Din ishlari bo‘yicha qo‘mita joriy yil 8 avgust kuni umra safarlarini tashkil etishda qonunbuzarliklarni oldini olish va litsenziyasiz faoliyat yurituvchilarni aniqlash maqsadida muhim qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, endilikda maxsus “Sirli mijoz” mexanizmi orqali yashirin nazorat tadbirlari amalga oshiriladi.
Bu chora avvalo iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, fuqarolarni aldamchi yoki litsenziyaga ega bo‘lmagan tashkilotlar xizmatidan asrash maqsadini ko‘zlaydi. Qo‘mitaga ko‘ra, ushbu mexanizm qonuniylik, xolislik va adolat prinsiplariga asoslanadi.
“Sirli mijoz” qanday ishlaydi?
Tashabbus doirasida qo‘mita mas’ul xodimlari o‘zlarini mijoz sifatida tanitib, gumon qilingan shaxs yoki tashkilotlar bilan aloqaga chiqadi. Ular xizmat shartlari, narxlari, safar muddati, to‘lov usullari va eng muhimi — tegishli litsenziya mavjudligini tekshiradi. Agar zarur bo‘lsa, yashirin diktofon yoki videoyozuv qurilmalari ham ishga solinadi.
Ma’lumot manbalari turlicha bo‘ladi
Bunday nazorat tadbirlari turli manbalar orqali yig‘ilgan axborotga asoslanadi. Jumladan:
Fuqarolar yoki tashkilotlardan kelgan rasmiy murojaatlar;
Davlat idoralari taqdim etgan tahlil va ma’lumotlar;
Internet, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlar;
“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida xavfi yuqori baholangan subyektlar haqidagi ma’lumotlar.
Natijalar qanday ko‘rib chiqiladi?
Tekshiruv yakunida mas’ul xodim tomonidan rasmiy dalolatnoma tuziladi. U taqdim etilgandan keyin besh ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Agar qonunbuzarlik alomatlari aniqlansa, materiallar tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi yoki qo‘shimcha tekshiruvlar tayinlanadi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu chora umra safarlarini faqat litsenziyaga ega va ishonchli tashkilotlar orqali amalga oshirishni ta’minlaydi. Shu tariqa, fuqarolarning moddiy va ma’naviy xavfsizligiga jiddiy yordam berishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!