Vyetnam 2026-yilda tartibga solinadigan kripto bozorini ishga tushirmoqchi

Vyetnam moliya vaziri oʻrinbosari Nguyen Duc Chi "Digital Trust in Finance 2026" forumida mamlakatda tartibga solinadigan kripto aktivlar bozori 2026-yilning uchinchi choragida oʻz faoliyatini boshlashi mumkinligini maʼlum qildi. Ushbu qadam Vyetnamning Osiyodagi eng faol kripto bozorlaridan birini rasmiy nazorat ostiga olish strategiyasining bir qismidir. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Hukumat kripto aktivlar savdosi uchun litsenziyalash jarayonini yoʻlga qoʻydi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni maqsad qilgan. Rejaga koʻra, 2030-yilga borib mamlakat raqamli iqtisodiyoti yalpi ichki mahsulotning kamida 30 foizini tashkil etishi, tranzaksiyalarning 80 foizi esa naqd pulsiz amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Joriy yilning mart oyida beshta yirik kompaniya, jumladan Techcombank, VPBank va Sun Group kabi tashkilotlarning shoʻba korxonalari mamlakatdagi birinchi litsenziyali kripto birjasini ochish uchun dastlabki saralashdan oʻtdi. Shuningdek, hukumat kripto operatsiyalari uchun anʼanaviy qimmatli qogʻozlar savdosiga oʻxshash 0,1 foizlik soliq tizimini joriy etishni rejalashtirmoqda.
Chainalysis maʼlumotlariga koʻra, Vyetnam kripto qabul qilish boʻyicha dunyoda toʻrtinchi oʻrinda turadi. Hozirda mamlakat treyderlari asosan Binance, OKX va Bybit kabi xorijiy platformalardan foydalanmoqda, biroq yangi tartibga solish mexanizmlari ushbu faoliyatni mahalliy yurisdiksiyaga oʻtkazishga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!