Samarqandda sevgilisini joniga qasd qilishga majburlagan yigitga hukm o‘qildi

Samarqand viloyati Urgut tumanida sevgan qizi boshqa insonga turmushga chiqishi haqida xabar topgan 23 yoshli yigit sud hukmi bilan qamoq jazosiga tortildi. Bu haqda sud hujjatlariga tayanib ma’lum qilindi.
Aniqlanishicha, L.Yu. va G.A. 2022 yil fevral oyida telefon orqali tanishgan. Ular uch yarim yildan ziyod vaqt mobaynida muloqot qilib, ishqiy munosabatda bo‘lib kelgan. Yigit qizga uylanish niyati borligini bildirib, uning ishonchiga kirgan hamda WhatsApp orqali yarim yalang‘och suratlarini yuborishga majbur qilgan.
2025 yil yanvar oyida L.Yu. ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan. Shu vaqt ichida G.A.ga boshqa tumandan sovchilar kelib, ota-onasi rozilik bergach, 16 iyul kuni fotiha o‘tkazilgan.
Bu xabarni eshitgan yigit qizga bosim o‘tkazib, agar unga turmushga chiqmasa, o‘z joniga qasd qilishini aytgan. Shuningdek, boshqa insonga turmushga chiqsa, uning shaxsiy suratlarini ijtimoiy tarmoqlarga tarqatish bilan tahdid qilgan.
Sudda jabrlanuvchi aytishicha, L.Yu. unga “o‘zingni o‘ldirmasang, suratlaringni tarqataman” deya bir necha bor qo‘rqitgan. Shundan keyin qiz uy yerto‘lasida sirka kislotasini ichib, joniga qasd qilishga uringan. Onasi uni zudlik bilan shifoxonaga yetkazgan va shifokorlar hayotini saqlab qolishgan.
Sud jarayonida L.Yu. aybini qisman tan olib, fotosuratlarni tarqatish haqida jahl ustida aytganini va qilmishidan afsusda ekanini bildirgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi uni Jinoyat kodeksining 103-1-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topdi. Sud hukmiga ko‘ra, unga 4 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!