Samarqand viloyatida yo‘l-transport hodisasi jamoatchilikning qattiq e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Lacetti (Gentra) haydovchisi piyodani urib, sodir bo‘lgan voqea joyidan qochib ketgani aks etgan. Bu holat odamlar orasida qattiq muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 24-sentyabr kuni soat 19:00 lar chamasida Samarqand tumani Panjikent ko‘chasida sodir bo‘lgan. 2010-yilda tug‘ilgan piyoda qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotganda avtoulov haydovchisi uni urib yuborgan va hech qanday yordam ko‘rsatmasdan hodisa joyidan qochib ketgan.
Bolaning onasi videomurojaat orqali hokimiyatdan huquqbuzarni topish va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishda yordam so‘ragan.
Viloyat IIB YHXB rasmiy bayonotiga ko‘ra, olib borilgan surishtiruv va qidiruv ishlari natijasida mazkur transport vositasi avtomobillarni ta’mirlash ustaxonasidan topildi. Hozirda haydovchiga nisbatan qonun doirasida chora ko‘rish uchun hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.
Eng muhimi, shifokorlar ma’lum qilishicha, jabrlanuvchi qizning hayoti saqlab qolingan. Ayni vaqtda u kasalxonada davolanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!