20:41 / 11.03.2025
2 639

Ozoda Nursaidovaning klipini suratga olishda aktrisa qizni avtomobil bosib ketdi

Ozoda Nursaidovaning klipini suratga olishda aktrisa qizni avtomobil bosib ketdi
Klipdan kadr
2024 yilning 7 noyabr kuni xonanda Ozoda Nursaidovaning «Dilbarim» qo‘shig‘i uchun klip suratga olish jarayonida baxtsiz hodisa yuz berib, aktrisa Sabrina Jabborovani avtomobil bosib ketgan. Bu haqda aktrisaning o‘zi ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilgan.

Sabrinaning so‘zlariga ko‘ra, Mercedes-Benz G-klass (“Gelentvagen”) boshqaruvida voyaga yetmagan boshqa aktrisa S.M. bo‘lgan. U ham klipda suratga tushayotgan bo‘lgan.

«Voyaga yetmagan aktrisa operator va rejissyor Sh.M.ning ko‘rsatmasi bilan gaz pedalini bosgan, biroq o‘sha paytda mashina boshqaruvini yo‘qotgan. Mashinaning g‘ildiraklari Sabrina ustidan ikki marta o‘tib ketdi: oldingi g‘ildiragi butunlay uning ustidan o‘tgan, orqa g‘ildiragi esa qizning ustida aylanib ketgan. Voqea natijasida Sabrinaning tos suyagi singan, boshqa a’zolari og‘ir jarohat olgan», – deyiladi Jabborovaning Instagram'dagi sahifasida qoldirilgan ma’lumotda.

Jabrlanuvchiga birinchi yordam vaqtida ko‘rsatilmagani natijasida ko‘p qon yo‘qotgan. Keyin uni 4-sonli kasalxonaga olib borishgan, 9 soatlik operatsiyadan so‘ng bemorning hayoti saqlab qolingan. Biroq, jarrohlik amaliyoti noto‘g‘ri bajarilgani natijasida, uning chap oyog‘i o‘ng oyog‘idan 7 sm uzunroq bo‘lib, qiz nogiron bo‘lib qolgan.

Ayni vaqtda, shifokorlar qizning salomatligini tiklash uchun uning tos suyagini sindirib, suyaklarni to‘g‘rilash kerakligi, bunday operatsiyalar juda kamdan kam holatlarda muvafaqqiyatli o‘tishini aytgan.

Sabrina yordam so‘rab qilgan murojaatida mashina rulidagi voyaga yetmagan qizni «suratga olish jarayoniga A.Q. olib kelgani va unga haydashga ruxsat bergani»ni yozib qoldirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suratga olish tashkilotchilari va boshqa aybdor shaxslar jabrlanuvchiga yetarlicha yordam ko‘rsatmagan. Faqatgina 4 oy davomida «filmni suratga olishda texnik qoidalarni buzganligi» uchun jarima sifatida 500 dollar to‘lab turgan.

«Jabrlanuvchining onasi Sabrinaning oyoqqa turishiga yordam so‘raganida, u faqat quruq va’dalar va tahdidlarni olgan. Unga voqea bo‘yicha materiallar internetda tarqatilsa, jabrlanuvchiga yordam butunlay to‘xtatilishi aytilgan», deyiladi murojaatda.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hodisa bo‘yicha ish sudga oshirilgan, lekin hali sud jarayoni boshlanmagan. Sabrina tergovchi unga ish materiallarini taqdim qilmaganini aytgan.

Shuningdek, Sabrina normal yurish qobiliyatini tiklash uchun chet elda takroriy operatsiya o‘tkazishi kerakligini aytgan va jamoatchilikdan yordam so‘ragan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat