Uxlash vaqti kelganini miyaga nima bildiradi?

Xitoylik olimlar uyquning qanday boshqarilishiga oid muhim kashfiyotga erishdi. Nature Neuroscience jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, ilgari kam o‘rganilgan triptamin molekulasi organizmga uxlash vaqti kelganini bildiruvchi muhim mexanizmlardan biri bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilar uyquning gomeostatik bosimi, ya’ni inson qanchalik uzoq uyg‘oq yursa, uxlash ehtiyoji shunchalik ortib borishini o‘rgandi. Tajribalar sichqonlar va cho‘chqalarda o‘tkazildi. Ilgari bu jarayonning asosiy kimyoviy signali adenozin deb hisoblangan, ammo u miyaning uyqu vaqti kelganini qanday «anglashi»ni to‘liq izohlab berolmagan.
Yangi tadqiqotda esa uyg‘oqlik davomida triptamin miqdori asta-sekin ortishi aniqlandi. Olimlar ushbu molekula gipotalamusdagi GPR139 retseptoriga ta’sir qilib, uyquga mas’ul neyronlarni faollashtirishini ma’lum qildi.
Tajribalar davomida triptamin sintezi yoki GPR139 retseptori bloklanganda hayvonlar uyqusizlikdan keyin uyquni qayta tiklashda qiynalgan. Aksincha, ushbu retseptorni faollashtiruvchi preparatlar har ikki hayvon turida ham uyqu davomiyligini oshirib, uning sifatini yaxshilagan.
Mualliflar fikricha, triptamin kelajakda uyqusizlikka qarshi yangi dori vositalarini yaratishda muhim nishon bo‘lishi mumkin. Biroq ular hozircha bu xulosalarni odamlarga tatbiq etishga ertaligini ta’kidlamoqda. Chunki tadqiqotlar faqat hayvonlarda o‘tkazilgan va insonlar ishtirokidagi klinik sinovlar hali boshlanmagan.
Shuningdek, olimlar triptamin uyquni boshqaruvchi yagona molekula emasligini, u adenozin va boshqa biologik moddalar bilan birgalikda ishlashi mumkinligini ham qayd etdi.






























Izohlar 0
…