17:01 / 31.05.2021
1 360

Yozda ko‘zlar duch keladigan 6 ta xatar

Yozda ko‘zlar duch keladigan 6 ta xatar

Foto: «Liza»
Ko‘z yosh, jins va qaysi yil fasli ekanidan qat’i nazar ehtiyot qilish va saqlash kerak bo‘lgan a’zo hisoblanadi. Shunga qaramay, yoz mavsumida ko‘zlarni himoya qilish har qachongidan ham muhimroq bo‘ladi. Nimalar ko‘z bilan bog‘liq muammoni keltirib chiqarishi va nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

Quyosh nuri
Quyoshning ultrabinafsha nurlari ko‘zning ichidagi parda va ko‘z gavhariga zarar yetkazishi mumkin. Aynan shu sabab ham ko‘z pardasining markaziy qismida distrofik o‘zgarishlar yuz berishi hamda katarakta paydo bo‘lish xavfi yuqori bo‘ladi. Ultrabinafsha nurlaridan ko‘zlarni himoya qilish uchun quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklar taqish kerak. Sifatli ko‘zoynak nafaqat yorug‘likdan, balki ultrabinafsha nurlarining ko‘zga ta’sir qilishidan ham saqlaydi. Hamma ko‘zoynak ham bunday xususiyatga ega emasligini esda tutib, sifatli filtri bor modellarga e’tibor qaratish tavsiya qilinadi. Oddiy, to‘q ko‘zoynakning maxsus qoplamasi bo‘lmasa, qorachiqlar kengayib, ko‘proq ultrabinafsha nurlari kiradi.

O‘simlik changlari
Bahor—yoz mavsumida turli o‘simlik changlari nafaqat teri, balki ko‘zga ham ta’sir qiladi. Aynan mazkur vaqt oralig‘ida ko‘pchilik allergik reaksiyalar — ko‘zlarning shishi, qizarish va qichishdan shikoyat qiladi. Bunday vaqtda ko‘chadan qaytgandan keyin yuzni iliq suv bilan yuvish, shifokor ko‘rsatmasiga binoan antigistamin vositalar hamda allergiyaga qarshi tomchi dorilardan foydalanish tavsiya qilinadi.

Issiq harorat, shamol va chang
Yozdagi jazirama, shamol, chang va konditsionerdan foydalanish sabab quruq ko‘z sindromi bezovta qilishi mumkin. Bunday vaqtda namlantiradigan tomchi dorini yonida olib yurish hamda o‘zboshimchalik bilan davolanmasdan, darhol shifokorga murojaat qilish kerak bo‘ladi.

Cho‘milish
Taqiqlangan suv havzalaridagi virus, zamburug‘li infeksiya va bakterial flora ham kon’yunktivit, keratit va blefarit singari ko‘z bilan bog‘liq muammolarga olib keladi.

Sifatsiz kosmetika
Sifatsiz, arzon kosmetik vositalardan foydalanish ham ko‘z salomatligiga ta’sir qilmay qolmaydi. Issiq haroratda bakteriyalar juda ham tez ko‘payadi. Shu sabab ham tush, ten va podvodka qoldiqlari ko‘zga kirib, yallig‘lanish, qichish va allergik reaksiyalar keltirib chiqaradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Hayot tarzi » Yozda ko‘zlar duch keladigan 6 ta xatar