Dream Park o‘rdaklarga nisbatan harakatlar bo‘yicha uzr so‘radi

Dream Park o‘rdaklarga nisbatan harakatlar bo‘yicha uzr so‘radi

Dream Park ma’muriyati o‘rdaklarga chillakdan o‘q uzilayotgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan keyin vaziyatga izoh berdi. Park vakillarining bildirishicha, xodimlar qushlarga zarar yetkazishni emas, yovvoyi o‘rdaklarni parkdagi qushlar bilan aloqa qilishdan qaytarishni maqsad qilgan.

Ma’muriyat o‘tgan yili yovvoyi o‘rdaklar park ko‘liga kelib qo‘shilganini ma’lum qildi. Shundan keyin parkda yashovchi ayrim qushlar kasallanib, nobud bo‘lgan. Bayonotda keltirilishicha, shu voqeadan keyin qushlarni himoya qilish choralari kuchaytirilgan.

Shu bilan birga, park vakillari qushlar orasida qanday kasallik tarqalgani va uning manbai aynan yovvoyi o‘rdaklar bo‘lgani qanday aniqlanganiga oydinlik kiritmagan.

Dream Park ma’muriyati qushlarga qasddan zarar yetkazish niyati bo‘lmaganini ta’kidlagan. Biroq videodagi harakatlar jamoatchilikda qushlarga shafqatsiz munosabat ko‘rsatilayotgani haqida tasavvur paydo qilishi mumkinligini tan olgan va yuzaga kelgan tushunmovchilik uchun uzr so‘ragan.

Park bunday vaziyatlarda kelgusida ehtiyotkorroq yo‘l tutishini hamda o‘z harakatlari sabablarini jamoatchilikka o‘z vaqtida tushuntirib borishini bildirgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar