date

Toshkentda atmosferaga zarar yetkazgan 154 shaxs jazolandi

Toshkentda atmosferaga zarar yetkazgan 154 shaxs jazolandi

Joriy yilning yanvar–avgust oylari davomida Toshkent shahrida atmosferaga zarar yetkazuvchi korxonalar, issiqxonalar va boshqa obyektlar faoliyati sinchkovlik bilan o‘rganildi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining rasmiy xabariga ko‘ra, bu muddat ichida jami 1452 ta obyekt xatlovdan o‘tkazildi.

Tekshirishlar jarayonida 174 ta tungi reyd tadbirlari amalga oshirildi. Ularning davomida 281 ta qonunbuzarlik holati aniqlandi. Shulardan 179 tasida qoidabuzarliklar darhol bartaraf etildi. Shuningdek, 154 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli jazo choralari qo‘llanildi. Ayrim holatlarda 20 ta obyekt faoliyatini vaqtincha to‘xtatish haqida sudga ariza kiritildi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, atmosferaga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan bir qator obyektlarga zamonaviy jihozlar o‘rnatildi. Xususan, 11 ta yangi qozon, 19 ta filtr hamda 12 ta chang tozalash uskunalari foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, har yili ikki bosqichda o‘tkaziladigan “Toza havo” oyligining birinchi bosqichi joriy yilning 10 aprelidan 10 mayiga qadar o‘tkazildi. Unda Toshkent shahridagi 40 050 ta avtotransport vositasi tekshirildi. Natijada 586 ta holatda me’yordan ortiq zararli gaz chiqarilayotgani aniqlandi. Har bir holat bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi va kamchiliklar bartaraf etildi. Shu orqali atmosferaga 4,7 ming tonna zararli moddalar chiqishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Ayni paytda poytaxtda “Toza havo” oyligining ikkinchi bosqichi o‘tkazilayotgani ma’lum qilindi. U 10 sentyabrdan 10 oktyabrga qadar davom etadi. Bu chora-tadbirlar orqali havo tozaligini ta’minlash, inson salomatligiga xavf tug‘diruvchi omillarni kamaytirish va ekologiya muvozanatini barqarorlashtirish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, sanoat korxonalari, ijtimoiy soha obyektlari va issiqxonalardan chiqadigan zararli tashlamalarni kamaytirish maqsadida poytaxtda 12 ta hududiy ishchi guruh tuzildi. Ularning tarkibiga vazirlik va tegishli idoralardan 150 nafardan ortiq malakali mutaxassis jalb qilindi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda atmosferaga zarar yetkazgan 154 shaxs jazolandi