Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev talaba uchun stipendiyali kontraktning qanday foydalari borligi haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 2023/24-o‘quv yili uchun kontrakt miqdorlari oshirilmasligi e’lon qilindi. Kontraktlar jadvalida bazaviy, ya’ni stipendiyasiz miqdorlar ko‘rsatilgan. Ya’ni ushbu miqdordagi kontrakt to‘lagan talabalarga stipendiya berilmaydi.
Kontraktdagilar ham stipendiya olish uchun 12 oylik stipendiya pulini ham kontraktga qo‘shib to‘lash kerak. Masalan, hozirda bir oylik stipendiya 517 ming 880 so‘m. Buni 12 oyga ko‘paytirsa, 6 million 214 ming 560 so‘m bo‘ladi.
Talabaning 1 yillik bazaviy kontrakti 6 mln 412 ming 610 so‘m deb tasavvur qilaylik. Shunda agar talaba har oy stipendiya to‘lashni istasa, unda 12 mln 627 ming 170 so‘m kontrakt to‘lashi kerak bo‘ladi. Shunda o‘zi to‘lagan pulni har oy bo‘lib-bo‘lib stipendiya shaklida qaytarib oladi.
“Bu oddiy holatda unchalik ham manfaatli taklif emas, lekin ayrimlarda hozir imkon bo‘lsa, stipendiyali shaklda to‘lab qo‘ygani yaxshi. Bundan tashqari ishxonasidagi oylikdan to‘laydiganlar ham stipendiyali qilib o‘tkazsa, soliq imtiyozidan 745 ming so‘m qo‘shimcha foyda qiladi.
Bundan tashqari ta’lim krediti olganda ham stipendiyali kontraktga shartnoma olish variantini ko‘rib chiqish mumkin. Ayniqsa, qizlarda bu yanada foydali bo‘ladi, chunki ularga foizsiz kredit beriladi”, — deydi huquqshunos.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!