Facebook ijtimoiy tarmog‘ida qoldirilgan murojaat yuzasidan AVO bankning rasmiy bayonoti

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- AVO bank mijozning hisobvaraqlaridagi mablag‘larga cheklov qo‘yilgani haqidagi xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
- Ushbu cheklov huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov doirasida qo‘yilgan bo‘lib, bank uni mustaqil ravishda bekor qila olmaydi.
- Bank mijozga bir necha bor tushuntirishlar bergan va cheklovni bekor qilish uchun vakolatli organlarga murojaat qilishni tavsiya etgan.
- Cheklov bekor qilinguniga qadar omonat bo‘yicha foizlar hisoblanishda davom etadi.
AVO bank ijtimoiy tarmoqlarda mijozning hisobvaraqlari va omonatlari bo‘yicha operatsiyalarga cheklov qo‘yilgani haqida tarqalayotgan axborot munosabati bilan rasmiy tushuntirish berishni zarur deb hisoblaymiz, deya o‘z rasmiy sahifasi orqali ushbu bayonotni e’lon qildi.
Cheklov qanday asosda qo‘yilgan
Mijozning hisobvaraqlari va omonatlaridagi pul mablag‘larini tasarruf etishga cheklov huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan o‘tkazilayotgan tergov tadbirlari doirasidagi talabi asosida qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bankdan har qanday hisobvaraqlar, jumladan omonatlar, talab qilib olinguncha saqlanadigan hisobvaraqlar va karta hisoblari bo‘yicha operatsiyalarga cheklov qo‘yishni talab qilish huquqiga ega.
Shu bilan birga, bank huquqni muhofaza qiluvchi organlarining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan talablarini ijro etishi shart.
Bank qo‘yilgan cheklovni mustaqil ravishda bekor qilishga haqli emas. Bu faqat vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organning tegishli hujjati asosida amalga oshirilishi mumkin. Hatto cheklov xato qo‘yilgan bo‘lsa ham, bank uni vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organning bevosita tegishli ko‘rsatmasisiz bekor qila olmaydi.
Ma’lumki, mijoz davlat organidan olgan xatiga tayanmoqda. Bank taqdim etilgan hujjatni ko‘rib chiqdi va mijozga ushbu hujjat vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organning cheklovni bekor qilish to‘g‘risidagi hujjati emasligini hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra pul mablag‘larini blokdan chiqarish uchun asos bo‘la olmasligini yozma ravishda xabar bergan.
Bank mijozga bir necha bor tushuntirishlar bergan
«AVO bank» AJ mijozning murojaatlarini e’tiborsiz qoldirmagan. Bank mijozga bir necha bor yozma va og‘zaki tushuntirishlar bergan bo‘lib, ularda qo‘yilgan cheklovning sabablari, uni qo‘llash asoslari, bank vakolatlari hamda cheklovni bekor qilish uchun zarur harakatlar tartibini izchil tushuntirib kelgan, jumladan vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sud instansiyalariga murojaat qilishni tavsiya etgan.
Nega bank davlat organlaridan olingan ayrim hujjatlarni taqdim eta olmaydi
Bank shuni ham ta’kidlaydiki, vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlardan kelib tushadigan, maxfiy yoxud xizmat doirasidagi xususiyatga ega hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra bank tomonidan taqdim etilishi mumkin emas.
Shuningdek, Bank huquqni muhofaza qiluvchi organlardan jismoniy shaxs mol-mulkidan xatlovni bekor qiluvchi protsessual hujjatlar chiqarilishini talab qilish yoki so‘rash huquqiga ega emas. Bunday hujjatlar berilishini so‘rab iltimosnoma kiritish va ularni talab qilish – mablag‘lar egasi sifatida fuqaroning o‘ziga tegishli huquqdir.
Davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik
Bank taqdim etilgan axborotni tekshirish va cheklov qo‘yilishi holatlarini aniqlashtirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga murojaat qilgan. Ta’kidlash kerakki, cheklovni bekor qilish to‘g‘risidagi hujjat bankka hozirgi kunga qadar kelib tushmagan. Cheklovni bekor qilish muddatlari bankka bog‘liq emas va vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organning qarori bilan belgilanadi.
Bank bu borada davlat organlari bilan hamkorlikni davom ettirmoqda va vaziyatning imkon qadar tez hal etilishiga ko‘maklashmoqda.
Bankning ushbu masala bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgargani yo‘q: bank tegishli hujjatni olgach, pul mablag‘larini blokdan chiqarish bo‘yicha zarur harakatlarni zudlik bilan bajaradi.
Omonat bo‘yicha foizlarning hisoblanishi
Alohida e’tiboringizni qaratamizki, depozit hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini tasarruf etishga cheklov qo‘yilishi omonat bo‘yicha foizlar hisoblanishini to‘xtatmaydi.
Foizlar bank tomonidan bank omonati shartnomasi shartlari va bankning amaldagi tartib-taomillariga muvofiq omonat shartnomasining amal qilish muddati tugagunga qadar hisoblab borilgan.
Mijozning sud orqali himoyalanish huquqi
Bank har bir mijozning o‘z manfaatlarini, shu jumladan sud tartibida himoya qilish huquqini hurmat qiladi. Bankning barcha harakatlari qonunchilik talablariga asoslangan va bank ularning qonuniyligini belgilangan tartibda asoslab berishga tayyor.
Tarqatilayotgan xabarlar haqida
Bank axborot makoni ishtirokchilari e’tiborini bank, uning mijozlari va moliyaviy operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotni tarqatishga mas’uliyat bilan yondashish zarurligiga ham qaratadi.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, ishonchsiz axborotni, jumladan yuridik shaxsning ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni tarqatish qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Shu munosabat bilan «AVO bank» AJ ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va axborot makonining boshqa ishtirokchilarini ushbu vaziyatni yoritishda bankning rasmiy pozitsiyasini inobatga olishga hamda ma’lumotlarni e’lon qilishdan oldin tekshirishga chaqiradi.
Bank pozitsiyasi
Bank bundan buyon ham O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida qat’iy harakat qiladi hamda ayni paytda mijozlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini hurmat qilgan holda yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda ularga imkon qadar tezkor va to‘g‘ri ko‘maklashishga intiladi.
Bank xizmati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan «AVO bank» AJ Call-markaziga (78) 888-78-87 telefon raqami orqali murojaat qilish mumkin.































Izohlar 0
…