O‘t qopi yaxshi ishlamasa organizmda nima bo‘ladi: belgilar va nimalarga e’tibor berish kerak?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- O‘t qopi jigardan ajralgan o‘t suyuqligini saqlab, yog‘larni hazm qilishda muhim rol o‘ynaydi.
- O‘t qopida muammo bo‘lganda qorinning yuqori o‘ng qismida og‘riq, ko‘ngil aynishi va qusish kabi belgilar kuzatilishi mumkin, ammo ba’zan kasallik hech qanday alomat bermasligi ham mumkin.
- O‘t toshlari o‘t yo‘lini to‘sib qo‘ysa, yallig‘lanish va jiddiy asoratlar rivojlanishi mumkin, shuning uchun uy sharoitida davolash haqidagi qarashlar noto‘g‘ridir.
Ko‘pchilik o‘t qopini organizmdagi «ikkinchi darajali» a’zo deb o‘ylaydi. Aslida esa u hazm jarayonida muhim vazifani bajaradi: jigar ishlab chiqaradigan o‘t suyuqligini saqlaydi va ovqatlanish paytida uni ichakka chiqarib, ayniqsa yog‘larni hazm qilish jarayoniga yordam beradi.
O‘t qopida muammo paydo bo‘lganda esa odamda qorinning yuqori o‘ng qismida og‘riq, ko‘ngil aynishi, qusish kabi belgilar paydo bo‘lishi mumkin. Ayrim holatlarda esa kasallik uzoq vaqt hech qanday belgi bermasligi ham mumkin.
Eng muhimi, o‘t qopidagi har qanday muammoni uy sharoitida davolab bo‘ladi, degan qarash to‘g‘ri emas. Ayniqsa, o‘t toshlari o‘t yo‘llarini to‘sib qo‘ysa, jiddiy asoratlar rivojlanishi mumkin.
O‘t qopi aslida nima ish qiladi?
O‘t qopi jigar ostida joylashgan, noksimon shakldagi kichik a’zodir.
Jigar doimiy ravishda o‘t suyuqligini ishlab chiqaradi. O‘t qopi esa shu suyuqlikni vaqtincha saqlab turadi. Ovqat, ayniqsa yog‘li taom iste’mol qilinganda, organizm hazm jarayonini ta’minlash uchun o‘t suyuqligini o‘n ikki barmoqli ichakka chiqaradi.
O‘t tarkibida xolesterin, o‘t tuzlari va bilirubin kabi moddalar mavjud. U o‘t yo‘llari orqali ichakka yetib boradi va hazm jarayonida ishtirok etadi.
Shuning uchun o‘t qopining vazifasini oddiy qilib aytganda, o‘tni saqlash, to‘plash va kerak paytda ichakka chiqarish deb tushunish mumkin.
O‘t qopi yaxshi ishlamasa qanday belgilar paydo bo‘ladi?
O‘t qopidagi muammolar har doim bir xil ko‘rinishda namoyon bo‘lmaydi.
O‘t toshlari o‘t yo‘lini to‘sganda eng xarakterli belgilardan biri qorinning yuqori o‘ng qismida og‘riq paydo bo‘lishidir. Bunday og‘riq ba’zan bir necha soat davom etishi va ko‘pincha og‘ir ovqatdan keyin paydo bo‘lishi mumkin.
Quyidagi belgilar ham uchrashi mumkin:
qorinning yuqori o‘ng qismida og‘riq;
ko‘ngil aynishi;
qusish;
ovqatdan keyin noqulaylik;
ayrim holatlarda isitma;
teri va ko‘z oqining sarg‘ayishi.
Lekin bu belgilarning o‘zi «albatta o‘t qopi kasallangan» degani emas. Masalan, qorin og‘rig‘i oshqozon-ichak kasalliklari, pankreatit yoki boshqa holatlar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun aniq tashxis uchun tibbiy ko‘rik va tekshiruv zarur.
O‘t toshlari qanday paydo bo‘ladi?
O‘t qopi bilan bog‘liq eng ko‘p uchraydigan muammolardan biri — o‘t toshlari.
Ular o‘t tarkibidagi ayrim moddalar muvozanati o‘zgarganda hosil bo‘lishi mumkin. Masalan, o‘t tarkibida xolesterin yoki bilirubin miqdori ortishi, yoki o‘t tuzlari yetarli bo‘lmasligi toshlar shakllanishiga olib kelishi mumkin. O‘t qopi to‘liq yoki yetarlicha tez-tez bo‘shamasa ham tosh hosil bo‘lish xavfi ortishi mumkin.
Qizig‘i shundaki, ko‘p odamlarda o‘t toshlari bo‘lsa ham hech qanday belgi bo‘lmaydi. Bunday toshlar «jim» toshlar deb ataladi va simptom keltirib chiqarmasa, ko‘pincha maxsus davolash talab etilmaydi.
O‘t qopidagi kasalliklar qanday asoratlarga olib kelishi mumkin?
Muammo tosh bilan cheklanib qolmasligi mumkin.
Agar tosh o‘t yo‘lini to‘sib qo‘ysa, o‘t qopida yallig‘lanish paydo bo‘lishi mumkin. O‘t yo‘llarining to‘silishi infeksiya, jigar yoki oshqozon osti bezi bilan bog‘liq asoratlarga ham olib kelishi mumkin.
Xususan, o‘t toshi oshqozon osti bezi yo‘lini to‘sib qo‘ysa, o‘t toshlariga bog‘liq pankreatit rivojlanishi mumkin.
Shu sababli «og‘riq o‘tib ketsa, demak kasallik ham yo‘qoldi» deb o‘ylash to‘g‘ri emas. O‘t yo‘lidagi to‘silish vaqtincha bartaraf bo‘lib, keyin yana takrorlanishi mumkin.
Bo‘g‘imlar qirsillashi ham o‘t qopidan bo‘ladimi?
Bu yerda keng tarqalgan bir fikrni aniqlashtirish kerak.
Bo‘g‘imlarning qirsillashi o‘t qopi kasalligining xos belgisi hisoblanmaydi.
Bo‘g‘imda tovush paydo bo‘lishi turli sabablarga ega bo‘lishi mumkin va uni faqat o‘t qopi bilan bog‘lash tibbiy jihatdan to‘g‘ri emas.
Shuningdek, boshqa ko‘plab umumiy belgilarni ham avtomatik ravishda «o‘t qopi yaxshi ishlamayapti» deb baholash mumkin emas.
Agar odamda bir vaqtning o‘zida qorin og‘rig‘i, hazm bilan bog‘liq muammolar va bo‘g‘imlardagi o‘zgarishlar kuzatilsa, har bir belgining sababini alohida aniqlash kerak.
O‘t qopini uy sharoitida qanday asrash mumkin?
Uy sharoitida o‘t qopidagi toshni eritish yoki kasallikni mustaqil davolash emas, balki sog‘lom ovqatlanish va xavf omillarini kamaytirish haqida gapirish mumkin.
Mutaxassislar o‘t toshlari xavfini kamaytirish uchun tolaga boy mahsulotlar — sabzavot, meva, dukkaklilar va butun donli mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilishni tavsiya etadi.
Shu bilan birga, rafinadlangan uglevodlar va qo‘shimcha shakarni ortiqcha iste’mol qilmaslik, sog‘lom yog‘larga ustuvorlik berish va nosog‘lom yog‘lar, jumladan ko‘p qovurilgan taomlarni cheklash tavsiya qilinadi.
Qattiq parhez qilish ham zararli bo‘lishi mumkin
Ozib ketish uchun juda keskin parhezga o‘tish yoki qisqa vaqt ichida katta miqdorda vazn yo‘qotish ham o‘t toshlari xavfini oshirishi mumkin.
Shuning uchun «bir necha kunda tez ozish»ga qaratilgan keskin diyetalardan saqlanish muhim. NIDDK ma’lumotlariga ko‘ra, vaznni sekinroq va barqaror tarzda kamaytirish o‘t toshlari xavfini pasaytirishga yordam berishi mumkin.
Limon, zaytun moyi yoki «o‘t qopini tozalash» usullari-chi?
Internetda o‘t qopini «tozalash», toshlarni uy sharoitida chiqarib yuborish yoki eritishga qaratilgan turli retseptlar uchraydi.
Bunday usullarni o‘t toshlarining tibbiy davosi sifatida qabul qilish mumkin emas.
Agar o‘t toshi simptom bersa, uning joylashuvi va asoratlarini aniqlash uchun tibbiy tekshiruv talab etiladi. O‘t toshlarini aniqlashda ultratovush tekshiruvi asosiy usullardan biri hisoblanadi; zaruratga qarab qon tahlillari va boshqa tekshiruvlar ham o‘tkaziladi.
Uyda nima qilish mumkin?
Agar insonda avvaldan o‘t qopi kasalligi aniqlangan bo‘lsa, kundalik hayotda quyidagi umumiy choralar foydali bo‘lishi mumkin:
1. Ovqatlanishni tartibga solish.
Juda yog‘li va qovurilgan taomlar simptomlarni kuchaytirsa, ularni cheklash kerak.
2. Tolali mahsulotlarni ko‘paytirish.
Sabzavot, meva, dukkaklilar va butun donli mahsulotlar sog‘lom ovqatlanishning bir qismi bo‘lishi mumkin.
3. Keskin parhezlardan saqlanish.
Juda tez ozish o‘t toshlari xavfini oshirishi mumkin.
4. Muntazam harakat qilish.
Jismoniy faollik umumiy salomatlik va sog‘lom vaznni saqlashga yordam beradi.
5. O‘zboshimchalik bilan dori qabul qilmaslik.
O‘t toshlarini eritish uchun qo‘llanadigan dorilar ayrim maxsus holatlarda shifokor tomonidan buyuriladi va hamma toshlarga birdek ta’sir qilmaydi.
Qachon zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak?
Qorindagi og‘riq kuchli bo‘lsa yoki bir necha soat davom etsa, uni uy sharoitida kutib o‘tirish kerak emas.
Ayniqsa quyidagi belgilar xavfli bo‘lishi mumkin:
kuchli yoki uzoq davom etuvchi qorin og‘rig‘i;
qayta-qayta qusish;
isitma yoki titroq;
teri yoki ko‘z oqining sarg‘ayishi;
qorin og‘rig‘ining orqa tomonga tarqalishi.
Bunday belgilar o‘t yo‘llari, o‘t qopi yoki oshqozon osti bezida jiddiy muammo borligidan darak berishi mumkin.
O‘t qopi olib tashlansa, odam yashay oladimi?
Ha. O‘t qopi organizm uchun muhim vazifa bajarsa-da, hayot uchun mutlaqo zarur a’zo emas.
Zarur holatlarda shifokorlar xoletsistektomiya — o‘t qopini olib tashlash operatsiyasini qo‘llaydi. Operatsiyadan keyin jigar o‘t ishlab chiqarishda davom etadi, faqat o‘t endi o‘t qopida saqlanmasdan, jigardan ichakka to‘g‘ridan to‘g‘ri oqib boradi.
Shuning uchun «o‘t qopi olib tashlansa, odam normal hayot kechira olmaydi» degan qarash ham to‘g‘ri emas.
Eng muhimi — o‘t qopi bilan bog‘liq belgilarni e’tiborsiz qoldirmaslik
O‘t qopi kichik a’zo bo‘lishiga qaramay, hazm jarayonida muhim vazifani bajaradi. Unda toshlar paydo bo‘lishi mumkin, ammo toshlarning o‘zi har doim kasallik belgilariga sabab bo‘lavermaydi.
Muammo tosh o‘t yo‘llarini to‘sganda boshlanishi mumkin. Bunday vaziyatda og‘riq, ko‘ngil aynishi, qusish, isitma yoki sarg‘ayish kabi belgilar paydo bo‘lishi ehtimoli bor. Ayrim holatlarda esa jiddiy asoratlar rivojlanadi.
Shuning uchun o‘t qopini «uyda tozalash»dan ko‘ra, to‘g‘ri ovqatlanish, keskin parhezlardan saqlanish, sog‘lom vaznni saqlash va shubhali belgilar paydo bo‘lganda shifokorga murojaat qilish ancha xavfsiz yondashuv hisoblanadi.
Ayniqsa, qorinning yuqori o‘ng qismida kuchli og‘riq, isitma, qusish yoki sarg‘ayish paydo bo‘lsa, uy sharoitida davolanishga urinmasdan tibbiy yordamga murojaat qilish kerak.































Izohlar 0
…