17:00 / 15.11.2020
3 939

Habib Nurmagomedovning hayot yo‘li: Bolaligi, UFC, yashash tarzi, mashinalari va shaxsiy hayoti

Habib Nurmagomedovning hayot yo‘li: Bolaligi, UFC, yashash tarzi, mashinalari va shaxsiy hayoti
Habib Nurmagomedov 2020 yilning 24 oktabrida UFC 254 musobaqasida oktagondagi oxirgi jangini o‘tkazdi. Ushbu musobaqadagi jang orqali Habib ketma-ket uchinchi bor chempionlik kamarini himoya qildi. Bu safar unga Jastin Getji raqiblik qildi. Nurmagomedov Getjini bug‘ish usuli bilan muddatidan oldin mag‘lub etdi. Bu dog‘istonlik jangchining 29-g‘alabasi bo‘ldi va u UFC’ning vazn toifasidan qat’i nazar umumiy reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Xo‘sh, Habib bu uzoq va mashaqqatli yo‘lni qanday bosib o‘tgan, hozir qanday hayot kechiradi? Quyida shular haqida batafsil hikoya qilamiz.

Bolaligi va faoliyatining boshlanishi

Abdulmanap Nurmagomedov va Habib Nurmagomedov
Foto: «Sports.ru»

Habib Abdulmanapovich Nurmagomedov 1988 yilda Dog‘istonning tog‘li Sildi qishlog‘ida dunyoga kelgan. E’tiborli tomoni shundaki, Habib o‘zining ilk qadamlarini aynan kurash tatamisida qo‘yadi. Uning otasi Abdulmanap Nurmagomedov Rossiyada xizmat ko‘rsatgan murabbiy va erkin kurash bo‘yicha sport ustasi hisoblanardi. Abdulmanap doimo o‘g‘lini o‘zi bilan mashg‘ulotlarga olib borardi, shu tariqa Habib 5 yoshida ilk marta o‘zini sport kurashlarida sinab ko‘rdi.

9 yoshga to‘lganida esa u allaqachon haqiqiy mashg‘ulotlarga kirishib bo‘lgandi. «Burgut»ning (Habib) o‘zi ham butun bolaligi kurash zallarida o‘tganini bir necha bor ta’kidlagan. Otasi Abdulmanap barcha shogirdlari qatori o‘z o‘g‘lidan ham qat’iy intizomni talab qilardi. Shu bilan birga u ta’lim olishni ham tashlab qo‘ymasdi, buni ham shaxsan otasi nazorat qilardi.

2001 yilda Habib otasi va aka-ukalari bilan Dog‘iston poytaxti Maxachqal’aga ko‘chib o‘tadi. Kichik Nurmagomedov aralash jang san’atlariga kirishish uchun jangovar samboni intensiv ravishda o‘rganishni boshladi. Bu yo‘lda esa unga otasi har tomonlama tayanch bo‘ldi.

Professionallarga o‘tish va UFC’dagi janglar

Foto: Google Photos
19 yoshida Habib sportni tark etish va qo‘riqchi bo‘lib ishlash haqida o‘ylay boshlaydi, biroq otasi bunga qarshi chiqib, shunday deydi: «Agar sen biron bir joyda ishlasang, demak sen sportchi emassan. Senga kerak bo‘lgan hamma narsani o‘zim beraman, sen esa mashq qilasan. Senga faqat kiyim-kechak va yo‘lkira uchun pul kerak, yegulik esa uyimizda ham bor».

Nurmagomedov otasiga quloq tutdi va bundan-da kuchliroq mashq qila boshladi. Habib 2012 yilda UFC’dagi birinchi jangini o‘tkazib, unda Kamal Shalorusni mag‘lub etdi. Shu tariqa 23 yoshli jangchi bosqichma-bosqich yengil vazn toifasida cho‘qqiga ko‘tarila boshladi. 2017 yilning oxirida Habib da’vogarlik jangida Edson Barbosani mag‘lub etdi. Shundan so‘ng u yengil vaznda chempion yo‘qligidan foydalangan holda El Yakvinta bilan chempionlik jangini o‘tkazdi va ochkolar bo‘yicha g‘alaba qozondi.

Foto: Google Photos
Jang uslubi va tayyorgarlik jarayonlari
Janglarda Habib tajovuzkor, u doimo raqiblariga hujum qiladi. Tezkor zarbalar bilan masofani yo‘q qiladi va bir harakat bilan o‘z uslubini qo‘llaydi. Nurmagomedov juda yaxshi kurashadi, u istalgan raqibini oktagonga yiqitishi mumkin. U istalgan raqibni «parter»da o‘z nazoratida ushlab tura oladi. Shuningdek, u raqiblarini zarbalar yomg‘iri bilan «siylash»ni ham unutmaydi.

Habib bo‘sh vaqtlarini ham mashg‘ulotlarga bag‘ishlaydi. Odatiy kunlarda u kuniga ikki martadan, janglarga tayyorgarlik jarayonida esa uch marotabadan mashg‘ulot o‘tkazadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kim ko‘p mashq qilgan bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Habib o‘zini sportga bag‘ishlagan, buni uning Instagram’ga joylab boradigan suratlaridan ham bilib olish mumkin.

Foto: Instagram
Hayot tarzi
Habib dindor inson bo‘lib, o‘ziga ortiqcha narsalarni ravo ko‘rmaydi va doimiy ravishda xayriya ishlari bilan shug‘ullanadi. Habibning pullari evaziga Nigeriyada bir qancha maktablar qurilgani bunga misol bo‘la oladi.

Avvallari «Burgut» janglardan oladigan gonorar evaziga kuch kechirardi, ba’zida hatto qarzdor ham bo‘lib qolardi, ya’ni jangdan janggacha yashardi. Ammo Konor Makgregor bilan jangdan so‘ng Habib o‘zining birinchi million dollarini ishlab oldi. Bundan tashqari, u aynan mazkur jangdan so‘n ko‘plab badavlat homiy va hamkorlarga ega bo‘ldi. Hozir Habib Reebok va Toyota kompaniyalarining rasmiy vakili hisoblanadi, shuningdek, unga Gorilla energetik ichimliklarini reklama qilish ham mo‘maygina daromad keltiradi. Habibning MMA’dagi butun faoliyati davomida ishlab topgan puli 30 million dollarga yaqin.

Mashinalari

Foto: Google Photos
Habibning birinchi avtomobili Lada Priora bo‘lgan. Biroq chempion mazkur mashinani tezda sotib yuborgan.

Foto: Google Photos
Uning keyingi avtomobili Mercedes S300 bo‘lib, mahalliy aholi orasida uning obro‘yi ancha baland, boisi 90 yillarda anchayin jiddiy odamlar mazkur avtomobildan foydalangan.

Aftidan unga nemis brendi yoqib qolgan ko‘rinadi, uning navbatdagi «toychog‘i» Mercedes AMG GT S bo‘ldi.

Foto: Google Photos
Aytishlaricha, unga ushbu mashina mahalliy tadbirkorlar biri tomonidan sovg‘a qilingan.

Foto: Google Photos
Habibning navbatdagi inomarkalaridan biri BMW 6 Serie sanaladi.

Foto: Google Photos
Shuningdek, Habibning uyida (Dog‘istonda) Toyota Land Cruiser 200 ham bor. Umuman olganda, Habib o‘ta qimmat xaridlarni amalga oshirishni unchalik ham xushlamaydi.

Shaxsiy hayoti

Foto: Google Photos
Habib o‘zining shaxsiy hayotini ommaga oshkor qilmaslikka harakat qiladi, shuning uchun ham shu paytgacha uning rafiqasi yuzini faqat yaqin do‘stlari va qarindoshlari ko‘rgan, xolos.

Habibning aytishicha, rafiqasi ko‘p vaqtini uyda o‘tkazadi, chalg‘imaslik uchun esa u mashg‘ulot yig‘inlari va musobaqalarga oilasini olib bormaydi. Juftlik 2015 yilda qiz, 2017 va 2019 yillarda esa ikki bor o‘g‘il farzandli bo‘lgan.

Foto: Instagram/@khabib_nurmagomedov
Habib 2020 yilning 3 iyulida og‘ir judolikka uchradi, uning har bir g‘alabasiga o‘zidan-da ko‘proq hissa qo‘shgan, doimo yonida turgan otasi Abdulmanap Nurmagomedov koronavirus asoratlari oqibatida bu hayotdan ko‘z yumdi. Shundan so‘ng Habib qanchalik og‘ir bo‘lmasin, hayotida ilk bor otasisiz oktagonga ko‘tarilishga majbur bo‘ldi, g‘alabasidan so‘ng esa ko‘z yoshlarini tiyolmadi va ho‘ngrab yig‘lab yubordi. U otasini xotirlar ekan, shunday so‘zlarni yozadi: «Sizni sog‘inaman, siz men uchun bir vaqtning o‘zida ham ota, do‘st, aka va murabbiy edingiz. Menga deyarli hamma narsani o‘rgatdingiz, umid qilamanki, mendan rozisiz.

Zero, ota-onaning roziligi, bu — Yaratganning roziligidir
».

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Habib Nurmagomedovning hayot yo‘li: Bolaligi, UFC, yashash tarzi, mashinalari va shaxsiy hayoti