Marg‘ilonda jurnalistga olti modda bo‘yicha ayblov qo‘yilib, hukm o‘qildi

Farg‘ona viloyati sudlari ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil 20 yanvar kuni Marg‘ilon shahar sudida “Antikorrupsiya” sayti muxbiri bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlangan E.T.ga nisbatan hukm o‘qildi. U Jinoyat kodeksining 6 ta moddasi bo‘yicha aybli deb topildi.
Sud qarorida E.T. tuhmat va haqorat, tovlamachilik, hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish, yolg‘on axborot tarqatish, shuningdek hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar hamda avtotransport vositalari davlat raqam belgilariga oid jinoyatlar bo‘yicha aybdor ekani qayd etilgan.
Unga JKning 59–61-moddalari tartibida 3 yil 10 oy jazo belgilangan, shuningdek JK 60–61-moddalariga asosan muddatidan ilgari shartli ozod qilinganini bekor qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazo qattiq tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi; E.T. 2021 yilda ham tergov yoki sud ishlariga aralashishga oid modda bilan 3 yilga qamalgan va o‘shanda “Effect.uz”ning sobiq, “Taftish.uz”ning amaldagi muxbiri bo‘lgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!