19:53 / 13.01.2024
122

Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda yelim ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi

Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda yelim ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi

Foto: “O‘zcharmsanoat” uyushmasi

Xitoyning HL Technology kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uyushma raisi Faxriddin Boboyev HL Technology kompaniyasi vakillari bilan uchrashgan. Tomonlar mamlakatda charmsanoat, qurilish, mebelsozlik va avtomobilsozlik sanoati uchun zarur bo‘lgan yelim xomashyosini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishni muhokama qilgan.

Kompaniya menejeri Jun Shao O‘zbekistonda ishlab chiqarish salohiyatining ortayotgani hamda xalqaro bozorda mamlakat mahsulotlariga talab yuqoriligi sarmoya kiritishga qiziqishni oshirayotganini ta’kidlagan.

“Xomashyoni mahalliylashtirish borasida charmsanoat korxonalarining izlanuvchanligi tarmoqning istiqboli yuksakligini ko‘rsatmoqda. Ishonchli va rivojlanishdan ortda qolmaydigan davlatga sarmoya kiritish niyatidaman”, — deydi u.

HL Technology kompaniyasi O‘zbekistonda sanoat tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan yelim va formalin xomashyosini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish tashabbusini bildirgan. Loyihaning dastlabki qiymati 10 million dollarni tashkil etadi.

Foto: “O‘zcharmsanoat” uyushmasi

2023-yilda O‘zbekiston sanoat korxonalari jami 31 million dollarlik yelim xomashyosini xorijdan import qilgan. Mazkur loyihaning samarali amalga oshirilishi natijasida kamida 50 foizi ichki bozor talabi qoplanishi qayd etilgan.

Investorga sarmoyaviy loyihani amalga oshirish bo‘yicha amaliy va tashkil jarayonlar haqida to‘liq ma’lumot taqdim etilgan. Kelishuv Xitoyda imzolanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil sentyabrda Xitoyning Xian Free Trade Port Construction and Operation Co.Ltd kompaniyasi O‘zbekistondagi infratuzilma loyihalarida ishtirok etmoqchiligi to‘g‘risida xabar berilgandi. 


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda yelim ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi