Hududlarda fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga yuborish bilan bog‘liq yangi firibgarlik holatlari aniqlandi. Bu holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor choralar orqali fosh etildi, deb ma’lum qildi Bosh prokuratura huzuridagi Departament.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Departamentning Samarqand shahri bo‘limi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan maxsus tadbir davomida fuqaro B.B. firibgarlik harakatlarini amalga oshirgan holda qo‘lga olingan. U fuqaro M.X.ning ishonchiga kirib, uni go‘yo 28 000 AQSH dollari evaziga Meksika orqali AQSHga ishga joylashtirishini va’da qilgan. Shu yo‘l bilan u jabrlanuvchidan 4 500 AQSH dollarini olgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Shuningdek, Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi hamkorligida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda yana bir holat qayd etildi. “H.D.” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari J.D. fuqaro G‘.A.ning ishonchiga kirib, uni Bolgariyaga ishga yuborishi uchun viza rasmiylashtirib berishiga va’da qilgan. Shu asosda u fuqarodan 1 000 AQSH dollarini olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni ehtiyotkor bo‘lishga, noqonuniy yo‘llar bilan ishga yuborish takliflariga ishonmaslikka chaqirmoqda.
Samarqand va Andijonda xorijga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar