14:33 / 22.11.2018
4 512

Sakkiz soatdan kam uxlash organizmda suvsizlanish ehtimolini oshirishi aniqlandi

Sakkiz soatdan kam uxlash organizmda suvsizlanish ehtimolini oshirishi aniqlandi
Pensilvaniya davlat universiteti professori Asher Rozinger va uning hamkasblari tadqiqotlar asosida agar ertalab uyg‘onganingizda o‘zingizni yaxshi va tetik his qilmayotgan bo‘lsangiz bu yomon uxlashdan emas, aksincha organizmning suvsizlanganidan darak berishini aniqlashdi. Bu haqda xalqaro "Sleep" ilmiy jurnali xabar bermoqda.

"Uyqu vaqtining uzoq yoki qisqa bo‘lishi buyraklar faoliyatining sekinlashuvi bilan bog‘liq ekanligi ko‘pchilikka ma’lum, lekin uyqu davomiyligi va organizmning suv bilan ta’minlanish darajasi orasidagi bog‘liqlikka oid tadqiqotlar juda ham kam. Ushbu tadqiqotdan ko‘zlangan maqsad turli millatga mansub voyaga yetgan kishilar orasida uyqu davomiyligi va siydik gidrotatsiyasi biomarkerlari orasidagi bog‘liqlikni aniqlashdan iborat edi", – deydi Pensilvaniya davlat universiteti professori Asher Rozinger va uning hamkasblari.

Tadqiqotchilar tadqiqot davomida amerikalik va xitoylik voyaga yetgan kishilar organizmidagi gidrotatsiya (to‘qimalarning suv bilan ta’minlanishi) va degidrotatsiya (to‘qimalarning suvsizlanishi) ehtimolligiga uyqu qanday ta’sir ko‘rsatishini kuzatdilar.

Tajribada qatnashgan 20 yoshdan katta ishtirokchilar uch guruhni tashkil etdi: birinchi guruh 2007-2008 yillarda Milliy salomatlik va ovqatlanish holatini tadqiq etish markazida (NHANES) (4680 nafar ishtirokchi); ikkinchi guruh 2009-2012 yillarda NHANES da (9559 nafar ishtirokchi) va uchinchi guruh 2012 yilda Xitoydagi Kaylun shifoxonasida (11903 nafar ishtirokchi) tekshirildi. Ishtirokchilar orasida homilador ayollar va buyrak faoliyati bilan bog‘liq xastaliklarga ega bemorlar ham bor edi.

Tekshirishlardan ma’lum bo‘ldiki, tunda olti soat uxlaydiganlar organizmida sakkiz soat uxlaydiganlar organizmiga nisbatan siydik ajratish darajasi ortadi va buning natijasida ularda ko‘proq uxlaganlarga nisbatan 16-59 foiz ortiqroq holatda organizmning suvsizlanishi kuzatiladi.

Olimlarning izoh berishlaricha, ushbu holat organizmdagi suv bilan ta’minlanish jarayonining gormonlar orqali nazorat qilinishi bilan bog‘liq.

Odam bosh miyasining gipotalamus qismida hosil bo‘ladigan va gipofizda yig‘ilib, qonga ajraladigan vazopressin deb nomlanuvchi gormon organizmdagi to‘qimalarning suv bilan yetarlicha ta’minlanishiga javobgar hisoblanadi. U kunduzi va tunda uyqu davrida yetarli miqdorda ajralib, o‘z funksiyasini amalga oshiradi. Tadqiqotchilar tekshirish davomida aynan ushbu gormonning faoliyatiga e’tibor qaratishgan.

Professor Rozingerning tushuntirishicha, vazopressin tez va chuqur uyqu davrlarida ajralib chiqadi. Agar kishi yetarlicha uxlamay, muddatidan avval uyg‘onadigan bo‘lsa vazopressin ajraladigan vaqtni o‘tkazib yuboradi va organizmning suv bilan ta’minlanish jarayoni buziladi.

Organizmning suvsizlanish jarayoni uning bir qancha organlar faoliyatiga hamda funsiyalariga ta’sir ko‘rsatadi. Jumladan, aqliy faoliyat, kayfiyat, jismoniy mehnatga layoqatning pasayishi ham organizm suvsizlanishi bilan bevosita bog‘liq hisoblanadi.

Tadqiqotchilarning qayd etishicha, organizmda uzoq va surunkali davom etadigan suvsizlanish jarayoni siydik yo‘llaridagi infeksion kasalliklar hamda buyrakda tosh paydo bo‘lishi kabi holatlarga olib keladi.

"Agar siz har kuni tunda olti soat uxlaydigan bo‘lsangiz, o‘z organizmingizning suv bilan ta’minlanish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishni boshlaysiz. Tadqiqot natijalari asosida yetarlicha uxlamagandan keyin tongda o‘zingizni tetik his qilmayotgan bo‘lsangiz kun davomida ko‘proq suv ichishni tavsiya qilamiz", – deydi tadqiqot mualliflari.

Bundan avval yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va homilador ayol salomatligiga ota yoshining qay darajada bog‘liq ekanligi haqidagi tadqiqot ishlari yuzasidan xabar bergan edik.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Sakkiz soatdan kam uxlash organizmda suvsizlanish ehtimolini oshirishi aniqlandi