Prezident: «Soliq xodimlari o‘rtasida korrupsiyaviy jinoyatlar soni yildan yilga ko‘paymoqda»
Prezident yig‘ilish kun tartibidagi ikkinchi masala – tadbirkorlikni rivojlantirish orqali soliq bazasini kengaytirishga to‘xtaldi.
Birinchi yarim yillikda respublikada soliq tushumlari 76,3 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 107,5 foizga o‘sdi.
Ushbu davrda 2,3 trillion so‘m mahalliy budjetlar ixtiyorida qoldirildi.
«Lekin, bu mavjud salohiyatimizdan ancha kam. Tan olish kerak – kundan kunga o‘sayotgan iqtisodiyotimizning samarasi budjet daromadlarida to‘liq ko‘rinmayapti.
Bu borada tadbirkorlarni ayblab bo‘lmaydi. Buning uchun soliq idoralari o‘z dunyoqarashini o‘zgartirishi kerak.
Soliqchilar tadbirkorlarga pul undirish nuqtayi nazaridan emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash orqali o‘stirib, soliq bazasini kengaytirish manbayi sifatida qarashi zarur», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bugungi kunda soliq tushumlarining 60 foizini Yirik soliq to‘lovchilar inspeksiyasi elektron tizim orqali joyiga chiqmasdan undirayotgani, lekin viloyat va tuman soliq xodimlari xotirjam bo‘lib o‘tirgani tanqid qilindi.
Misol uchun, bugungi kunda daromad solig‘i to‘layotgan korxonalar soni 425 mingtani tashkil qilib, yil boshiga nisbatan 9 foizga kamaygan.
Ayniqsa, bunday korxonalar Xorazm va Qoraqalpog‘istonda 20 foizga, Toshkent viloyatida 14 foiz, Buxoro, Samarqand va Namangan viloyatlarida 12 foizga kamaygan.
Yoki, joriy yilning besh oyida 40 ta tumanda tadbirkorlar daromadi deyarli o‘zgarmagan, ayrimlarida hatto tushib ketgan.
Shu bois, Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Ulug‘nor, Olot, Paxtakor, Namangan, Mingbuloq, Chust, Koson, Muborak, Dehqonobod, Urgut, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Muzrabot, Xiva, Xonqa, Kitob tumanlari hamda Buxoro, Kogon, Samarqand, Angren, Bekobod, Olmaliq, Nurafshon, Urganch shaharlari, jami 26 ta soliq idoralari rahbarlarini ishdan olishga qaror qilindi.
Shu bilan birga, soliq idoralari qo‘shimcha manbalar topish o‘rniga eski zamon kasaliga berilib, ishlayotgan tadbirkorlarning tayyor mablag‘larini undirishga o‘rganib olgani qayd etildi.
Masalan, 2022 yilda tadbirkorlar tomonidan ortiqcha to‘langan soliqlar hajmi 320 milliard so‘mga oshib, 4,4 trillion so‘m bo‘lgan.
«Afsuski, soliq xodimlari o‘rtasida korrupsiyaviy jinoyatlar soni yildan yilga ko‘paymoqda», - dedi prezident.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament nazoratni susaytirib yuborgani tanqid qilinib, unga soliqchilar tomonidan ortiqcha to‘lovlar undirish, ularni vaqtida qaytarmaslik, tekshirishdagi soxtakorlik kabi qonun buzilishlarni oldini olish bo‘yicha amaliy tizim yaratish topshirildi.
Shuningdek, budjet tushumlarini ta’minlash va tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun:
- Andijon va Sirdaryo viloyatlari soliq boshliqlari hamda Soliq qo‘mitasining yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisini lavozimidan ozod qilish;
- Iqtisodiyot va moliya vazirining soliqqa mas’ul o‘rinbosari D.Sultonov, Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari M.Mirzayev, J.Abdiyev, S.Eshmatov, M.Mahkamov, Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘iga hayfsan e’lon qilishga ko‘rsatma berildi.