18:22 / 15.05.2024
172

Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston bo‘yicha hisobotini e’lon qildi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston bo‘yicha hisobotini e’lon qildi
Foto: Reuters
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) xodimi Yaser Abdih boshchiligidagi missiyasi 23 apreldan 7 mayga qadar Toshkentda 2024 yil IV modda bo‘yicha O‘zbekiston bilan muzokaralar olib bordi. Tashrif yakunida missiya quyidagi bayonotni taqdim etdi.

Bayonotda O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishda davom etayotganiga alohida urg‘u berilgan. Xususan, 2020 yildan boshlab real daromadlarning barqaror o‘sishi, ijtimoiy himoya tarmog‘ining kengayishi qashshoqlik darajasining 2021 yildagi 17 foizdan 2023 yilda 11 foizgacha barqaror pasayishiga yordam berdi.

"O‘zbekiston hukumati iqtisodiyotni jadal ravishda diversifikatsiya qilish va mamlakatda ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan tarkibiy islohotlar dasturini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ydi", — deyiladi bayonotda.

XVJ taqdim etgan prognozga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2024 yilda YAIM 5.4 foizdan 2025 yilda 5.5 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bank kreditlarining o‘sishi pasayib, import cheklanishi bilan joriy hisobdagi taqchillik kamayishi mumkin.

O‘zbekiston budjet taqchilligini yaqin ikki yilda sezilarli darajada kamaytirishni rejalashtirgan. XVJga ko‘ra, bundan ko‘zlangan maqsad davlat moliyaviy barqarorligini saqlash, ijtimoiy himoyani mustahkamlash hamda inflyatsiyani boshqarishdir. Moliyaviy intizomni ta’minlash uchun nomaqbul subsidiyalarni qisqartirish, daromadlar va xarajatlarni optimallashtirish kabi tadbirlar rejalashtirilgan. Shuningdek, xavflarga tezkor javob bera olish uchun qo‘shimcha choralarni ko‘rishga tayyorlik haqida aytilgan.

XVJ bayonotida hukumat pul siyosatini amalga oshirishni yaxshilash va valyuta kursi siyosatini qo‘llab-quvvatlash orqali moliyaviy sektor islohotlarini jadallashtirish va kapital bozorlarini rivojlantirishga hissa qo‘shayotganini ta’kidlagan.

XVJ davlat organlari moliyaviy sektorning salohiyatini oshirish va valyuta risklarini kamaytirish uchun tahlillar va auditlar o‘tkazishi kerak, deya bir qator tavsiyalar bergan. Bayonotda, shuningdek, bank tizimida xususiy sektorga nisbatan raqobatni kuchaytirish va moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan islohotlar zarurligi aytilgan.

"Davlatga qarashli banklar zarur tizim va boshqaruv tuzilmalari bilan mustaqil faoliyat yuritishi kerak. Har qanday davlat bankining samaradorligi ko‘zdan kechirilib, maqsadlariga erishilmagan taqdirda, xususiylashtirish yoki yopilish kabi choralar ko‘rilishi kerak", — deya ta’kidlaydi XVJ jamoasi.

Bayonotda shuningdek, O‘zbekistonning yangi ish o‘rinlari yaratishda, inflyatsiyani pasaytirishdagi muvaffaqiyatlari sanab o‘tilgan. Gender tengligi va iqlim o‘zgarishiga uyg‘unlashuv siyosatlari, korrupsiyaga qarshi kurashish va hokimiyatning shaffofligini oshirish maqsadida yangi qonunlar qabul qilinishi XVJ jamoasining alohida e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

Bayonot so‘ngida jamoa O‘zbekiston hukumatiga, ishbilarmon doiralarga ochiq siyosat muloqotida va IV modda missiyasi doirasida samarali hamkorlik uchun o‘z minnatdorligini bildirgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston bo‘yicha hisobotini e’lon qildi