Toshkent shahrida noqonuniy dori-darmon va tibbiy vositalarni sotishga urinib, 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro qo‘lga olindi.
Ta’kidlanishicha, ushbu shaxs 72 000 dona tibbiy mahsulotni 111 million so‘mga sotish niyatida bo‘lib, oldindan 30 million so‘mni olgan paytida huquq-tartibot organlari tomonidan ushlangan.
Tezkor tadbir davomida fuqaroning yashash manzili va avtomashinasi ko‘zdan kechirilib, jami 240 million so‘mlik 72 389 dona tibbiy buyum va 867 quti “Magnikum”, “Relok”, “Dizenteron” va shu kabi BADlar aniqlangan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ushbu vositalar "Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" xulosasi asosida sifatsiz va saqlash qoidalariga zid holda saqlangan. Ular tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishi mumkin emas.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov ishlari olib borilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bunday holatlarga qarshi keskin choralar ko‘rilishini ma’lum qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!