19:09 / 20.09.2020
786

O‘zbekistondan Niderlandiyaga 60 tonna qovun eksport qilindi

O‘zbekistondan Niderlandiyaga 60 tonna qovun eksport qilindi
Foto: «Dunyo» agentligi
Niderlandiyaga 60 tonna o‘zbek qovunlaridan iborat ikkinchi jo‘natma yetkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» agentligi Niderlandiyaning «AGF» portaliga tayanib. Qayd etilishicha, 31 avgust kuni 20 tonna o‘zbek qovunlarining birinchi jo‘natmasi ushbu mamlakatga olib kelingan.

«Niderlandlarga ularning ta’mi yoqib qoldi va shu bois O‘zbekistonga yangi buyurtma berildi», – deb qayd etgan veb-sayt.

«Qovun O‘zbekistonning barcha hududlarida yetishtiriladi. Biz ushbu mahsulot importini dekabr oyigacha davom ettiramiz», – deb ta’kidlagan «JPF Agri BV» korxonasi rahbari, O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi biznes-elchisi Nodira Qodir-Abdullayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqlimi qovun, boshqa poliz mahsulotlari va meva-sabzavotlar yetishtirish uchun juda qulaydir, demak ishlab chiqarish uchun juda kam pestitsidlar talab qilinadi.

Qovun mavsumi yakunlangach, Nodira Qodir-Abdullayeva quritilgan mevalar (mayiz, turshak va qovun qoqisi), yeryong‘oq, bodom va turli dukkakli mahsulotlarni import qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, anor hamda xurmo mevalariga ham qiziqish mavjud. Bundan tashqari u kelajakda gilos va o‘rik import qilish niyatida.

O‘zbekistonning Beniluks (Belgiya, Niderlandiya va Luksemburg) mamlakatlaridagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, Niderlandiya O‘zbekistondan keltirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, yangi uzilgan va quritilgan mevalar, ayniqsa, qora va oq mayiz hamda yong‘oqlar uchun istiqbolli bozor hisoblanadi. Bozor tadqiqotlari, shuningdek, poliz mahsulotlari, ayniqsa, o‘zbek qovunlarini sotib olishga bo‘lgan qiziqish katta ekanini ko‘rsatgani ma’lum qilingan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)