Foto: LiveInternet
Har bir inson hayoti davomida turli sinovlarga, qiyinchiliklarga duch keladi. Ba’zan shunday lahzalar bo‘ladiki, odam qanday yo‘l tutishni bilmaydi, o‘zgalar maslahatiga muhtojlik sezadi. «Daryo» turli hayot sinovlari, tanlovlari oldida turgan ayol-qizlar uchun «Qizlarga maktub» loyihasini boshladi. Loyiha doirasida turmush zarbalariga, sinovlariga yengilmay, o‘z ustida ishlashdan to‘xtmagan, hayotda o‘z o‘rnini topgan ayollarning maktublari chop etiladi.
«Qizlarga maktub» loyihasining birinchi qahramoni — bir farzandi bilan turmushidan ajralgan va hozirda Yevropada tahsil olayotgan yolg‘iz ayol. Loyiha qahramonining iltimosiga ko‘ra uning ismi o‘zgartirildi.
Ismim Madina. Jizzaxda tug‘ilib o‘sganman. Yoshim 29 da. Ma’lumotim oliy. Ajrashganman, hozir bir nafar o‘g‘lim bor.
Mening ham ko‘plab qizlar qatori kelajak, oila haqida tasavvurlarim juda chiroyli bo‘lgan. Ko‘p orzular qilganman, ammo chuqur o‘ylab qilinmagan qarorlar sabab turmush borasida omadim kelmagan. Mening hayotim, ko‘rgan kechirganlarim balki oila qurish arafasida turgan singillarimga ibrat bo‘ladi degan umidda ushbu maktubni yozyapman.
Qiz bolaning bo‘yi yetishi bilan sovchilar kelishni boshlaydi. Olam-olam va’dalar berib, tezroq qizni olib ketishni xohlashadi. Menda ham shunday bo‘lgan. Kelgan sovchilardan biri oilamizga ma’qul tushgan. Tashqaridan qaraganda haqiqatan ham hammasi juda yaxshi edi. Yigitning otasi senator, onasi uy bekasi. Bo‘lajak kuyov ham Moliya institutini bitirib, organda yuqori lavozimda ishlardi.
«Eng muhimi qizingiz o‘qimishli ekan, buyog‘iga o‘zimiz o‘qitamiz», deb va’dalar berib, uydagilarimni ko‘ndirishgan. Xullas, 4-bosqichda o‘qib yurgan paytlarim ota-onamning istagi bilan o‘zim tanimagan, bilmagan insonga turmushga chiqdim.
Men kelin bo‘lib tushgan oilada ayolning qadri yo‘q edi
Har bir qiz kelinlik uyini ota uyi bilan solishtiradi. Men kelin bo‘lib tushgan oila bilan qizlik uyimning muhiti tamomila boshqacha edi. Ota-onam doim «Qiz bola o‘qib-o‘rganib, rivojlanib borishi kerak» deb aytardi. Yangi uyimda esa qizlar faqat kelinlikka, aniqrog‘i qullikka tayyorlanardi. U sigir sog‘ishni, non yopishni, tappi qilishni bilishi va albatta, farzand tug‘ishi kerak. Bo‘ldi. Ularning nazdida ayolning bundan boshqa vazifasi yo‘q edi. Kelinning dunyoqarashi, ma’lumoti, ishi esa zarracha ahamiyatga ega emas edi.
4-bosqichligimda oila qurganim uchun har kuni o‘qishga borib kelardim. Universitetda ovqatlanishim, qo‘shimcha xarajatlar tugul, hatto yo‘lkiramga ham pul berishmas edi. Yaxshiyam budjetda o‘qirdim.
Biroq tashqaridan qaraganda na turmush o‘rtog‘im, na qaynanam-qaynotam bunday odamga o‘xshardi. Hamma «yaxshi joyga tushding» derdi.
Qaynotam meni o‘qimishli deb, yaxshi ko‘rib, kelin qilgan edi. Lekin qaynanam meni yoqtirmas, ko‘p yomonlardi.
Bilasizmi, shunday odamlar bo‘ladiki, agar o‘zi qiynalgan bo‘lsa birov qiynalmasin, men ko‘rgan kunlarni ko‘rmasin deb harakat qiladi. Lekin afsuski shunday toifa insonlar ham borki, «men qiynaldimmi boshqalar ham qiynalishi kerak» degan tushuncha bilan zulm qilaveradi.
Xullas, qaynanam ikkinchi toifa vakili edi. U ham kelinlik paytida ko‘p azoblangani uchun alamini mendan olardi.
Bitta odamni doim yomonlayverilsa, oxiri uni yomon ko‘rib qolarkansiz. Hammaning ko‘nglini olishga harakat qildim. Baribir qaynotamning menga nisbatan munosabati sovuqlashdi.
Aslini olganda, bu oilada ayol kishining qadri yo‘q edi. Misol uchun, o‘zlarining qizi, qaynsinglim yangi kelinlik paytida qattiq kaltaklangan. Qon ketib ota uyiga qaytib kelgan. Ammo qaynotam o‘z qiziga ham achinmagan. O‘shanda bu oilada nafaqat meni, balki ayol zotining qadri yo‘qligini tushunganman.
Qaynotam so‘kish bo‘yicha «jahon chempioni» edi. Hali gapning oxirigacha eshitmasdan so‘kib ketardi. «Ota-onangni qamatvoraman» deb qo‘rqitardi.
Ammo jahlidan tushganidan keyin «Kechir, qizim, jahlim yomon-da», deb kechirim so‘rardi. Keyinroq bilsam ular uchun ota-onadan kelib so‘kinish odatiy hol ekan. Aka-ukalar oddiy narsalar uchun ham bir-biri bilan so‘kishib ketaverardi.
Erimga esa nafaqat meni, balki uydagi vaziyatlarning ham ahamiyati yo‘q edi. Komandirovkaga ketib, oylab yo‘q bo‘lib ketardi.
Orada bo‘yimda bo‘lgan. Homiladorlik davrim turli kelishmovchiliklar sabab juda og‘ir o‘tgan. Uyga mehmonlar ko‘p kelardi, ustalar ham ishlardi. Ularning osh-ovqatini qilardim. Shular bilan ovora bo‘lib, o‘zimga yaxshi qarolmaganman.
Oy-kunim yetganda o‘g‘lim kasallik bilan tug‘ilgan. Bir oy jonlantirish bo‘limida yotganmiz. Gemoglabinim 40 ga tushib ketgan. Isitmam 40 dan tushmagan. Tuzalavermaganimiz tufayli Toshkentga borib davolanib kelganmiz.
«Seni shuncha qiynashsa ham nega yashading?» deyishingiz mumkin. Men andisha qildim. Ota-onam o‘rtamiyona insonlar. Qolaversa, ortimda yosh singlim, ukam bor. O‘g‘lim chalajon edi. Hatto sut emishga qiynalardi. Tinmay qayt qilardi. O‘zi shuncha qiynalganim yetmaganday, kasal bola bilan qaytib borsam, nima bo‘ladi deb ota-onamni o‘ylardim. Ularni deb hammasiga chidardim.
Urishaverib «dux»imni olib qo‘yishgan edi
Bolam 2 yosh, ammo yurmasdi. Xuddi chaqaloqqa o‘xshardi. Bir kuni kechqurun qaynotam kelib, nevarasini so‘radi. O‘g‘lim negadir bobosini yoqtirmas, ko‘rsa «bormayman» deb chirillab yig‘lardi. O‘shanda ham bolam bobosiga borishni istamadi, qaynotam esa uni urib, orqa tarafga olib o‘tib ketdi.
Axir u ikki yoshli bola-ku, sog‘ bo‘lsa ham xafa bo‘lmasdim. Sepsis bo‘lgan bolamni urgani qattiq jahlimni chiqardi. Ammo qaynotamga hech narsa deyolmadim. Chunki urishaverishib «dux»imni olib qo‘yishgan edi.
Qarasam qaynukam orqadan tirjayib qarab turibdi. «Nimaga kulasiz? Sizniyam bolangizni shunaqa urishsa, chidaysizmi», dedim-u, uyga kirib ketdim. Xonamga kirib bolamni himoya qilolmaganimdan yig‘ladim.
Qaynukam tezda borib gaplarimni yetkazgan chog‘i bir payt qaynotam chaqirib, «Sen undoqsan, sen bundoqsan, bolangni olib qolaman, o‘zingni ko‘chaga haydab yuboraman» deb qo‘rqitdi. Qancha so‘kdi bilmayman, oradan yana ozgina vaqt o‘tib kechirim so‘rashga tushdi.
Erimning esa bor-yo‘qligi bilinmasdi. Organ sohasida ishlagani uchun uyga onda-sonda kelardi. Ayniqsa, o‘sha paytlari bir paxta, bir g‘alla, yana boshqa mavsumlar bo‘lardi. Erim ishidan u yerga ketib, oylab uyga kelmasdi. Balki «o‘ynash»lari bordir bilmayman... Hatto o‘g‘li tug‘ilganda ham tug‘ruqxonaga kelmagan. Shunday qilib kunlar o‘taverdi.
Bir kuni tishim yiringlaganidan yuzim shishib ketgan, kasal edim. Ustalarning ovqatini berib, biroz dam olish uchun xonamga kirganimni bilaman qaynotam vajohat bilan kirib kelib, «Sen soxta kasalsan, kasal bo‘lsang, borib uyingda davolan. Yo‘qol», — deb haydashga tushdi.
Bunday holatlar tez-tez takrorlanaverganidan so‘ng keyingi hayotim haqida jiddiy o‘ylay boshladim: Hozir-ku yoshman, kuch-quvvatim bor. 40-50 yoshga kirganimda yoki bunday siqilaverib chalajon bo‘lib qolganimda nima bo‘ladi? Ko‘chada qolarkanmanda. Na ishim, na pulim bor. Keyin nima qilaman?
O‘ylab-o‘ylab bolamni olib, tinchgina ota uyimga ketishga qaror qildim.
Bolam uchun oilamni saqlab qolishga urindim
Bir muddat qizlik uyimda yashab, «Mayli, bolam bor-ku, uni yetim qilmay, ko‘nmay ilojim yo‘q» deb ham o‘yladim.
Ammo ko‘p o‘tmay uyga ajrim qog‘ozi keldi. Erim ajrashish uchun sudga ariza bergan ekan. Bordim, o‘g‘lim bor, yarashaman, otasiz o‘smasin, lekin bir shartim bor. Ijarada bo‘lsa ham bir necha oy alohida yashab ko‘raylik, bunday oilada o‘g‘lim qanday katta bo‘ladi, deb aytdim. Erim esa yashamayman degan fikrida turib oldi. Men ajrashmayman deganimdan keyin sud bizga ikki marta olti oydan vaqt berdi.
Bir kuni uyimga xat keldi. Unda, «Madina juda niyati buzuq ayol. Asl maqsadi uyli, mol-mulkli bo‘lish» degan gaplar. Kelinlik uyim ustimdan ariza yozgan ekan. Gaplarni o‘qib, qotib qoldim. Men bilan deyarli besh yil yashab, hatto propiskaga ham qo‘ymagan bo‘lsa, men qanday uyli bo‘lishim mumkin, deb jahlim chiqdi.
Muddat tugab, yana sudga bordik. Erim «Bu ertalab soat 08:00—09:00 chiqib ketadi. Kechqurun 16:00 da kirib keladi. Kun bo‘yi nima qilishini bilmayman» dedi. Men kollejda dadam bilan birga ishlashimni, 09:00 dan 16:00 gacha darsim borligini, agar ishonmasa, o‘quv binosidagi kamerada tekshirishi mumkinligini aytdim.
Sudda ustimdan shunday bo‘htonlar yog‘ildiki, «Bo‘ldi, shu paytgacha yashayman, oilamni saqlayman derdim. Lekin bu odam otalikka noloyiq ekan, ajrashishga roziman» dedim. Tomonlarning roziligi bilan sud bizni qonuniy ajratdi.
O‘shanda erimning mamnunligini ko‘rganingizda edi... Uylanishiga kelin tayyor, faqat men xalaqit berayotgan ekanman. To‘g‘ri-da, bizda qiz bola o‘yinchoq bo‘lsa. Bu bo‘lmasa, boshqasi tayyor turadi. Tashqaridan qaraganda hammasi zo‘r. Mashhur oliygohni bitirgan. Yaxshi joyda ishlaydi. Nima qilibdi ajrashgan bo‘lsa? Boy-badavlat bo‘lsa bo‘ldi-da deyishadi.
Ajrashgan ayollarni doim tili o‘n qarichga yoki dangasaga chiqarishadi
Odamlarimizdagi eng yomon ko‘rgan jihatim ko‘cha-ko‘yda tanisa-tanimasa, avvalo, oiladan boshlab so‘rashadi. Turmushga chiqqanmisiz, nechta bolangiz bor? Ishxonamda ham ajrashganimni eshitganlar buning sababini so‘rardi. Men ishimni zo‘r bajarsam shuning o‘zi yetarli emasmi? Oilaning ishga nima aloqasi bor? Hech qachon «chiroyli» sabab bilan ajrashilmaydi. Dardim o‘zimga yetarli, lekin atrofdagilar shunaqa savollar bilan battar ezardi.
Ota-onam mening vaziyatimni tushundi, lekin atrofdagilarning «falonchining qizi qaytib kelibdi, aybi o‘zida bo‘lsa kerak» degan gaplari qalbimga qattiq botardi. Chunki bizda ajrashgan ayollarni tili 10 qarichga yoki dangasaga chiqarishadi. Har doim ayol — qora, erkak — oppoq. Xullas, nima bo‘lsa ham ayolda ayb bo‘ladi.
Men ham shunday gap-so‘zlardan tushkunlikka tushib qoldim. Depressiyadan chiqish uchun tinimsiz ishladim. Yaxshiyam qo‘limda diplomim bor ekan, ingliz tilini bilardim. Kollejdan 700-800 soatlab dars oldim. Qolgan vaqtimda repetitorlik qildim. Kun davomida bir daqiqa bo‘sh vaqtimni qoldirmasdim. Kechalari esa yig‘lab chiqardim. Ikki yil davomida o‘zimga kelishim qiyin bo‘ldi.
Keyinroq yig‘lagandan, xafa bo‘lgandan foyda yo‘qligini tushundim. Chunki men uchun birov turib bermadi. O‘zing uchun o‘l yetim bo‘ldim. To‘g‘ri, yetim emasman, ammo vaqt o‘tib angladimki o‘zim uchun o‘zim harakat qilmasam, o‘zimga o‘zim yordam bermasam birov men uchun hech narsa qilib bermas ekan.
O‘sha paytda turli tadbirlar, aksiyalarga qatnashishni boshladim. Pozitiv insonlar davrasida bo‘lishga harakat qildim. Oldimga katta maqsad qo‘yib, intilaverdim. Bir muddat kollejda keyin maktabda ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishladim. Keyinroq yaxshi ish taklifi bilan Toshkentga ko‘chib keldim. O‘g‘limni bog‘chasi borligi uchun u ota-onam bilan viloyatda qoldi.
Bir muddat Toshkentda xalqaro kompaniyada mutaxassis bo‘lib faoliyat yuritdim. Ishlash davomida men kabi qiynalgan ayollarni ko‘rib, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishni niyat qildim. Diplomatiya universitetiga magistraturaga hujjatlarimni topshirdim.
O‘zbekistondagi aksariyat kelinlarning hayoti
Jamiyatda ayollarning obro‘-e’tiborini oshirish, ularning huquqlarini himoya qilish borasida qiladigan ishlarimiz judayam ko‘p. Magistraturaga o‘qish uchun huquq yo‘nalishini tanlashimning sababi ham shu.
Chunki bizda eridan jabr ko‘rgan, ko‘chada qolgan ayollarning himoyasi bo‘yicha qonunlar yo‘q, borlari ham ishlamaydi. Men kelin bo‘lib tushgan joyda qo‘shnilarim kelinlarini shu darajada qiynardiki, urib bo‘ynini sindirganlari bo‘lgan. Urib nogiron qilib qo‘yganlar bor. 18 yoshda kelin bo‘lgan qizni eri pampers yedirgan Mustahkamdan ham battar qilishgan. Eri urib tishini sindirgan. Qaynsingillari tova bilan boshiga urgan.
Atrofga yaxshilab qarang. Atrofimizda bunday xo‘rlangan kelinlar ko‘p. Mening diplomim bor, ishlab o‘zimni ta’minlay olaman. Ular-chi? Na ma’lumoti, na ishi bor. Ular nima qiladi? To‘rt-beshtalab bola tug‘ib tashlagan. Ba’zilari yetim, ba’zilari ota uyga borsa ham kelini sig‘dirmaydi.
Ota-onasining uyiga sig‘magan qizlar qayoqqa boradi? Biror kvartiraga borib fohishalik qiladimi?
Eng yomoni ajrashgan ayol yoki beva ayollarga erkaklarimiz doim ham yaxshi ko‘z bilan qarayvermaydi. Aksariyati ularga ikkinchi «sort» sifatida munosabatda bo‘ladi. Ayol ajrashdimi, bo‘ldi u «musor». Jamiyatdan chetga chiqarib qo‘yiladi.
Qarindoshlarim ajrashayotganimda «Ertaga seni hech kim olmaydi, 60 yoshli odamga turmushga chiqasanmi?» deb aytishgan. Qarang, bizda na moddiy, na psixologik yordam bor.
Umuman olganda, nafaqat ajrashgan balki oilali ayollarning ham huquqi «nol» darajada. Borib hech kim himoya qilmaydi. Bir kuni ijtimoiy tarmoqdan kelinchak yozyapti: «Opa 3 ta bolam bor. Erim rasman ajrashmay turib, uyga boshqa ayolni olib keldi. Meni haydayapti. Lekin mening ota-onam yo‘q, yetimman, boradigan boshpanam yo‘q. Bolalarim bilan nima qilay?»
Bu narsaga ayollarning o‘zi va ota-onalarining ham katta aybi bor. Vaqtida o‘qitmagan, biror hunarli qilmagan.
Ayol ojiza emas. Lekin mukammal ham emas. Tili, rashki bo‘lishi tabiiy. Bu «hislat» erkaklarda ham bor-ku. Ular ham so‘kinadi, rashk qiladi. Erkak boricha qabul qilindimi, ayolning ham kamchiliklariga ko‘z yumilishi kerak deb hisoblayman. Lekin ba’zi erkaklar ayolining bitta yomon odati sabab uni «almashtirishga» yoki ustiga xotin olishga harakat qilishadi. To‘rt xotinlik ham hammaga emas. Uning ham o‘ziga yarasha shartlari bor.
Aslida islomda ayollarning huquqlari eng ko‘p himoya qilingan. Masalan, Hadicha onamiz savdogar bo‘lgan, Oisha onamiz kerak paytda halifalik qilgan. Nega bugungi kunda bu misollar unutilib, ayol kishi faqat bola katta qilishi kerak degan terminlar oldinga chiqyapti.
Eridan ajrashgan ayolga turli xushomadlar, «takliflar» bo‘ladi. Shu vaziyatda ularning eng katta xatosi ortiqcha gap-so‘zlardan qutulish uchun kimga bo‘lsa ham erga tegib ketaveradi. Agar u ikkinchi xotin bo‘lsa, baribir baxti to‘liq bo‘lmaydi. Butun umr haqiqat ochilib qolishidan qo‘rqib yashaydi. Bunday vaziyatlarda erga tegish har doim ham muammoning yechimi bo‘lmasligi mumkin.
Ajrashganimdan afsuslanmayman
Hozir erim uylangan. O‘g‘lini yilda ikki marta ko‘rgani keladi. Ba’zida o‘g‘limning ko‘ngli o‘ksiydi. Qancha mehr bersangiz ham ota-ona bag‘rida o‘sgan bola bo‘lmaydi. Biroq nosog‘lom oilada katta bo‘lganidan ko‘ra yolg‘iz o‘sgani afzal.
Rus, ingliz tillarini, matematikani yaxshi biladi. Kelajakda harbiy bo‘laman deb aytadi. Balki vaqt o‘tib orzulari o‘zgarar, bilmayman. Lekin o‘g‘lim kim bo‘lsa ham, albatta, ayol kishini qadrlaydigan, mehribon inson bo‘lib ulg‘ayadi.
Ajrashganimdan afsuslanmayman. Chunki ajrashmaslik uchun men qo‘limdan kelgan hamma narsani qildim. Bor imkoniyatimni ishga soldim. Bu dunyoda qars ikki qo‘ldan chiqdi. Ayol intilavergani bilan erkak kishida ozgina mehr, talpinish yoki zarracha hurmat bo‘lmasa, ming u oilani saqlayman deganingiz bilan foydasi yo‘q. Qartadan qurilgan uy qachondir baribir qulaydi. Shuning uchun hech qachon afsuslanmayman.
Ikkinchi xotin bo‘lishimni yoki shunchaki gaplashib yurishni taklif qilganlar ham bor. Lekin ularga joyini ko‘rsatib yuboraman.
Karera qilgan, hayotda o‘z o‘rnini topgan yaxshi yigitlardan ham takliflar bo‘lyapti. Mening yonimda hamisha turadigan bo‘lsa, doim qo‘llab-quvvatlasa, albatta, oila quraman. Faqat o‘zimga yarasha shartlarim bor. Meni, o‘g‘limni boricha qabul qilsin.
Chunki bizda ajrashgan ayollarni o‘zi kerak, bolasi emas. Odatda bolalarini ota uyiga tashlab kelsin deb shart qo‘yishadi. Men esa buni qabul qilolmayman.
Hozir Italiyada tahsil olyapman
O‘tgan yili diplomatiyadagi o‘qishimni bitirib, yanada bilimlarimni kengaytirish maqsadida Italiyaga o‘qishga topshirdim. Quvonarlisi, grant asosida qabul qilindim. Hozir Rimda yashayapman. Bu yerda o‘qish bilan birga turizm bo‘yicha biznesimni yo‘lga qo‘ydim. Shu orqali o‘zimning xarajatlarimni qoplayapman. Uyimga ham pul yuboryapman. O‘g‘lim ota-onam bilan birga. Yaqin orada yonimga olib kelmoqchiman. Allohga shukr, hayotim yaxshi, o‘z maromida ketyapti.
Kelajakda faqat qizlarni o‘qitadigan maktab, ularga yuridik yordam beradigan uyushma ochmoqchiman. Nafaqat ayollar, balki bolalar bo‘yicha ham loyihalar qilish niyatidaman. Buning uchun, avvalo, o‘zim yaxshi o‘qib, moliyaviy imkoniyatimni kengaytirishim lozim. Hozir tinmay o‘qib, o‘z ustimda ishlayapman.
Qizlarga maslahatim
Mening hayotim, xatolarim sizlarga ibrat bo‘lsin. Sinalmagan inson bilan hayot yo‘lingizni bog‘lamang. Bekorchi hoy-u havaslarga berilmang. Tushunaman, aksariyat qizlarda o‘tish davrida romantikaga berilish bo‘ladi. Aqlli qiz ikkita gul va o‘yinchoqlarga aldanmaydi. Yoki o‘sha bergan sovg‘alarini deb sinalmagan yigitga turmushga chiqib ketmaydi. Vaqti kelib hammasi bo‘ladi. Faqat ungacha sabr qiling, kelajagingizni o‘ylang.
Afsuski, yaxshi joyga erga tegish uchungina universitetda o‘qiyotgan qizlar bor. Hayotim davomida bunga ko‘p guvoh bo‘ldim. Hayotdan maqsad faqat turmush qurish emas. Yashashdan maqsad bo‘lishi lozim. O‘qing, ilm oling, Allohni taning. Ruhan kuchli bo‘ling.
Loyiha muallifi va suhbatdosh: Xonzodabegim A’zamova
Muharrir: Dilshod Sharipov
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Muharrir: Dilshod Sharipov
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Superligani qaysi klub tark etadi? Kumush medal kimga nasib qiladi?
O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun ayrim ma’muriy javobgarliklar bekor qilinadi
Xitoylik hakerlar AQSHdagi 150 nafar siyosatchi ortidan josuslik qilgan bo‘lishi mumkin
Germaniyalik fermerning sigiri to‘rtta buzoq tug‘di
Rossiya Buyuk Britaniya diplomatiga qarshi keskin chora qo‘lladi