BitGo daromadi ikki barobar oshganiga qaramay, birinchi chorakda zarar ko‘rdi

Raqamli aktivlar infratuzilmasi kompaniyasi BitGo 2026-yilning birinchi choragi uchun moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Kompaniya daromadi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,8 milliard dollardan 3,8 milliard dollarga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, sof zarar 60,7 million dollargacha oshdi. Bu holat asosan Bitcoin zaxiralarining bozor qiymati pasayishi va IPO bilan bog‘liq xarajatlar bilan izohlanmoqda. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Hisobot davrida mijozlar faolligi oshganiga qaramay, daromad 2025-yilning to‘rtinchi choragiga nisbatan 38,7 foizga qisqardi. Bunga mijozlarning spot savdodan derivativlar savdosiga o‘tishi sabab bo‘ldi. Kompaniya ushbu chorakda derivativlar mahsulotini ishga tushirib, taxminan 3 milliard dollarlik notional hajmga erishdi.
BitGo platformasidagi institutsional mijozlar soni 42 foizga o‘sib, 5 569 tani tashkil etdi, umumiy foydalanuvchilar soni esa 1,2 millionga yetdi. Stablecoin-as-a-service xizmatidan tushgan daromad 43,6 foizga oshgan bo‘lsa-da, tokenlar narxining pasayishi tufayli steykingdan olingan daromad 66,2 foizga kamaydi.
Kompaniya chorak yakunida 186,6 million dollar naqd mablag‘ va 167,1 million dollar qiymatidagi 2 449 Bitcoin zaxirasiga ega ekanligini ma’lum qildi. Ushbu moliyaviy natijalar e’lon qilingach, BTGO aksiyalari birja savdolarida 1,09 foizga arzonlashib, 11,78 dollarni tashkil etdi.
2026-yilning birinchi choragida kripto sanoatidagi boshqa yirik o‘yinchilar ham moliyaviy qiyinchiliklarga duch keldi. Coinbase, Exodus Movement hamda Riot Platforms va MARA kabi yirik Bitcoin maynerlari bozor pasayishi fonida sezilarli darajada sof zarar ko‘rganliklarini qayd etishdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!