07:13 / 19.03.2021
2 293

Islomiy moliya tizimini joriy etish nega kechiktirilyapti?

Islomiy moliya tizimini joriy etish nega kechiktirilyapti?
Mamlakatimizda kapital bozorini rivojlantirish, samarali faoliyatini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki erkin muomaladagi qimmatli qog‘ozlar hajmi YAIMning bir foiziga ham yetmaydi va bu sohani tubdan isloh qilish zarurligini ko‘rsatadi. Qolaversa, bu borada foydalanilmagan imkoniyatlar juda ko‘p. Ayniqsa, iqtisodiyotning bank sektoriga qaramligi, davlatning esa ushbu sektoridagi ishtiroki kamayishi lozim.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan mazkur sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, bo‘shliqlarni to‘ldirish, investorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, 2020 yilda «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida» va «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilindi. Keyinchalik ushbu hujjat Senat tomonidan ma’qullandi va Prezident tomonidan imzolandi. Shuningdek, investorlar uchun muhim hisoblangan moliyaviy hisobotlar shaffofligi va axborot ochiqligini ta’minlash, auditorlik faoliyatini kuchaytirish maqsadida «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

Shu o‘rinda deputatlar 2021 yil Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasida Kapital bozorini rivojlantirish agentligiga bu soha rivoji uchun yetarli miqdorda mablag‘ ajratilmagani bo‘yicha e’tirozlar bildirganini ta’kidlash joiz.

So‘nggi paytlarda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida muhim vazifa sifatida belgilagan muqobil kreditlash tizimi haqida bejizga ko‘p gapirilmayapti. Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham mamlakatimizda Islomiy moliya tizimini joriy etish uchun zarur huquqiy bazani yaratish vaqti-soati kelgani alohida ta’kidlangan edi. Chunki e’tiqodimiz, qadriyatlarimizdan kelib chiqib, aksariyat tadbirkorlar o‘z biznesini rivojlantirish uchun amaldagi kreditlash xizmatidan foydalanishni istashmaydi.

Dunyo kapital bozorida, ayniqsa, g‘arbda tez rivojlanayotgan Islomiy moliya tizimini joriy etish orqali O‘zbekistonda ham kapital bozori jozibadorligini oshirish muhim ahamiyatga ega.

Joriy yilgi Davlat dasturida Islomiy moliyaviy xizmatlarini joriy etishning huquqiy asosini yaratish masalasi o‘rin olmagan bo‘lsada, «Milliy tiklanish» partiyasi va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan xalq manfaati va mamlakat rivojiga xizmat qiluvchi muhim tashabbusni amaliyotga joriy etish, bu borada yangi qonun loyihalarini tayyorlash, mavjudlarini takomillashtirish bo‘yicha bir qancha chora-tadbirlar belgilangan. Chunki hali bu bo‘yicha qilinadigan ishlar ko‘p. Shu ma’noda, partiya mazkur sohada samarali, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonun hujjatlarini qabul qilinishida faol ishtirok etib, barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Nodir TILAVOLDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Islomiy moliya tizimini joriy etish nega kechiktirilyapti?