Toshkentdagi «aqlli» suv hisoblagichlari nega ma’lumotni avtomatik uzatmaydi?

Toshkentdagi «aqlli» suv hisoblagichlari nega ma’lumotni avtomatik uzatmaydi?

Toshkentda yangi o‘rnatilgan sovuq suv hisoblagichlarining ishlashi bo‘yicha aholi murojaatlari ko‘paydi. Shaharliklar asosan qurilmalar ko‘rsatkichlarni avtomatik uzatmayotgani va ayrim xonadonlarda to‘lov summasi keskin oshganidan shikoyat qilmoqda.

«Toshkent shahar suv ta’minoti» korxonasi ushbu masalalar bo‘yicha tushuntirish berib, yangi hisoblagichlar qanday ishlashi va hisob-kitoblar qay tartibda amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Ma’lumotlar nega avtomatik uzatilmaydi?

Korxona ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi bosqichda «aqlli» hisoblagichlar ko‘rsatkichlarni billing tizimiga mustaqil va avtomatik ravishda yubormaydi.

Ma’lumotlar har oyda bir marta abonent bo‘limlari xodimlari tomonidan Walk-by texnologiyasi orqali yig‘iladi. Ushbu usulda mutaxassislar hududni aylanib chiqib, hisoblagich ko‘rsatkichlarini qurilmaga yaqinlashmasdan masofadan o‘qiydi.

Mazkur tizim Yangihayot va Sergeli tumanlarida joriy etilgan. Ayni paytda Yakkasaroy tumanida ham uni ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.

Katta to‘lovlar qanday paydo bo‘ladi?

Birinchi haqiqiy ko‘rsatkichlar tizimga kelib tushguniga qadar suv uchun to‘lovlar xonadonning o‘rtacha kunlik iste’moli asosida hisoblanadi.

Xodimlar hisoblagichdagi haqiqiy ma’lumotlarni o‘qigach, billing tizimi avvalgi hisob-kitoblarni avtomatik ravishda qayta ko‘rib chiqadi.

Shu sababli dastlab ko‘rsatilgan yuqori to‘lov summasi haqiqiy ko‘rsatkichlar kiritilganidan keyin o‘zgarishi mumkin.

Hisoblagich suvni ortiqcha hisoblayaptimi?

«Toshkent shahar suv ta’minoti»ning ta’kidlashicha, o‘rnatilgan asboblar amalda sarflangan suv hajmini qayd etadi.

Agar xonadonda suv iste’moli kutilmaganda ko‘paygan bo‘lsa, aholiga santexnika jihozlarini tekshirish tavsiya qilindi.

Ayniqsa, ko‘zga tashlanmaydigan yashirin sizib chiqishlar katta sarfga olib kelishi mumkin. Hojatxonadagi suv to‘kish bakidan uzluksiz suv oqishi yuqori to‘lovlar kelib chiqishining eng keng tarqalgan sabablaridan biri sifatida ko‘rsatildi.

Hisoblagich o‘rnatish bepul

Korxona hisoblagichlarni o‘rnatish bepul amalga oshirilishini ma’lum qildi. Yangi qurilmani yagona ma’lumotlar bazasida ro‘yxatdan o‘tkazish ham uni o‘rnatish kunida bajariladi.

Shaharliklarga to‘lovda keskin o‘zgarish kuzatilsa, avvalo hisoblagich ko‘rsatkichlari va xonadondagi santexnika holatini tekshirish, zarurat tug‘ilganda esa suv ta’minoti tashkilotiga murojaat qilish tavsiya etildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar