16 may kuni O‘zLiDeP fraksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonini boshlash taklifi bilan chiqdi. Taklif “Milliy tiklanish” partiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
20 may kuni esa Oliy Majlis palatalari kengashlari qo‘shma majlisida Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha komissiya tarkibi tasdiqlanib, unga Akmal Saidov rais etib tayinlandi.
Kun.uz muxbiri O‘zLiDeP raisi Aktam Haitov bilan O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar nega kerakligi va o‘zgarayotgan hujjatda nimalar aks etishi borasida intervyu uyushtirdi.
— Ayting-chi, bugun O‘zbekiston Konstitutsiyasini o‘zgartirishga qanday zarurat bor?
— 16 may kuni O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi mana shu tashabbusni ilgari surdi va buni “Milliy tiklanish” qo‘llab-quvvatladi.
17 may kuni biz qo‘shma fraksiyalar majlisini o‘tkazib, deputatlarimizdan shu boradagi fikrimizni qo‘llab-quvvatlashlarini so‘radik, keyin esa bu takliflarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati kengashlaridan so‘radik. Mana shu yo‘sinda biz konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusini ilgari surdik.
Bugungi tadbirda Parlamentning ikkala palata kengashlari tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlashdi va qaror qabul qilindi.
Bugun konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha komissiya tuzildi. Uning tarkibiga siyosatchilar, deputatlar, senatorlar, huquqshunoslar va yana boshqa sohalardagi tajribali mutaxassislarni kiritish taklif qilindi va bu kengashlar qarori bilan tasdiqlandi. Shu bilan birga, bugun komissiyaning nizomi ham tasdiqlab berildi. Komissiya qanday faoliyat olib boradi, unga berilgan vakolatlar, uning vazifalari va muhokama qilish tartibi ham mana shu nizomda o‘z aksini topdi.
Endi bir-ikki og‘iz zarurat haqida. Prezidentimiz muallifligidagi “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida o‘tgan 5 yillikda amalga oshirilgan islohotlarga batafsil to‘xtalib o‘tilgandi.
Shuningdek, davlat rahbari tomonidan joylarda o‘tkazilgan saylovoldi uchrashuvlarida ko‘plab masalalar muhokama qilingan. Masalan, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish, undagi bob hamda moddalariga o‘zgartirishlar kiritish ham.
Men o‘zim ishtirok etgan 8 viloyatdagi uchrashuvda ham jumladan shunday takliflar tushdi.
Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumanida bo‘lgan uchrashuvlarda ekologiya masalalari, Orol fojiasi bilan bog‘liq muammolar ko‘tarildi. Undan keyingi uchrashuvda tadbirkorlar mulk huquqlari kafolatlarini kengaytirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha takliflarni berishdi.
Ko‘tarilgan masalalarning qisqacha axborotini deymizmi, xullas, shuni hurmatli Prezidentimiz lavozimlariga kirish marosimida, Konstitutsiyaning 29 yilligiga bag‘ishlangan bayramda ham alohida ta’kidlab o‘tdilar.
— Konstitutsiya islohoti tashabbusi bilan chiqar ekan, partiyaning o‘zi qanday o‘zgarishlarni o‘ylagandi? Uning takliflarida masalan, O‘zbekiston saylov tizimida ham qandaydir o‘zgarishlar qilish rejalashtirilganmi?
— Hozir biz ko‘rilayotgan masalalarni sanab o‘tyapmiz, qaysiligini alohida aytyapmiz. Mana birinchisi inson qadri uchun, balki davlat boshqaruvi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar ham bu jarayonda taklif sifatida kiritilar. Nimaga? Bizning partiyamiz ham davlat boshqaruvi masalalari bilan bog‘liq ishlar ustida ishlayapti. Chunki hozir dunyodagi saylov tizimlarini chuqur o‘rganyapmiz, mana shu saylov tizimidan kelib chiqib, biz uchun qaysi saylov tizimi ma’qul? Mana shu masalalarda ham hozir biz mutaxassislar bilan birga ishlayapmiz. Mening nazarimda, bu bo‘yicha, albatta, jo‘yali taklif bo‘ladi.
— Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlarda siyosiy partiyalar ochish talabi yumshaydimi yoki hozirgidek murakkabligicha qoladimi? Masalan, hozir yangi partiya ochish uchun faollar 20 mingta ovoz yig‘ishi kerak va bu ovozlar kamida 8 ta hududdan to‘planishi kerak. Bu axir juda murakkab va chalkash.
— Men u talablar juda murakkab, degan fikrga qo‘shilmagan bo‘lardim. Masalan, siyosiy partiya bu – davlat boshqaruvini hal qiladigan siyosiy kuch. O‘ttiz besh million nafar xalqimiz uchun yigirma bir milliondan ortiq saylovchilar bor hozir. Siz aytgan raqamni yig‘masdan turib, xalqning ishonchini qozonmasdan xalqning nomidan davlat boshqaruviga kelish qiyin bo‘ladi.
— Siyosiy partiyalar tuzish jarayonlari osonlashishi mamlakat va uning kelajagi uchun ham yaxshi emasmi?
— Qiyin yoki oson deyilgan masalaning tahliliga bir kirib ko‘raylik-da. Bu yerda xalqning irodasini ifoda etadigan, ertaga davlatimiz, xalqimizning taqdiriga jiddiy bir yo‘nalish bera oladigan yo‘nalishlar haqida gap ketyapti-da.
Bu jarayonga kirish, siyosiy maydonda raqobat qilishning o‘zi oson bo‘lmaydi. Kichkinagina murakkabliklarni hal etishga qodir bo‘lmagan partiya katta-katta partiyalar bilan kurash olib borishga qodir bo‘ladi.
Endi bilasizmi, bu masalani hozirgi vaziyatda bir solishtiradigan bo‘lsak ham, bir katta, murakkab, qiyin talablar qo‘yilgani yo‘q, bu mening qat’iy fikrim. Lekin mana shu jarayonda ertaga siyosatda mahkam turib, ovoz olib, siyosatda qatnashish uchun hamma partiyaning oldida jiddiy sinovlar turibdi.
Bitta tuman, viloyat kengashlariga yoki Qonunchilik palatasida deputatlik o‘rnini olish uchun u kamida 150 ming, 160 ming saylovchining ovozini olish kerak. Endi sizga oddiy savol-da, 20 ming ovozni yig‘ishga qiynalayotgan partiya qanday qilib ertaga deputatlik o‘rnini oladi. Agar u Qonunchilik palatasida deputatlik o‘rnini ololmasa, fraksiya tuzolmaydi. Buning minimal talablari bor. Agar Qonunchilik palatasida deputati bo‘lmasa, ertaga taqdirimizni hal qiladigan muhim qonunlar muhokamasida ishtirok etolmaydi.
Biz shakllantirayotgan har bir partiya o‘zining immunitetiga, elektoratiga, kuchli, siyosiy qarashlarga ega bo‘lishi kerak. Biz partiyalarimizni boshidanoq siyosiy jarayonlarga chiniqtirib, kurashga tayyor qilib ishtirokini ta’minlab berolsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Men boyagi murakkab, juda ham qiyin degan so‘zlarga qo‘shilmayman. Bu mening shaxsiy fikrim. Buni qanday qabul qilasiz, bilmayman. Lekin bu jarayonning qaysidir normalarini ko‘rib chiqish kerakdir.
Marhamat, hozir xalqimiz konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida bemalol ishtirok etishi mumkin. Har bir fuqaro, shu jumladan, siz ham, men ham shaxsiy fikrlarimizni aytish imkoniyatiga egamiz. Shuning uchun ham bu komissiyaning tarkibiga hamma kiritildi. Hozir 3 xil shaklda takliflar berish mumkin. Yozma, og‘zaki hamda elektron ravishda. Buni ishchi guruh ko‘rib chiqadi.
— Sizningcha, O‘zbekiston ijro hokimiyatining juda kengayib, “semirib ketgan” vakolatlarini qisqartirish va buni Konstitutsiyada aks ettirish vaqti kelmadimi?
— Bilasizmi, mening ayrim jumlalar bo‘yicha shaxsiy fikrimni so‘raydigan bo‘lsangiz, “semirib ketgan” degan so‘zga qo‘shilmagan bo‘lardim. Negaki, hozir ijro hokimiyatidagi har bir bo‘g‘in o‘zining ishini bajarmoqda.
Ha, bir-birini takrorlovchi, bugungi kunda vazifasini bajarib bo‘lgan idoralar bizda bor. Bularni hozir komissiyalar ko‘rib chiqyapti. Chunki ma’lum bir bo‘g‘inda mana shu idora o‘zining vazifasini bajargan. Boisi, qaysidir bir sohani tartibga solish uchun o‘sha sohaning vakolati bilan mas’uliyati bo‘ladi-da. Shuning uchun bu davr tinimsiz buni ko‘rib chiqishni talab qilyapti.
Bugun ham bizga boshqaruv, elektron axborot tizimi, raqamlashtirish joriy etilayotgan bir vaqtda ijro organida ham qaysidir vazirlik, idoralarni hamda hukumatdagi alohida bir tuzilmalarni ko‘rib chiqish yoki birlashtirish, qayta tashkil etish vaqti doimiy zarur bo‘lib turaveradi. Bizda bu oldin ham bo‘lgan, hozir ham bo‘lyapti va keyin ham bo‘ladi. Shuning uchun qaysidir bir davrda vazifasini o‘tab bo‘lgan yoki bir-birini takrorlaydigan idoralarni qisqartirish, maqbullashtirish davr talabidir.
Men o‘ylayman, bu borada davlatimiz rahbari, prezident administratsiyasi va hukumatning qilayotgan ishlari ma’qul. Negaki, qaysidir bir organlarni ixchamlashtirib, ularni me’yorlashtirish kerak. Vazifasi bo‘lmasa, unga vakolat berilmaydi. Vakolati doirasida u vazifasini bajaradi. Vazifasi bor ekan, unga moliyalashtirish bo‘ladi. Lekin bugungi kun talabidan kelib chiqib, u o‘z vazifasini bajarib bo‘lgan bo‘lsa yoki bir-birini takrorlaydigan vazifalarni birlashtirishga ehtiyoj tug‘ilgan bo‘lsa, bugun ularni ko‘rib chiqish kerak edi va ixchamlashtirib, amalga oshirishga imkon yaratish kerak edi. Negaki, vazifasi bo‘lmasdan turib, takrorlanadigan idoralar sabab byurokratik to‘siqlar yuzaga keladi. Buning oqibatida fuqarolarimiz, tadbirkorlarimizga ham qiyin bo‘ladi.
Shu jihatdan men sizning fikringizga qo‘shilaman.
— Siz savolni boshqacharoq tushundingiz shekilli. Deylik, Qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning bugungi vakolatlari o‘rtasidagi tafovutlar sizni qanchalik qoniqtiradi?
— Bizda uchta hokimiyat bo‘linish prinsipi amal qiladi: Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati. Bu butun dunyoda shunday.
Oxirgi yillarda bizda parlamentning vakolati kengayib boryapti. Konstitutsiyaga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlarda ham ko‘rish mumkinki, parlamentga ko‘proq huquq berilyapti. Bu yaxshi. Shuningdek, bunda hukumatning hisobdorligi oshdi. Bu ham yaxshi. Boisi, ilgari hukumat soati degan institutlar bo‘lmagan.
Biz hozir har oyda bir marotaba eng dolzarb masalalar bo‘yicha deputatlar, partiyalar va ularning fraksiyalarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha hukumat hisobotini eshityapmiz. Kelajakda ham bu jarayon davom etishi kerak.
Nazarimda, to‘g‘ri savol qo‘ydingiz, bu borada baribir parlament, deputatlarimizning roli ortib borayotgani davlatimiz rahbarining ham liberallashtirish siyosatini olib borishi natijasi hisoblanadi.
Ochiq aytadigan bo‘lsam, har bir deputatimizning so‘roviga vazir, vazir o‘rinbosari, tegishli davlat organi rahbari, o‘rinbosari darajasida javob kelyapti, muloqotga kirishishyapti, davra suhbatlari davomida himoya qilish tizimi shakllangan. Bu – juda ham konstruktiv yondashuv.
Mana shundan kelib chiqib aytishimiz kerakki, bugun baribir parlamentda ham Qonunchilik palatasidagi fraksiyalarining roli kuchayib bormoqda.
Biz bu borada deputatlarimizning faolligini ham sezyapmiz. Bu faollik mas’uliyatni oshiryapti, ikkinchi tomondan saylovchilarimiz ham faol bugun. Nihoyatda faol. Yangi-yangi qonunlar qabul qilishimizga ham aynan ular da’vat etishmoqda.
Shuningdek, OAV ham bizni ochiqlik, oshkoralik, kerak bo‘lsa, sizga o‘xshagan muxbirlar, jurnalistlar savol berganda jo‘yali, aniq javob berishga undayapti.
— Oxirgi paytda hokimlarning xalq tomonidan saylanishi kerakligi haqida ko‘p gapirilyapti. Biz tuman yoki viloyat hokimlari bilan uchrashganimizda ham shu savolni beramiz va ular saylovlarga to‘la tayyorligini aytadi. Sizningcha, bu jarayonga kim tayyor emas?
— Birinchidan, saylanish masalasiga ham bir aniqlik kiritib olaylik. Bugun ular saylanyapti, deputat sifatida saylanyapti, undan keyin kengashga raislik qilyapti. Bu kengashning raisi sifatida ular deputat bo‘lyapti, deputat bo‘lish uchun muayyan partiya uning nomzodini ilgari suryapti. Bunday jarayon bor.
Hozir bizda ikkinchi masala: hokimning ham saylanishi haqida. Konstitutsiyamizga va tegishli qonunlarimizga muvofiq, hokim ham saylanadi. Chunki deputatlar uni qo‘l ko‘tarib tasdiqlaydi.
Endi muammo nimada? Hokim institutining vakolati haqida ketyapti, uning vakolatini cheklash haqida ketyapti. Uning hisobdorligini oshirish haqida ketyapti. Ham uni saylagan saylovchilar, ham deputatlar oldida. Ya’ni hokimiyatning bo‘linish prinsipini pastdan amalga oshirish haqida ketyapti. Uni biz bir necha bor ham hurmatli Prezidentimizning siyosiy islohotlar borasidagi fikrlarida ham eshitdik. O‘sha jarayon yetilib kelyapti. Agar qancha saylov jarayonida ochiqlik, oshkoralik, mas’uliyat yuqori bo‘lsa, hokimning ham mas’uliyati boshqacharoq bo‘ladi, degan fikr.
Takliflar xalqdan tushadi-ku. Mana shu jarayonga ketyapmiz. Hozir mana takliflar tushadi, katta komissiyamiz har bir taklifni ko‘rib chiqadi. Agar shunga moslari uchrasa, muhokamaga qo‘yiladi. Buning ham jarayonlari bor.
Konstitutsiyamizga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida gap ketyapti-da hozir, chunki bugungi kunda uning ko‘plab yo‘nalishlari amalga oshyapti. Lekin uning qaysidir moddalari, boblariga o‘zgartirish kiritiladi. O‘shanda biz yana siz bilan bu mavzuni muhokama qilamiz.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda