Internetdagi haqorat va so‘kinishlar jazoga sabab bo‘ladi

3 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida internetda so‘kinish, haqorat qilish, shilqimlik va boshqa bezorilik harakatlari uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, telekommunikatsiya va internet tarmoqlarida odobsiz so‘zlardan foydalanish, haqoratomuz yozuvlar yozish, jamoat osoyishtaligini buzadigan harakatlar qilish endi ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ushbu me’yorlar jamiyatda tinchlikni mustahkamlash, ayniqsa yoshlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan holatlarning oldini olishga qaratilgan.
Shuningdek, boshqa davlatdagi harbiy harakatlarga qo‘shilishni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish, reklama qilish yoki ommaga namoyish etgan shaxslar ham javobgarlikka tortiladi.
Loyihada yana bir muhim jihat – shaxsiy huquqbuzarligini Internet yoki OAV orqali targ‘ib qilgan shaxsga ham javobgarlik belgilanmoqda. Bu huquqbuzarliklarni ommalashtirish va ularga taqlid qilishning oldini olish uchun kiritilgan.
Qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan deputat Alisher Qodirovning ta’kidlashicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183-moddasiga 1-qo‘shimcha kiritilmoqda. Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda haqoratli yoki jamoat tartibini buzuvchi harakatlar uchun 5 million so‘mgacha jarima yoki 10 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!