O‘zimizning pomidordan qo‘ymasin! «Tashkentskiy» deb emas, «Uzbekskiy» deb yozib qo‘ying

O‘zimizning pomidordan qo‘ymasin! «Tashkentskiy» deb emas, «Uzbekskiy» deb yozib qo‘ying
Kimga qanaqa, bilmadimu, men pomidorsirab yuraman. Bozor rastalarida ham, mehmon-izlom dasturxonida ham dastlab pomidorni/pamildorini/ ko‘raman. O‘zimizning pomidorni, qip-qizil, yoki to‘q binafsha rang suvlikkina, shiringinasini. Ha, ajratishni yaxshi bilaman…
Ammo hech qayerda uning o‘zimiznikidek ta’mini topmadim.
Demak, taom yegandek bo‘lmadim, qornim to‘yganini bilmadim!

Aytaylik, Moskvada eng «doda» restoranda tushlik qildik. Qattiq ekan, pomidori. O‘zimizning plyonka ostidagi hosilga o‘xshasa kerak, dedim. Lekin, qayoqda! U nima-yu, cho‘zilib, erib ajralayotgan shag‘am nima!
Eronda, kitob bayrami ishtirokchilari uchun yozilgan ajabtovur dasturxon. Hamma o‘zi hohlaganini, hohlaganicha kumush idishlardan kumush qoshiqlarga solib ajratib oladi…

Anqara, yoki, Makka-yu Madinada ko‘rinishi ko‘rkam, ajabtovur go‘zal, ishtaha ochar rangdor pomidorlar…
Ammo, baribir o‘zimiznikiga aslo o‘xshatmadim.
O‘g‘lim elchixonada ishlayotganida yigirma kun Olma Otada bo‘ldim. Bozorlarini aylandim. «Tashkentskiy pomidor» deb yozib qo‘yibdi. Narhi qimmat, narxiga achinmaysiz, rahmat deysiz o‘zimiznikiga o‘xshasa! Alamimni achitib oldim:
-«Tashkentskiy» deb emas, «Uzbekskiy» deb yozib qo‘ying.

Toshkentning asfalt ko‘chalarida pomidor ekilmaydi!…
Ha, men qish, yoz, kuz va bahoridan bol yiqqan o‘z pomidorimizga hech qaernikini qiyoslamayman!
Yumshoq patir non va to‘rtta pomidorni yuvib, ishtaha bilan yerkanmiz, kelinim hozir taomni suzaman, to‘yib olmanglar,- deydi nabiramga qo‘shib menga ham dakki berib. Bilmaydiki, men uchun uning dunyo taomlaridan qanchalar afzalligini!
Tuz kerakmas, yerimizning tuzi yetarli deyman.

Oftobi, bobodehqon mehru tafti esa qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha kam!
Qani, marhamat, sizga bo‘lib-bo‘lib, tuz sepib qo‘yaymi? Menga butunicha yoqadi…
Taomimning suratini qo‘yishga qizg‘ondim. Uzr.

Umida Abduazimova

Manba: Hordiq.uz

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar