Durdona Hakimova jasadi va ikki farzandi O‘zbekistonga olib kelindi

O‘zbekiston fuqarosi marhuma Durdona Hakimovaning jasadi va uning ikki nafar farzandi O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi yordamida Vatanga olib kelindi. Qayd etilishicha, ularni qaytarish bilan bog‘liq yo‘l-yo‘riq va tashkiliy xarajatlar Bosh konsulxona hamda Migratsiya agentligi hisobidan qoplab berilgan.
Bosh konsulxonaning ma’lum qilishicha, ushbu hodisa ortidan ijtimoiy tarmoqlarda marhumaning sha’ni va qadr-qimmatini yerga urgan, salbiy va biryoqlama fikrlar tarqalayapti. Diplomatlar esa vaziyatni to‘liq anglamasdan turib, inson haqida noxolis xulosa chiqarish va tahqirlovchi izohlar qoldirish qonun oldida javobgarlikka olib kelishi mumkinligini eslatgan.
O‘rganishlarga ko‘ra, Durdona Hakimova Istanbulning Fotih tumanida joylashgan Eskere Melzeme nomli harbiy kiyim-kechak do‘konining asoschisi bo‘lgan. U faol tadbirkor sifatida ko‘plab yurtdoshlarimizga yordam ko‘rsatib kelgani, farzandlari esa dizaynerlikka ixtisoslashgan litseyda ta’lim olgani aytildi.
Bosh konsulxona bunday biryoqlama va haqoratomuz munosabatlar nafaqat inson sha’niga, balki millatimiz obro‘siga ham soya solishini ta’kidladi. Shuning uchun har qanday ma’lumotni tarqatishdan oldin tekshirish, fikr bildirishda esa mas’uliyat bilan yondashish zarurligi yana bir bor uqtirildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!