02:28 / 14.12.2018
3 374

“Men uchun Facebook doim odamlarni anglatgan”: Mark Sukerbergning biznes qoidalari

“Men uchun Facebook doim odamlarni anglatgan”: Mark Sukerbergning biznes qoidalari
Facebook asoschisi Mark Sukerberg insoniyatning umumiy maqsadi va bilimlar iqtisodiyoti haqida soʻzlaydi, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarni deb odamlar real hayotda muloqot qilmay qoʻyganidan norozi boʻlayotgan tanqidchilarning tanbehlariga javob beradi.

Sukerbergda autizmning yengil versiyasi hisoblangan Asperger sindromining baʼzi belgilari kuzatilmoqda. Aytishlaricha, unda odamlar bilan muloqot qilish bilan bogʻliq muammolar bor — bu ayniqsa oʻzi va boshqalar his-tuygʻularini ifodalashda yaqqol seziladi. Shunisi qiziqki, Sukerberg aynan butun dunyo odamlariga tanishish imkonini berish orqali boyigan. Lekin shu bilan birga, uning ishlanmasi tufayli biz ertadan kechgacha oʻz gadjetlarimizga termulib oʻtiramiz va hozir oʻzaro muloqotlarimizning katta qismi real hayotda kechmayapti.

Qanday boʻlmasin, Mark Sukerberg - dunyoning eng yosh milliarderlaridan biri. Uning biznesi allaqachon doʻstona yozishuvlar uchun ijtimoiy tarmoq darajasiga koʻtarilgan. Facebook — ulkan shaxsiy maʼlumotlar bazasi, oʻtgan bahorda Cambridge Analytica bilan bogʻliq mojaro vaqtida bunga hamma ishonch hosil qildi.

2013 yilda Sukerberg internet.org tashabbusi haqida eʼlon qildi. Uning maqsadi — butun dunyo boʻylab milliardlab kishilarni internetga kirish imkoni bilan taʼminlash. “Tasavvur qiling, fermerga ob-havo haqidagi maʼlumotni yoki oddiy darsliklari boʻlmagan bolalar uchun elektron ensiklopediya oʻqish qanchalik qiziq boʻladi”, - deyiladi internet.org saytida. Oʻz navbatida, tasavvur qiling, 5 milliard kishi u tufayli internetga kirish imkoniga ega boʻlsa, Facebook auditoriyasi qanchalik kengayadi!

Umuman olganda, Mark Sukerbergni yomon niyatda ayblab boʻlmaydi. U Bill Geytsga tenglashmoqda: Giving Pledge tashabbusiga qoʻshildi va oʻz boyligining 99 foizini “inson salohiyatini kengaytirish va tenglikni targʻib qilish”ga sarflashni rejalashtirishmoqda. Koʻpchilik internetga tobelik deb ataydigan narsani esa bilimlar iqtisodiyoti qurilishi deya izohlaydi. Forbes bizning odatlarimizni oʻzgartirgan va onlayn-hayot asosichilaridan biri boʻlgan Mark Sukerbergning qiziqarli fikrlaridan parchalar keltirdi.

Men uchun Facebook doim odamlarni anglatgan. Koʻpchilik buni ermak, qisqa muddatli mashgʻulot deb hisoblagandi, shu bois men uni shunchaki yordamchi dastur deb atadim. Shu bilan birga, men tarmoqni yaratish va munosabatlar oʻrnatish - odamlar uchun asosiy mashgʻulotlardan biri ekani hamda bu qisqa muddatli ermak emas, barcha zamonlar uchun dolzarb vosita ekanini koʻrsatishga harakat qildim. Jamoani boshqarayotganingizda qandaydir ulkan maqsadni koʻzlash kerak emas, shunchaki foydali va uzoq muddatli ixtiro qilish kerak.

Bizning avlod kimlar bilan ishlashiga toʻgʻri keladi? Bizning avlod oʻn millionlab ishchi oʻrinlari avtomatlashtirilgan tizimlar, haydovchisiz avtomobillar va yuk mashinalariga almashishiga guvoh boʻladi. Biroq bizda busiz ham birgalikda amalga oshiradigan imkoniyatlar mavjud. Har bir avlodning oʻz loyihasi boʻladi. Inson Oyga chiqishi uchun 300 ming kishi ishlagan. Millionlab koʻngillilar butun dunyo boʻylab bolalarni poliomiyelitdan qutqarishgan. Millionlab kishilar Guver toʻgʻoni va boshqa katta loyihalarni qurishgan. Bu loyihalar nafaqat ularda ishtirok etgan odamlar uchun maqsadga aylangan, balki butun mamlakatimizga buyuk ishlar qila olishimiz uchun faxr tuygʻusini bergan. Endi esa bunday ishlarni qilish navbati bizga keldi. Ehtimol “Men qanday qilib toʻgʻon qurish yoki biror loyihaga millionlab kishilarni jalb qilish mumkinligini bilmayman”, deb oʻylayotgandirsiz. Biroq bir sir bilan boʻlishishga ijozat bersangiz: biror ishga qoʻl urilganda uning nima bilan tugashini hech kim bilmaydi. Gʻoyalar bizga toʻliq tayyor shaklda kelmaydi. Ularning ustida ishlasakkina aniqlik yuzaga keladi. Siz shunchaki boshlashingiz kerak. Agar men boshlash oldidan odamlarni qanday birlashtirish haqida bilganimda hech qachon Facebookʻni yoʻlga qoʻymasdim.

Filmlar va pop-madaniyat bizga bu qanday ishlashiga doir notoʻgʻri tasavvur beradi. Bizga birdaniga kelgan gʻoya - xavfli yolgʻon. Agar biz vaziyatni oldindan koʻra bilmasak, bunday stereotip oʻzimizni notoʻgʻri tutishga majbur qiladi. Bu yaxshi gʻoyaga ega kishilarga ish boshlashga yoʻl bermaydi.

Innovatsiyalar haqida soʻzlovchi filmlarda yana nima notoʻgʻri, bilasizmi? Hech kim matematik formulalarni shisha oynaga yozmaydi, bunaqasi yoʻq.

Idealist boʻlish yaxshi, biroq odamlar sizni tushunmasligiga tayyor turing. Katta vizioner konsepsiyalar bilan ishlovchi har qanday insonni hatto haq boʻlsa-da, kun kelib ahmoqqa chiqarishlari mumkin. Murakkab muammolar kompleksi bilan ishlovchi har qanday kishini bu muammolarni umuman tushunmaslikda ayblashlari mumkin, holbuki barchasini oldindan bilishning iloji yoʻq. Tashabbus bildirayotgan har qanday kishini biror ishni haddan tashqari tez bajarayotgani uchun tanqid qilishadi, chunki doim sizning amaldagidan sekinroq harakat qilishingizni istovchi kishilar topiladi.

Jamiyatda biror katta ish qilmaymiz, chunki xatoga yoʻl qoʻyishdan qoʻrqamiz. Biroq agar hech narsa qilmasak, biz baʼzi narsalar notoʻgʻri ekanligini rad etgan boʻlamiz. Haqiqat shundaki, qilayotgan barcha ishlarimiz kelgusida qandaydir muammolarga duch keladi. Ammo bu sizni yangi ish boshlashdan toʻxtatmasligi kerak.

Nimani kutyapmiz? Bizning avlod uchun nima umumiy buyuk ish boʻla olishi borasida bir qarorga keladigan vaqt keldi. Sayyorani yoʻq qilishimizga qadar iqlim oʻzgarishini toʻxtatish va millionlab odamlarni quyosh batareyalari ishlab chiqarish va ulardan foydalanishga jalb etishga qanday qaraysiz? Barcha kasalliklarni davolash va oʻz sogʻligʻi hamda genomi haqida maʼlumot bilan boʻlishuvchi koʻngillilarni jalb qilishga-chi? Bugun biz kasal boʻlishning oldini oluvchi dori vositalarini izlashga emas, allaqachon kasallikka chalingan kishilarga 50 baravar koʻp mablagʻ sarflayapmiz. Bu bemaʼnilik. Biz bu vaziyatni tuzatishimz kerak. Demokratiyani har bir inson onlayn ovoz bera oladigan darajada modernizatsiya qilishga nima deysiz? Har bir inson taʼlim olish imkoniga ega boʻlish uchun taʼlimni personallashtirishga-chi? Bu bizning qoʻlimizda. Keling, jamiyatda har bir insonning oʻz roli boʻlishi uchun qoʻldan kelgancha harakat qilaylik.

Muhim loyihalarga kirishib, har bir inson oʻz maqsadini his qilish uchun birinchi qadamni tashlaymiz. Ikkinchi qadam — tenglikni qayta koʻrib chiqish va har bir insonga oʻz oldiga maqsad qoʻya olishi uchun erkinlik berish. Ota-onalarimizning aksariyati butun karyeralari davomida barqaror ishda ishlashgan. Bugun kompaniya ochishimiz yoki unda ishlashimizdan qatʼi nazar, barchamiz tadbirkormiz va bu ajoyib.

Biz barchamiz faqat gʻoya yaxshi boʻlgani yoki koʻp ishlaganimiz uchungina muvaffaqiyatga erishmaganimizni bilamiz. Omadimiz kelgani uchun ham muvaffaqiyatga erishganmiz. Agar men butun vaqtimni dasturlashtirishga bagʻishlash oʻrniga oilamni qoʻllab-quvvatlashim kerak boʻlganida barchasi boshqacha boʻlishi mumkin edi. Hatto Facebook inqirozga yuz tutsa ham, ishlarim joyida boʻlishiga ishonchim komil boʻlmaganida, men hozir bu yerda turmagan boʻlardim. Toʻgʻrisini aytish kerak, qanchalik omadimiz kelganini barchamiz yaxshi bilamiz.

Bizning mahsulotlarimiz ezgu maqsadlarda ishlatilishiga ishonch hosil qilishni istayman. Kunimga yakun yasayotib, kimdir meni nimadadir ayblashi haqida oʻylamayman. Facebookʻda hammasi mutlaqo toʻgʻri va yaxshi boʻlishi mumkin emas. Bu odamlar. Odamlar undan yaxshi maqsadlarda ham, yomon maqsadlarda ham foydalanadi. Biz ana shu yaxshilik yoki yomonlikning tarqalishi uchun javobgarmiz, shu bois yomonlikni kamaytirish yoʻlida imkon qadar harakat qilyapmiz.

Texnologiyalar insonlar imkoniyatlarini oshiradi. Odamlarning ijobiy va salbiy jihatlari bor. Men texnologiyalar insonlar imkoniyatlarini yaxshilashiga ishonaman. Umuman olganda, odamlar yaxshi ekaniga ishonaman, shunday ekan, texnologiyalar ijobiy taʼsirga ega boʻladi.

Qiziq bir tadqiqot bor. Unga koʻra, bir amerikalikning qiyin vaziyatda murojaat qilishi mumkin boʻlgan oʻrtacha uch yaqin doʻsti bor. Shuning uchun men kompaniya ichida jamoa tuzdim va savol berdim: “Insonning oʻrtacha yana bir doʻsti paydo boʻlishiga erisha olamizmi?” Gap shunchaki odamlar avvaldan biladigan kishilar bilan bogʻlanishga yordam berishda emas, chin maʼnoda ularning hayotida muhim oʻzgarish qilishda.

Imkon qadar tezroq oʻqib oʻrganish — kompaniyamiz strategiyasi asoslaridan biri. Bu “Okey, shu tariqa biz eng yaxshi messenjerni quramiz yoki shunday qilib biz eng yaxshi yangiliklar lentasini tuzamiz” singari har qanday aniq strategiyadan muhimroq. Odamlar bizga aytgan gaplar bilan imkon qadar tezroq oʻrganuvchi moslashuvchan kompaniya qurish lozim.

Facebookʻda muhandislarimiz, begona kompaniyalar va foydalanuvchilarga katta erkinlik taqdim etamiz. Ular oʻzlari kerak deb hisoblagan ishlarini qilishi mumkin va biz ularga ishonamiz. Mening gʻoyalarim va takliflarim hamda xodimlar va tashqi foydalanuvchilar oʻrtasida muvozanat mavjud. Oʻylashimcha, maʼlum bir darajadagi chetlashuv muhim.

Menejment sanʼati ajoyib qarorlar uchun superboshqaruvchini jalb qilishda emas, odamlarga oʻzingiz rozi boʻlmagan ishlarni ham qilishga imkon berishdadir. Zero bu ijodiy jarayonni rivojlantirishga turtki beradi, odamlar esa qandaydir yangi ishga qoʻl ura olishi mumkinligini his qilishadi. Eng qizigʻi, bu muvaffaqiyat olib kelishi mumkin, hatto siz dastlab buni qoʻllab-quvvatlamagan boʻlsangiz ham.

Har qanday inson oʻtirib, biror nima ixtiro qilishi hamda uni butun dunyo boʻylab millionlab kishilar bilan boʻlishishi mumkinligi juda zoʻr va buning uchun deyarli hech narsa kerak emas - faqat dasturiy kod va texnologiya.

Agar siz ishni 13 yil ilgari yotoqxonadan boshlagan boʻlsangiz, ijtimoiy tarmoqni yaratish toʻgʻri gʻoya boʻlgan. 10 yil avval, hoynahoy, ijtimoiy aloqalar uchun mobil ilova yaratish toʻgʻri qaror boʻlgan. Hozir oʻylashimcha, yanada maxfiy muloqot uchun jihoz yaratish ahamiyatli boʻlar edi.

Doim aytaman - faqat oʻzingiz yollangingiz kelgan odamlarni ishga yollang. Muqobil sayyorada men bunday odamlarga ishlashni oʻzim uchun sharaf deb bilgan boʻlardim. Fikrimcha, bu qandaydir tashqi mentorlarga ega boʻlishdan koʻra koʻproq ahamiyatga ega.

Tadbirkorlar qilishi kerak boʻlgan eng qiyin narsa — oʻzlariga juda yoqadigan narsani tanlash, uning ustida ishlash, lekin ishga tushgunga qadar unga toʻliq “shoʻngʻimaslik”.

Har bir yangi texnologiya borasida xavotirlanish odamlarga xos. Tanqidchilar biz bir-birimiz bilan gaplashish oʻrniga shu texnologiyaga koʻp vaqt ketkazayotganimizdan tashvishlanishadi. Bu bizni yolgʻizlantiradi. Biroq odamlar oʻz xususiyatlariga koʻra ijtimoiy. Aslida agar texnologiya bizga bir-birimizni yaxshiroq tushunishga yordam bermasa, u yaxshi ish bermaydi va muvaffaiyatga erishmaydi. Ilk kitoblarni misol qilish mumkin. Ishonch bilan aytishim mumkinki, oʻsha davrda ham odamlar “Bir-birimiz bilan gaplashish mumkin boʻlgan bir vaqtda kitoblarning bizga nima keragi bor?” deyishgan. Boshqa bir insonning tajribasiga chuqur shoʻngʻish uchun oʻqish kerak, shundaymi? Gazetalar, telefonlar yoki televizorlar bilan ham xuddi shunday. Tez orada virtual reallik (barchani birlashtiruvchi) shu texnologiyaga aylanadi.

Bizning kelajagimiz - bu bilimlar iqtisodi. Agar biz barchani tarmoqqa ulasak, ham ularning, ham oʻzimizning hayotimizni yaxshilaymiz, zero biz ularning gʻoyalari va samaradorligidan yutamiz. Barchaga ulanish imkonini berish — bu bilimlar iqtisodi poydevori. Bu shunchaki qilinishi maqsadga muvofiq boʻlgan ish emas - bu fundamental va zarur qadam.

Manba: Xabardor.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Men uchun Facebook doim odamlarni anglatgan”: Mark Sukerbergning biznes qoidalari