17:34 / 17.09.2021
1 141

Immunitetni mustahkamlashga yordam beradigan kundalik odatlar

Immunitetni mustahkamlashga yordam beradigan kundalik odatlar
Foto: Getty Images
Immunitet pasayganda virus yuqtirib olish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Kun sovishni boshlashi bilan esa ushbu xavf yanada ortadi. Organizmning kasallik bilan qanchalik kurasha olishi ham immun tizimiga bog‘liq hisoblanadi.

Uyqu me’yorda bo‘lsin
Uyquning yetarli bo‘lmasligi immunitetni susaytirib, kishining umumiy ahvoliga salbiy ta’sir qiladi. Teri va soch bilan bog‘liq muammolar kuzatilib, vazn yig‘ilishiga ham olib keladi. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, doimiy ravishda 7 soatdan kam uxlaydigan kishilar uyqusi me’yorda bo‘lganlardan 4 karra ko‘proq kasal bo‘ladi. Gap shundaki, kun davomidagi barcha odatlar organizmga stress bo‘lishi mumkin, tun esa barcha manbalarning tiklanishi uchun ayni muddao. Agar dam olishga vaqt yetarli bo‘lmasa, organizm susayib, patogen omillar bilan kurasha olmaydi.

Nima qilish kerak?
Iloji boricha har kuni bir vaqtda uyquga yotib, bir vaqtda uyg‘onishga harakat qiling. Bu uyquga ajratilgan vaqtni nazorat qilish imkonini beradi hamda sirkad maromni me’yorlashtiradi.

Ratsionda magniyga boy mahsulotlar serob bo‘lsin
Uyqu gormoni — melatoninning ishlab chiqarilishiga ta’sir qiladigan magniy uyqu vaqtida tinchlanishni ta’minlaydi. Tongda tiniqib uyg‘onish uchun yong‘oq, ismaloq va dukkakli mahsulotlarni iste’mol qilishni kanda qilmang.

Uyquga yotishdan avval xonani shamollatishni unutmang
Hatto issiq bo‘lmagan taqdirda ham, 20 daqiqa havoni yangilang. Kislorodning yetarli bo‘lishi miriqib uxlashga yordam beradi.

Stressni nazorat qiling
Stress gormoni — kortizol mustahkam immun tizimining eng asosiy dushmanlaridan biri hisoblanadi. Stressli vaziyatlar bilan kurashish uchun organizm katta miqdorda kuch sarflaydi. Oqibatda immunitet susayib, viruslar bilan samarali kurasha olmaydi. Umuman asabiylashmaslikning iloji yo‘qligi aniq, ammo ayrim tavsiyalarga amal qilib, o‘zingizni qo‘lga olishingiz mumkin.

Nima qilish kerak?
O‘tmishdagi va bo‘lishi mumkin bo‘lgan omadsizliklarni o‘ylab, ortiqcha energiya sarflamang. Bu nafaqat psixologik, balki jismoniy salomatlik uchun ham zararli odat. Diqqatni aynan hozirga qaratish stressni sezilarli darajada kamaytiradi, organizmning faoliyati yaxshilanishiga hissa qo‘shadi.

Meditatsiya, yoga va boshqa nafas mashqlari stressga barham berishga yordam beradi. Shuningdek, giyohlardan tayyorlangan choylar ham tinchlantirib, stress miqdorini kamaytiradi. Immunitetni mustahkamlashdan tashqari, tarkibidagi antioksidantlar sabab qarish jarayonini sekinlashtiradi.

Mamnuniyat va minnatdorlikni his qilish ham stressni kamaytirishi mumkin. Buning uchun har kuni kechasi bugun nimadan mamnun va minnatdor ekanligingizni o‘zingizga ovozingizni chiqarib ta’kidlang. Hatto qayd qilib olishingiz ham mumkin.

Faol bo‘lishga harakat qiling
Muntazam ravishda jismoniy faol bo‘lish va immunitetning mustahkamligi o‘rtasida bog‘liqlik borligi bir emas bir necha tadqiqotlarda aniqlangan. Doimiy jismoniy faollik viruslardan himoya qiluvchi asosiy himoyachi hisoblangan T-hujayralar ishlab chiqarilishini jadallashtiradi. Qolaversa, sport virusli kasalliklar kelib chiqish xavfini yuqori darajada orttiradigan kortizolning ishlab chiqarilishini kamaytiradi. Ammo sportzalda haddan ortiq darajada zo‘riqadigan mashqlarni bajarmaslikka e’tibor qaratish kerak. Jismoniy tayyorgarlikka nisbatan qiyin bo‘lgan mashg‘ulot organizmga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanmasangiz, toza havoda ko‘proq piyoda sayr qiling. Buning uchun bir kunda hech bo‘lmaganda 30-40 daqiqa vaqt ajrating. Piyoda yurish mushaklarni tonusda bo‘lishi hamda tinchlanishiga yordam beradi. Agar o‘tirib ishlaydigan bo‘lsangiz, har 1 soatda 5 daqiqa tanaffus qiling, o‘rningizdan turib, biroz aylanib keling. Bu mushaklarning chigalini yoyish hamda energiyaga to‘lishga hissa qo‘shadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Hayot tarzi » Immunitetni mustahkamlashga yordam beradigan kundalik odatlar
[/banner_pushhouse