.08.2018
4 689

Bosh ketdi – osh ketdi deganlari rost!

Bosh ketdi – osh ketdi deganlari rost!
Akam oʻtgach, ishlarim yurishmay qoldi. Ham ota, ham ona boʻlib bizni tarbiyalagandilar. Oʻzlari hazil aralash aytganlaridek, bizni “tugʻmagan va emizmagan”lar xolos!

Dadam oʻtgan toʻqsoninchi yildayoq akajonim “besh bolali yigitcha”ga aylanib qolgandi. Ayni navqiron 21 yoshida, ayni hayot lazzatidan zavqlanadigan paytida...

Uylandi, ammo xotini ikki oydayoq ketib qoldi (Besh nafar ukasini uylab-joylashga toqatim bormi?!)

Toʻrt yil meni uylan, deb qistadilar, koʻnmadim.

Avval Siz oʻzingizdan tining, dedim.

Meni navbatim kechdi, dedilar...

Siz birinchisiz baribir, dedim!

Ukalarimga yaxshi qarasin, deb juvonga uylandi – oʻzini oʻylamadi!

Olti yil qattiq ishladi va ...davosiz dard ilashtirib oldi.

Bu paytga kelib men Toshkentda savdo bilan shugʻullanar va koʻp pul topardim.

Rosa oʻn ikki yil davolatdim. Endi oʻziga kela boshlagan, dardlar ketayozgandi.

Ammo ajalga davo, taqdirga tadbir yoʻq ekan.

Ramazon oyida kenja ukam va mening oilamni ziyorat qilgani kelib, iftorlikka qolmay shoshilinch qaytgan, dovonda koʻzlari ilinib avto halokatga uchradilar...

Xullas, akam qoʻlimdagi kuzor ekan – bilmabman. Unga qarashganim uchun Allohim omad otiga mindirib qoʻygan ekan.

Zero hadisi sharifda Sizlarga zaiflaringiz tufayli moʻl-moʻl rizq keladi, deyilgan.

Avvallari “loydan hushtak yasab” pul topardim. Qanaqa ishga qoʻl urmay, oson va katta daromad kelaverardi.

Endi esa...

Qaysi biznesning boshini tutmay eng oxirgi nuqtada “qoʻl tormozi” tortilib qolaverdi.

Eng soʻnggi pallada...

Afgʻonga yuborayotgan toʻrt vagon yukim Hayraton koʻprigiga yetganda... oʻsha tovarning eksporti taqiqlandiyu! (Dodingni kimga aytasan?!)

Qozoqqa qurilish mollari yuboradigan boʻlib, hujjat va boshqa “harajat”larga katta pul sarfladim, ammo kutilmaganda qozoq hamkorim...vafot etdi.

Savdodagi oʻrnimni qoʻl ostimdagi shogirdim, qaynim “egallab oldi”! Toʻrt yil ichida menday serxarajat odamga qancha pul kerak, taxmin qilarsiz balki. Qarzlarim yuz mingdan oshdi. Bunday qarz boʻlish uchun yo oʻta firibgar boʻlish kerak yo oʻta ishonchli!

Ammo ehsonimni qoʻymadim, yordam soʻraganlarga boshqalardan olib boʻlsa-da qarzi hasana berdim. Chunki Alloh kalomida... “Moʻminlar kengchilikda ham, tangchilikda ham sadaqa qilurlar”, degan.

Roʻzgʻordan qismadim, ini-singillarimni beeʼtibor qoldirmadim. Telefon raqamimni oʻzgartirmadim, har qanday qoʻngʻiroqqa javob berdim. Haqdorlardan doim goʻzal odob bilan uzrimni va suhbat oxirida haqqimga duo qilishlarini soʻradim.

Bir kecha tahajjud namozini tugatib, Allohga nola qildim, shunday yigʻlab yolvordimki, zoʻriqish kuchidan burnimdan qon keldi!

Ertalab kutilgan qoʻngʻiroq jiringlab, yoʻllar ochilganini aytishdi. Subhanalloh!

Toʻrt yil kutgan ishim atigi toʻrt soatda yurishdi.

Uch oyda uch yuz ming daromad koʻrdim. Avvalo qarzlarimni oʻtadim, hatto bir akaxonning kechib yuborgan qarziniyam oborib berdim.

Hozir ishlab chiqarishlarim gurillab turibdi, alhamdulillah.

Shuncha mashaqqatda kuchni qayerdan oldim? Shubhasiz kitoblardan!

Hadisi shariflarni, Amir Temur haqidagi deyarli barcha asarlarni, “Temur tuzuklari”ni takror takror mutolaa qildim.

Sohibqiron bir qalʼani ishgʻol qilolmay noumid boʻlib soyada oʻtirsa, bir chumoli silliq toshga chiqishga rosa harakat qilibdi, sirgʻalib ketaveribdi, oxiri oʻttiz yo qirqinchi urinishda toshga chiqibdi.

Bu holdan amir judayam mutassir boʻlib, oʻziga xulosa olibdi va astoydil urinib kentni egallab olibdi. Men ham bobomizday voqeadan taʼsirlandim, ruhiyatim yaxshilandi! Ishlarimga shahdam kirishdim va...zafarga yetishdim.

Amir Temur avliyo zot boʻlgan ekanlar. Hayotlari ibrat, gaplari esa hikmat shubhasiz! Menga mana bu gaplari rosa yoqadi: “Omad mardlarga kulib boradi!”

Alhamdulillah, ishlarim yurishsa, nima qilaman, deb dillagan boʻlsam, barchasini bajardim. Yaʼni Allohni aldamadim.

Qishloqqa ichimlik suvi tortib berdim, bir ziyoratgohga xojatxona qurdirdim, kamxarj opamga zamonaviy uy soldirdim, ukamga uy olishiga tuzukkina pul qoʻshdim, zoriqqanlarga soʻragan miqdorida qarzi hasana berdim. (Parvardigor ajrini ziyoda qilib bersin, ilohim!)

Shuncha qiynalsam ham past ketmadim, yaltoqlanmadim, ichkilik yo boshqa illatlarga berilmadim. Ichimda komil ishonch bilan Allohdan yordam soʻradim – murodga yetdim!

Anglaganim shu boʻldiki, Yaratganga yalinish kerak ekan. Yigʻlab-yolvorish kerak ekan! Boshni sajjodaga urish kerak ekan! Shunda boshqalar yonida egilmas, sinmas ekansiz!

Parvardigori olam rohi rostdan adashtirmasin!

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bosh ketdi – osh ketdi deganlari rost!