Boshimga ro‘mol o‘raganimdan beri atrofimdagi olam o‘zgarganu, men esa avvalgidekman. Atrofdagilarning munosabati shunchalar turfaki, bariga ajablanib charchamayapman.
1. Liftga kirsam yoki navbatda tursam, doimo odamlar mendan bir necha odim nariga suriladi. Ajoyib. Hech kim seni turtmaydi, hatto jo‘r ovoz bo‘lib salom berishadi.
2. “QTY”dagi tanish rahbar navbatdagi uchrashuvdan keyin shunday dedi: “Nilufar, sizni har doim o‘zbek deb o‘ylagan ekanman. Endi bilsam, turkman ekansiz”. Turkmanistonda biznes boshlashni istagan bo‘lsam-da, u yerga biror marta ham viza ololmaganman. Xulosa: ro‘mol o‘ragan ayolni turkman deb o‘ylash – noto‘g‘ri.
3. Hamkorlarning talablari birdaniga kuchaydi: siz endi ro‘mol o‘rayapsiz, xato qilishingiz mumkin emas! Yo Alloh, men insonman, ro‘mol bilan ayol farishtaga aylanib qolmaydi. Insonga xato va gunoh qilish, so‘ng tavba qilish xos. Nima uchun bu menga mumkin emas? Men ayolligimcha qolganman, afsuski, malaklar safiga qabul qilishmaydi. Xato qilishga, kulishga, yig‘lashga, ranjishga va kechirishga haqliman. Ba’zan o‘sha odamlarga shunday degim keladi: bilasizlarmi, boshqa insonlar singari biz ham ovqat yeymiz, kulamiz, ko‘z yoshi to‘kamiz.
4. Maktabda bolalar qizimdan “Onangning sochlari to‘kilyaptimi?” deb so‘rashibdi. Yo‘q, onasining sochlari joyida turibdi, shunchaki endi ularni yashiryapti.
5. Xavotir bilan so‘raladigan savol: “Qur’on o‘rgatayotgan odam terrorchi emasligigiga ishonchingiz komilmi?” Mutlaqo! Birinchidan, terrorchilar Qur’onni emas, bombalash va o‘ldirishni o‘rgatadi. Bu masalani muhokama qilishni istamayman, men siyosatchi emas, tadbirkorman. Qur’on o‘rgatadigan ustoz esa muloyim, mehribon, sabrli inson. Umuman, men tajovuzkor odamlarning yonida tura olmayman. Darslar esa menga halovat va baxt, ma’naviy yuksalishni ato etadi. Shuning uchun qiziqqan hammani tinchlantiraman.
6. Eng o‘tkir savol: “Xudkushlarning bari ro‘molda, shuning uchun jamiyatda mana shunday fikr bor, bilamizmi?”. Yo‘q, bilmayman, tushunmayman ham. Turmalarda qanchadan-qancha kal qotillar va bukchaygan manyaklar bor. Kelinglar, hamma kallarni aylanib o‘tamiz, bukrilarni esa tosh otib quvamiz. Xo‘sh?.. O‘zini o‘ldirish Islomda eng og‘ir gunohlardan biri sanaladi, bu ishni Islom niqobi ostida qilayotanlar bizdan emas. Biroq Yaratganning o‘zi ularga ham, bizga ham hakamdir. Nuqta.
Xulosa: ro‘mol o‘rash va uzun ko‘ylak kiyish shunchaki tashqi ko‘rinishiga begonalarning e’tiborini tortishni istamaydigan ayollarning tanlovidir. U ayolligicha qoladi, uy bekasi, olima, tadbirkor, bo‘lishi mumkin, farq faqatgina uning kiyimida. Buni ayolga yoqadigan va u o‘zini qulay his qiladigan uslub deb qabul qiling. Hijobli ayollar haqidagi noto‘g‘ri tasavvurlar qalashib yotibdi. Biz farishta ham, terrorchi ham emas, shunchaki ayollarmiz. Biz rashk qilishni, injiqlanishni, arazlashni bilamiz. Ona, rafiqa, opa-singil, dugonamiz.
Nilufar Tagayeva,
"Access World Transport" MChJ rahbari
"Access World Transport" MChJ rahbari
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi