Buxoroda avtobuslar bosqichma-bosqich to‘liq naqd pulsiz to'lov tizimga o‘tadi

Buxoroda avtobuslarda yo‘l kira haqini to‘lash tartibi o‘zgaradi. 2026 yil 1 fevraldan 7 ta avtobus yo‘nalishida, 1 apreldan esa qolgan mavjud yo‘nalishlarda ham naqd pulsiz to‘lov tizimi joriy etiladi. Yangi tartibga ko‘ra, to‘lovlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Bu bo‘yicha viloyat hokimi tegishli qarorni imzolagan. Hujjatga muvofiq, Buxoro shahar hokimligi bir oy muddatda shahar bo‘ylab avtobus bekatlariga elektron chipta sotishga mo‘ljallangan, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatadigan avtomatlashtirilgan infokiosklarni bosqichma-bosqich o‘rnatish choralarini ko‘rishi lozim.
Shuningdek, Buxoro viloyati transport boshqarmasi shahardagi barcha yo‘nalishlarda qatnovchi avtobuslarning validatorlar bilan jihozlanishini ta’minlaydi. Yo‘l haqi ATTO avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi orqali to‘lanishi doimiy nazoratga olinishi belgilangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!