date

Lotus zavodi yopiladimi? Britaniyada ish o‘rinlari xavf ostida

Lotus zavodi yopiladimi? Britaniyada ish o‘rinlari xavf ostida
Britaniyaning mashhur avtokonserni – Lotus zavodining yopilishi haqidagi mish-mishlar nafaqat mahalliy aholi, balki butun mamlakatdagi avtosanoat ishqibozlarini ham jiddiy xavotirga solmoqda.

Norfolk grafligida joylashgan, 1,300 dan ortiq xodim faoliyat yuritadigan Hetheldagi Lotus zavodining taqdiri haqida so‘nggi kunlarda turli xabarlar tarqaldi. Xususan, kompaniyaning Xitoyda joylashgan egasi – Geely tomonidan zavod faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rib chiqilayotgan ehtimoliy qarorlar ommaviy axborot vositalarida muhokama qilinmoqda.

Shundan so‘ng, Britaniyaning Biznes va savdo kotibi Jonatan Reynolds Geely rahbarlari bilan uchrashib, vaziyatni shaxsan o‘rgandi. Unga ko‘ra, kompaniya tomonidan zavodni yopish rejasi yo‘qligi tasdiqlangan va u o‘zini “ishonch hosil qilgan” deb bayonot bergan.

Biroq, bu bayonotlar hamma uchun yetarli emas. Xususan, Norfolk grafligi kengashining konservativ yetakchisi Key Meyson Billig vaziyatni jiddiy deb baholab, Geelydan rasmiy yozma kafolat talab qildi. Uning ta’kidlashicha, “bu kabi yirik ishlab chiqarish majmuasi yo‘qolishi graflik uchun o‘ta og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.”

“Lotus – bu nafaqat avtomobil ishlab chiqaruvchi, balki Norfolk brendining o‘zi. Har bir kishi Lotus deganda shu hududni eslaydi. Biz bunday zavodni yo‘qotishni o‘zimizga ep ko‘ra olmaymiz”, — deydi Key Meyson Billig BBCga bergan intervyusida.

Uning talablariga South Norfolk okrugi va Norfolk Business Board ham qo‘shildi. Ular Biznes kotibi Jonatan Reynoldsga murojaat yo‘llab, Geely kompaniyasidan Lotus'ning Buyuk Britaniyada qolishiga oid yozma majburiyat olinishini so‘radilar.

Hukumat strategiyasi tanqid ostida
Murojaat maktubida, shuningdek, Britaniya hukumatining yaqinda e’lon qilingan “Zamonaviy industrial strategiyasi” ham tanqid qilingan.

Ushbu dastur Moliya vaziri Reychel Rivz tomonidan “katta o‘sish sektoriga sarmoya yo‘naltirish uchun 10 yillik aniq reja” sifatida taqdim etilgan edi. Ammo xatda qayd etilishicha, strategiya asosan katta shaharlar, Shimol va Midlends hududlariga yo‘naltirilgan bo‘lib, Norfolk va uning iqtisodiy imkoniyatlari e’tibordan chetda qolgan.

Shu munosabat bilan Norfolk Savdo palatasi bosh direktori Nova Feyrbank ham o‘z e’tirozini bildirdi. Uning fikricha, butun e’tibor Kembrijga qaratilib, boshqa hududlar undan soya ostida qolmoqda.

“Kembrij shunchalik muvaffaqiyat qozondiki, undan boshqa hech kimga nazar tashlanmaydi. Bizda ham katta salohiyat mavjud va bu hudud iqtisodiy o‘sishga tayyor turibdi”, — dedi u jurnalistlarga.

Lotus — nafaqat ishlab chiqaruvchi, balki ramz
Lotus rahbariyati matbuotga bergan so‘nggi bayonotida Hetheldagi zavodning yopilishi haqida hech qanday reja yo‘qligini yana bir bor ta’kidladi.

Biroq, rasmiy yozma kafolat bo‘lmagan holda, nafaqat mahalliy rahbarlar, balki ishchilar, tadbirkorlar va fuqarolar ham o‘zlarini xavfsiz his qilmayapti.

Hethel zavodi nafaqat Norfolk'da, balki butun Britaniyada avtomobil muhandisligi va innovatsiyalar markazi sifatida tan olingan. Ayniqsa, Lotus kompaniyasi ilgari surmoqchi bo‘lgan elektromobil texnologiyalari mamlakatning “yashil energiya” sohasiga qo‘shilayotgan hissasining ajralmas qismidir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Lotus zavodi yopiladimi? Britaniyada ish o‘rinlari xavf ostida