“Imarat Development” rahbariyatiga firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Toshkent shahar IIBB “Imarat Development” kompaniyasi rahbariyatiga nisbatan firibgarlik va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish ayblovlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
- Tergovga kompaniya tomonidan Toshkent shahrida emas, balki Quyichirchiq tumanida qurilishi rejalashtirilgan uylar uchun to‘langan mablag‘larning xaridorlarga qaytarilmagani sabab bo‘lgan.
Toshkentdagi “Imarat Development” qurilish kompaniyasi atrofida jiddiy mojaro yuzaga keldi. Kompaniya rahbariyatiga nisbatan firibgarlik va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda kompaniya asoschisi sifatida tanilgan Marat Hamdamov ham o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi videomurojaatlari orqali bosim va tahdidlarga uchrayotganini ma’lum qilmoqda.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, “Imarat Development” tomonidan qurilishi rejalashtirilgan ko‘p qavatli uylar Toshkent shahrida emas, balki Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Bu holatdan norozi bo‘lgan ayrim xaridorlar avval xonadonlar uchun to‘lagan mablag‘larini qaytarishni talab qilgan. Biroq kompaniya tomonidan ularga pullari qaytarilmagan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 192-11-moddasi (nodavlat tashkilotlarda mansabdor shaxslarning o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Hozirda tergov jarayoni shahar IIBB rahbariyati va prokuratura nazoratida olib borilmoqda.
Marat Hamdamov: «Kompaniyani hech kimga bermayman»
Mazkur voqealar fonida “Imarat Development” asoschisi sifatida tanilgan Marat Hamdamov Instagram sahifasida ketma-ket videomurojaatlar e’lon qildi. U kompaniyani o‘zidan tortib olishga harakat qilinayotgani, o‘zi va yaqinlariga nisbatan bosim hamda tahdidlar bo‘layotganini da’vo qildi.
Hamdamovning aytishicha, so‘nggi bir oy davomida bir guruh shaxslar kompaniyani undan olib qo‘yishga uringan. U esa ta’sischilar safidan chiqmasligini, kompaniyani hech kimga bermasligini va xaridorlar oldidagi barcha majburiyatlarni bajarishini bildirgan.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, unga va oila a’zolariga nisbatan turli tahdidlar bildirilgan, hatto o‘lim bilan qo‘rqitilgan. Shuningdek, undan xorijga chiqib ketish va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinmaslik talab qilinganini, kompaniya ofisiga kirishiga ham to‘sqinlik qilinganini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim shaxslar qurib bitkazilgan va mijozlarga tegishli uy-joylarni bankka garovga qo‘yib, kredit olishni ham rejalashtirgan. Hamdamov bunday rejaga qarshi chiqqanini va xonadon xaridorlari manfaatlarini himoya qilishga qaror qilganini bildirgan.
Tadbirkor ushbu holatlar bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga rasmiy murojaat qilganini ham ma’lum qilgan.
Kompaniya nomi nima uchun «Imtiyaz»ga o‘zgartirildi?
Marat Hamdamov ikkinchi videomurojaatida kompaniya nomi “Imarat Development”dan “Imtiyaz”ga o‘zgartirilishiga ham to‘xtaldi.
Uning aytishicha, joriy yil sentyabr oyida xorijda bo‘lgan vaqtida kompaniyaning bosh moliyachisi Jasur Azizov unga qo‘ng‘iroq qilgan. Hamdamovning ta’kidlashicha, Azizov kompaniya ta’sischisi bo‘lmasa-da, moliyaviy jarayonlarni boshqarib kelgan.
Tadbirkorning da’vosiga ko‘ra, telefon suhbatida moliyachi kompaniya faoliyati natijasida yuzaga kelgan, uning hisob-kitoblariga ko‘ra, bir necha million dollarlik zararni bank krediti orqali qoplash niyati borligini bildirgan.
Biroq Hamdamov bu taklifga qarshi chiqqanini aytdi. Shundan keyin esa uning roziligisiz kompaniya nomi o‘zgartirilganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, tadbirkor kompaniya ofisiga kelgan xaridorlarga uni firibgar sifatida ko‘rsatishga qaratilgan ma’lumotlar tarqatilayotganini ham da’vo qilgan. U ikkinchi videomurojaatida o‘z so‘zlarini tasdiqlash maqsadida ayrim audio va videoyozuvlarni namoyish etgan.
Xaridorlarni endi nima kutmoqda?
Hozirda ushbu mojaro yuzasidan bir qator savollar ochiq qolmoqda. Xususan, kompaniya asoschisi sifatida tanilgan shaxsning roziligisiz uning nomi qanday o‘zgartirilgan? Kompaniyaning moliyaviy boshqaruvi kimning qo‘lida bo‘lgan? Eng muhimi, xonadon uchun pul to‘lagan xaridorlarning mablag‘lari va uy-joylari taqdiri nima bo‘ladi?
Hozircha Marat Hamdamov bildirgan da’volarga oid barcha holatlarga huquqiy baho berilgani haqida ma’lumot yo‘q. Tergov natijalari esa kompaniya atrofidagi mojaroning asl sabablari va mas’ul shaxslarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.






























Izohlar 0
…