date
views 278

Toshkentdagi tashlandiq hudud zamonaviy va ekologik bog‘ga aylantiriladi

Toshkentdagi tashlandiq hudud zamonaviy va ekologik bog‘ga aylantiriladi
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yillar davomida qarovsiz qolgan va xarobaga aylangan hudud zamonaviy ekologik jamoatchilik parkiga aylantirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya vazirligi tomonidan ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur hudud 2020 yilgacha to‘liq tashlandiq holatda bo‘lib, bu yerda hech qanday obodonlashtirish ishlari olib borilmagan. Bugungi kunda esa bu maydonda 1200 tupdan ortiq turli daraxt hamda 23 mingdan ziyod buta ekilib, 7,5 gektarlik zamonaviy va ekologik park tashkil etilayotgani ma’lum qilindi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, mazkur park poytaxtdagi birinchi jamoatchilik yashil bog‘i bo‘lib, shaharning shovqin-suronidan uzoq va atrof-muhitga mos ekotizimni shakllantiradi. Park hududida ko‘rkam atirgul bog‘i barpo etiladi, shuningdek, tabiiy ko‘l hosil qilinib, turli xil qushlar uchun inlar quriladi.

Hududdagi barcha yo‘laklar tabiiy toshlar bilan yotqiziladi, o‘rindiqlar esa qurigan daraxtlardan yasaladi. Shunday qilib, bu yerdagi obyektlarning barchasi tabiiy materiallar asosida quriladi. Bundan tashqari, parkka butun yil davomida navbati bilan gullaydigan o‘simliklar ekiladi va natijada, hudud har mavsumda o‘zining betakror go‘zalligini saqlab turadi.

Ma’lum qilinishicha, bog‘ hududiga kirish mutlaqo bepul bo‘ladi. Park atrofidagi ekologik tozalikni saqlash uchun hudud ichida chiqindi tashlash qat’iyan man qilinadi. Faqat parkning kirish va chiqish qismlarida chiqindi qutilari o‘rnatiladi.

Ekologlarning qayd etishicha, park Yevropaning, shuningdek Yaponiyaning ilg‘or tajribasiga asoslangan holda qurilmoqda. Bu yerda faqat mahalliy iqlimga moslashgan daraxt turlari ekiladi.

Ayni paytda ushbu jamoatchilik bog‘i qachon ishga tushirilishi haqida aniq ma’lumot taqdim qilinmagan. Biroq hozirning o‘zidayoq ushbu maskan Toshkent ahli va shahar mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentdagi tashlandiq hudud zamonaviy va ekologik bog‘ga aylantiriladi