16:35 / 04.03.2019
6 360

Otang koʻchada oʻtinchi boʻlsa ham, uyda esa sultondir...

Otang koʻchada oʻtinchi boʻlsa ham, uyda esa sultondir...
Qadimda bir oʻtinchi togʻlardan oʻtin terib kelib, shaharda sotib, farzandlariga haloldan yedirardi. Biroz katta boʻlib qolgan oʻgʻillar esa oʻtinchining farzandi ekanligidan or qilishardi. “Otamiz oʻtinchi”, deb birovga aytolmasdi. Oshna-ogʻaynilari davrasida ulardan otalari nima ish qilishini soʻrashsa, aytgani uyalar, koʻpincha yolgʻon javob bilan vaziyatdan chiqishardi. Oʻtin koʻtarib ketayotgan otasini shahar koʻchalarida koʻrib qolishsa, borib yordam berish oʻrniga oʻzlarini olib qochib: “Bizni oʻtinchining oʻgʻli deb oʻylashadi”, degan oʻydan iztirob chekishardi.

Ammo oʻtinchining xotini oqila, itoatgoʻy ayol edi. U doimo eri uyga qaytishini sabrsizlik bilan kutar, charchab qaytgan erini shirin soʻz, ochiq chehra bilan kutib olar, tezda qoʻliga suv quyib, sochiq tutardi. Erining oʻtinchilik asboblarini ham joy-joyiga yuvib, tozalab qoʻyib qoʻyardi. Darhol dasturxonga choy-non qoʻyar, eri bir-ikki piyola choy hoʻplaguncha ovqat ham suzib kelardi. Yana erining topib kelgan tanga chaqalarini bir hamyon tilla olgandek sevinib qabul etar va: “Bugun doimgidan ham koʻp pul topib kelibsiz”, derdi. Baʼzida eri “Bugun kamroq boʻldida” deganida ham, “Xafa boʻlmang, barakasini bersin. Bugun kamroq topgan boʻlsangiz, Alloh bugunga yetgulik rizq beribdi”, deb koʻnglini koʻtarardi.

Bir kuni toʻngʻich farzandi onasidan soʻradi:
– Onajon, otam oddiy bir oʻtinchi boʻlsa ham uyga kelganida buncha girdikapalak boʻlasiz?
– Rost, otamizni koʻrishingiz bilan oʻzingizni qoʻyarga joy topolmay qolasiz-a? dedi oʻrtancha oʻgʻil.
– Hatto otamizning oyoqlarini oʻzingiz yuvib qoʻyishingizni tushunmaymiz" dedi kenjasi.
– “Biz esa otamiz oʻtinchiligidan uyalamiz!” deyishdi ular bir ovozdan.

– Eh, gʻoʻr bolalarim-a,- dedi ona mahzun jilmayib. – Otalaring koʻchada oʻtinchi, uyda esa sultondir. Bunday gapni bir marta aytdilaring, boshqa eshitmayin. Aslo eslaringdan chiqmasin, maboda otangni koʻnglini ogʻritib qoʻysalaring, oxiratlaring kuyib ketadi-ku, bolalarim...

Qissadan hissa shuki, oilada muvozanatni ushlab turuvchi, otaga otalikni, bolaga farzandlikni oʻrgatuvchi – ona. Ona jufti halolini hurmat qilib, itoatda boʻlsa, uning mavqeini baland tutsa, farzandlar ham otasini qadrlaydi, itoatli boʻlib, hurmatini saqlaydi. Aksincha,.. (Alloh asrasin!)

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Otang koʻchada oʻtinchi boʻlsa ham, uyda esa sultondir...