13:32 / 22.03.2020
9 828

Ollohning qahri va sinovi

Ollohning qahri va sinovi
Olloh yerdagi hayotni bir zumda to‘xtatib qo‘ydi. Yerda hayot to‘xtagan. Faqat Ona zamin harakatda va quyosh o‘z nurini sochmoqda, xolos. Millati, dini va irqidan qat’iy nazar barcha sarosimada va xavotirda. Nega?! Nega shunday bo‘ldi? Nega Olloh bizga ikkala ko‘z ko‘r va g‘orda yashaydigan ko‘rshapalak orqali ko‘zi ochiqlarga ko‘rinmas zarrani yubordi. Ushbu ko‘zga ko‘rinmas zarra ko‘zlari ko‘r ongsiz hashorat orqali ko‘zi ochiq ongli jonzotlarga yuborildi.

Bu albatta qiziq! Bunda ne ma’no bor?! Nima uchun Olloh virusni insonlar orasida tarqatish uchun ko‘rshapalakni tanladi?! Nima uchun o‘z inida qamalib o‘tiradigan, yorug‘likni yomon ko‘radigan va tashqariga uchib chiqsa ham yana qaytib o‘z iniga, ya’ni yoqimsiz qorong‘i joyga kirib ketadigan ko‘rshapalak orqali yubordi? Nima uchun faqat o‘zidan boshqa jonzotni bilmaydigan, yorug‘likdan qochadigan va qorong‘i g‘orni afzal ko‘radigan ko‘rshapalakni tanladi? Nega boshqa hayvonni tanlamadi! Bunda bir majoziy ma’no yo‘qmikan?!

Zarifboy Ibodullayev
Albatta bor! Ollohning virusni ko‘rshapalak orqali tarqatishida katta ma’no bor! Oqibati nima bo‘ldi? Oqibatda ko‘zi ochiq ongli jonzotlar ikkala ko‘zi ko‘r ongsiz jonzot, ya’ni ko‘rshapalak kabi o‘z inlariga kirib ketdi. Olloh insonlarni ham xuddi ko‘rshapalak kabi boshqalar bilan muloqot qila olmaydigan qilib qo‘ydi. Ko‘chaga chiqarmay qo‘ydi. Qon-qarindoshlar bilan uchramaydigan qilib qo‘ydi. Farzandlarini suyib bag‘riga bosmaydigan, yuz-qo‘lidan o‘pmaydigan va erkalamaydigan qilib qo‘ydi. Noz-ne’matlardan bebahra qilib qo‘ydi.

Nega shunday bo‘ldi? Men bu savolga birin-ketin javob berishga harakat qilaman. Birinchi zarba Islom dinini tahqirlayotgan Xitoyga bo‘ldi. So‘ngra Islom dini o‘chog‘i bo‘lmish Eronga tarqadi. Keyin Turkiya, G‘arb davlatlari, Rossiya va nihoyat bizga ham yetib keldi. Buning asl sababi uyg‘ur xalqining og‘u-nidolari va alifbo beshigi bo‘lgan Suriyaga tashlanayotgan bombalar, o‘z uyidan qochib nasroniylar yurtiga yeta olmasdan dengizlarga cho‘kib ketayotgan begunoh onalar va bolalar nidosi emasmi?! Ollohning qahri shundan emasmikan?! Musulmon bo‘la turib musulmonni qonini to‘kayotgan Turkiyaga ham ogohlantirish emasmi bu?

Ey G‘arbliklar! Nega o‘z uying bo‘la turib birovning uyiga ko‘z olaytirding?! Nega o‘z farzandlaring rohat-farog‘atda yashayapdi-yu, boshqalar farzandini shunday yashashga yo‘l qo‘ymading?! Nega chaqaloqlar va onalar ustiga bombalar yog‘dirding?! Nega o‘z haqiqatlaringni urush bilan oqlading?! Nega buzuq hayot tarzingni musulmon dunyosiga zo‘rlab tiqishtirmoqchi bo‘lding?! Endi o‘z uyingdan ham chiqa olmay o‘tiribsanku? O‘zga yurtlar u yoqda tursin, o‘z yurtingning o‘zga shahriga ham borolmayapsanku! Eshigingdan bir qadam ham nariga chiqa olmayapsanku! Shunday bo‘ladi, deb hech o‘ylab ko‘rganmiding?! Albatta yo‘q? Chunki sening aqling faqat qirg‘in keltiruvchi qurollarga yetgan. Boshqa millatlarni non-tuzdan judo qilib, enda o‘zing ham non-tuzga chiqa olmay ko‘rshapalakday uyda qamalib o‘tiribsan-mi?

Nega sanga tegmayotganga tegding?! Nega o‘z yashash tarzingni 1000 yillar ilgari sani savodli qilgan turkiylar va forsiylar dunyosiga tiqishtirishga harakat qilding? Men o‘tkan zamon bilan gapirayapman. O‘ylaymanki, kelajakda bu xatoni takrorlamaysan. Boshqa xalqlarni qiradigan qurollar uchun milliardlar sarflading, endi “corona” xalqingni qirmasligi uchun trillion sarflayapsan. Olloh seni Oddiy virus oldida tiz cho‘kdirdi.

Nega ilm-fan o‘chog‘i bo‘lgan Iroq va Suriyani xonavayron qilding?! Endi Eronga ko‘z olaytirayapsan. Axir ular ulug‘ mutafakkirlarni dunyoga keltirgan yurtlarku! Ne-ne olimu-fuzalolarni dunyoga keltirgan Suriya xalqining tarixini yo‘q qilding?! Nega! Sening bombalaringdan majruh bo‘layotganlar qarg‘ishi, qirilib qabr ko‘rmayotgan yosh bolalar va chaqalog‘ini bag‘riga bosib yo‘llarda o‘lib yotgan va qochaman deb dengizlarga cho‘kib baliqlarga yem bo‘layotgan ona-bolalarning chinqiragan ruhlari shu baloni boshingga yog‘dirdi!

Yorug‘lik tezligidan bir necha barobar tez uchadigan qurollarni yaratayotgan miyangni bir ishga solib ko‘r! Nega Olloh yuborgan virus koronavirus deb nomlanadi?! Menimcha “sorona” – bu qirollarga qiron keltiruvchi virus degani. Bir o‘ylab ko‘rchi? Ey Qirol! Bu senga va din-diyonatni unutgan sening xalqingga qirg‘in keltiradigan virus degan ma’noni anglatmaydimi?

E’tibor qil! Koronavirus 10 yoshgacha bo‘lmaganlarni qoniga tushsa-da, ularga ziyon qilmaydi! Chunki ular begunoh! 60 yoshdan oshgan qarilarga esa qiron keltiryapti. Demak, ular gunohkor! Nega shunday desa, “Ha, bolaning immuniteti yuqori, qariyalarda esa past” deb javob berayapmiz.

Balkim unday emasdir! Qarisakda immunitet emas, balki din-diyonatimiz pastligidadir, 60 yoshdan oshsak-da, Ollohni tanimasligimizdadir asosiy sabab. Koronavirus qiron keltirayotgan qirollarning aksariyati 60 dan oshgan shaxslar. Bunda katta mantiq bor! O‘rta yoshdagilarning yarmi tuzalib ketayapti, yarmi esa – yo‘q! Demak, unisini ham bunisini ham Olloh sinayapti.

O‘zbekistonchi?! Uylaymanki, bizning xalqimiz bundan o‘ziga yarasha xulosa chiqarib oladi va el boshiga tushgan ushbu sinovdan albatta chiqadi! Hayotimiz yana o‘z izmiga tushadi. Ushbu sinovdan biz nafaqat sog‘lom turmush tarziga rioya qilishni o‘rganishimiz, balkim tarbiya borasida ham ko‘p xulosalar chiqarib olishimiz kerak. Qaytayotgan mehr-oqibatni qayta tiklaylik! Mehr-oqibatli bo‘laylik! Ota-onalarni hurmat qilishni, farzandlarimizga to‘g‘ri tarbiya berishni esdan chiqarmaylik! Har qanday baloni yenguvchi kuch – bu ilm-ma’rifat ekanligini har doim esda tutaylik!

Hammaga sog‘liq tilab, professor Zarifboy Ibodullayev
22 mart 2020 yil

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ollohning qahri va sinovi