
So‘nggi yillarda olib borilgan islohotlar samarasi natijasida mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks tizimi yaratildi. Bilimli, keng dunyoqarashga ega vatanparvar yigit-qizlarni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 yanvardagi “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilinib, ushbu qarorga asosan O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konseptsiyasi va O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konseptsiyasini 2021-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlandi.
- Ushbu «yo‘l xaritasi»ga asosan bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining «Bolalar Ombudsmani to‘g‘risida»gi qonunini qabul qilish;
- O‘zbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari, yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini va «Yoshlar murojaati» elektron platformasini shakllantirish;
- «Yoshlar: 1+1» dasturi doirasida uyushmagan va ishsiz yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish;
- «Hunarli kishi xor bo‘lmas» g‘oyasi asosida usta hunarmandlar qo‘lida ishsiz yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish maqsadida hududlarda «ustoz-shogird» an’anasini yangi tizimda joriy etish kabi bir qator vazifalar belgailab berilgan.
Yoshlarga berilayotgan imtiyozlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2021 yil 28 apreldagi “Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 250 son Qaroriga asosan mamlakatimizda aholi, shu jumladan, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va kasb-hunarga ega bo‘lmagan, huquqiy va ma’naviy-psixologik qo‘llab-quvvatlashga zarurati bo‘lgan fuqarolarga davlat tomonidan manzilli ko‘maklashish bo‘yicha «Yoshlar daftari» tizimi amaliyotga joriy etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 iyundagi “yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 312 son Qaroriga asosan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari quyidagilarga:
- “Yoshlar daftari”ga kiritilgan moddiy ahvoli qiyin yoshlarga BHMning 4 baravarigacha miqdorda bir martalik moddiy yordam ko‘rsatishga;
- yoshlarni tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflanadigan xarajatlarning 75 foizigacha qismini qoplashga;
- “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarini ko‘pi bilan bir yilda BHMning 25 baravarigacha miqdorda qoplashga;
- “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratishga;
- mamlakatimizdagi OTMda o‘qiyotgan “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlari to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, ammo BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab berishga;
- “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning ahvoli og‘ir bo‘lgan bemor farzandlariga mamlakatda yoki xorijiy davlatda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda qoplashga yo‘naltiriladi.
Shuningdek mazkur qaror ijrosi bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligi tuman(shahar) bo‘limlari “Yoshlar daftari” jamg‘armasining ishchi organi hisoblanadi.
Qibray tuman adliya bo‘limida ham yoshlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning 15 iyun kuni Qibray tumani “Pastki yuz” MFYda mas’ul kotiba lavozimida faoliyat yuritgan 1996 yilda tug‘ilgan R.Z. tuman adliya bo‘limiga Qibray tumani Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan mehnat huquqlari oid tegishli hujjatlar berilmayotganligidan norozi bo‘lib murojat qildi.
Aniqlanishicha, fuqaro R.Z. Qibray tumani “Pastki yuz” MFYda mas’ul kotiba lavozimida 2015 yildan 2018 yilgacha faoliyat yuritgan bo‘lib, fuqaro R.Z. ga tegishli mehnat daftarchasi, pensiya guvohnomasi Qibray tumani Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan har xil bahonalar bilan berilmayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu Qibray tumani “Pastki yuz” MFYda mas’ul kotiba lavozimida faoliyat yuritgan 1996 yilda tug‘ilgan R.Z.ning arizasi o‘rganib chiqilib, Qibray tumani adliya bo‘limi tomonidan Qibray tumani Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga so‘rov xati yuborildi va Qibray tumani adliya bo‘limi aralashuvi bilan fuqaro R.Z.ning murojaati qanoatlantirildi.
Zero, Adliya bo‘limlarini tashkil etishdan asosiy maqsad ham huquqni qo‘llash amaliyotini tizimli tahlil qilish va uning izchilligi va bir xilligini ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralarni ishlab chiqish, huquqiy normalarning o‘zboshimchalik bilan va noto‘g‘ri talqin qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan joylarda davlat organlari va boshqa tashkilotlarga huquqiy maslahatlar berish, shuningdek yoshlarning huquq va erkinliklari, ularning haqiqiy ehtiyojlari bilan bog‘liq holda ta’minlanishiga erishishdan iborat edi.
Bu esa yoshlarimizning viloyatlar markaziga yuzlab chaqirim yo‘l bosib o‘tirmay, ularning huquqiy muammolarini ortiqcha ovoragarchiliksiz hal etishga imkon berdi. Adliya bo‘limlarining tashkil qilinganligi fuqarolarning, ayniqsa yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish yo‘lida katta qadam bo‘ldi deb ayta olamiz.
Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida yoshlarning kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni tahlil qilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qonunchilikka berilgan takliflar ko‘plab byurokratik to‘siqlarni oldini olganligini ko‘rishimiz mumkin.
Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, adliya bo‘limlari butun faoliyati davomida aholining, shu jumladan yoshlarning huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlari tiklash bo‘yicha ko‘plab ishlarni amalga oshirdi.
Qibray tumani adliya bo‘limi
yetakchi maslahatchisi
Abdusattorov Jaxongir Jalolovich
yetakchi maslahatchisi
Abdusattorov Jaxongir Jalolovich

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar