Buxoro viloyati Jondor tumanida sodir bo‘lgan yong‘in jamoatchilik orasida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda yangi qurilgan klinika binosi alafday yonayotgani aks etgani fuqarolarning jiddiy xavotirini uyg‘otdi.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumot berishicha, voqea 30 sentyabr kuni soat 19:17 da Jondor tumani “Sho‘robod” mahallasida joylashgan, hali faoliyat boshlamagan 3 qavatli bino hududida ro‘y bergan. Hodisa haqida xabar olishlari bilan 6 ta yong‘in-qutqaruv otryadi 3 daqiqa ichida joyiga yetib borgan va yong‘in 19:30 da nazoratga olingan. Qutqaruvchilarning sa’y-harakatlari bilan alanga soat 20:55 da to‘liq o‘chirilgan.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha maxsus tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Muhimi, hodisa paytida hech kim tan jarohati olmagani rasman tasdiqlandi.
Eslatish joiz, bir necha kun avval ham Toshkent shahrining Yangihayot tumanida yog‘ochdan qurilgan uy yong‘inga uchragan edi. O‘sha hodisada ham insonlar jabrlanmagan, ammo bino butunlay yonib ketgani qayd etilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday yong‘inlar profilaktikasi uchun elektr va gaz tizimlarini nazorat qilish, xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish har bir obyekt uchun juda muhim. Yangi binolarda esa, ayniqsa, qurilish jarayonida xavfsizlik talablariga alohida e’tibor qaratilmasa, oqibatlar og‘ir bo‘lishi mumkin.
Shu tariqa, Buxoroda sodir bo‘lgan mazkur yong‘in hech kimning hayotiga xavf tug‘dirmadi, ammo jamoatchilikka yana bir bor ogohlik qoidalariga amal qilish zarurligini eslatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!