O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil davomida mamlakatdagi tergov jarayonlari chog‘ida gumonlanuvchilar orasida o‘lim holatlari aniqlanmagan. Bu haqda vazir o‘rinbosari Ramazon Ashrapov jurnalistlar bilan muloqotda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024–2025 yillarda tergov jarayonida bunday holatlar qayd etilmagan. So‘nggi voqea 2023 yilda Yuqorichirchiq tumanida sodir bo‘lgan. O‘shanda Qozog‘iston fuqarosi so‘roq paytida yurak xurujidan vafot etgan.
“Bu holat videokuzatuv kameralariga yozib olingan, ekspertiza va guvohlar ko‘rsatmalari ichki ishlar xodimlari tomonidan noqonuniy harakatlar yo‘qligini tasdiqladi. Shuningdek, prokuratura ham jinoyat tarkibi aniqlanmaganini qayd etdi”, — dedi Ashrapov.
Uning ta’kidlashicha, hozirda mamlakatdagi barcha so‘roq xonalari videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan. Tartib IIVning 101-sonli buyrug‘i bilan qat’iy belgilab qo‘yilgan — tergov jarayonlari faqat maxsus xonalarda o‘tkazilishi mumkin.
“Bu choralar fuqarolarni ham, xodimlarni ham asossiz ayblovlardan himoya qiladi. Mening faoliyatim davomida ichki ishlar tizimida ham, tergov departamentlarida ham o‘lim holatlari kuzatilmadi”, — dedi vazir o‘rinbosari.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!