Qarzlar tufayli chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan ota-ona jazolandi

Qarzlar tufayli chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan ota-ona jazolandi

Farg‘ona shahrida yangi tug‘ilgan farzandini sotishga uringan er-xotinga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Sud qaroriga ko‘ra, har ikkisi ham besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Ruxsor News axborot dasturida ma’lum qilindi.

Tergov materiallariga ko‘ra, sudlanuvchilar 2024 yilda Qo‘qon shahrida tanishib, yaqinlaridan yashirin ravishda shar’iy nikoh asosida turmush qurgan. Keyinchalik oilada tez-tez kelishmovchiliklar va janjallar yuzaga kelgan. Oradan vaqt o‘tib ularning o‘g‘il farzandi dunyoga kelgan.

Ma’lum bo‘lishicha, erkak ish izlab Farg‘ona shahriga kelgan va bir necha kundan so‘ng turmush o‘rtog‘i hamda chaqalog‘ini ham o‘z yoniga chaqirgan. Biroq moddiy qiyinchiliklar va qarzdorlik sababli juftlik farzandini sotishga qaror qilgan.

Sudda ayolning aytishicha, bu taklifni unga boshqa bir ayol bildirgan. Bolaning yaxshi oilada tarbiyalanishi aytilganidan keyin u bu fikrga rozi bo‘lgan. Keyinchalik bu haqda turmush o‘rtog‘iga ham aytgan va ma’lum vaqtdan so‘ng ular bu qarorga birgalikda kelishgan.

Sudlanuvchilarning ta’kidlashicha, bolani sotishdan tushadigan mablag‘ni kredit qarzlarini yopish hamda kelgusida yangi hayot boshlash uchun ishlatishni rejalashtirishgan.

Sud har ikki shaxsni Jinoyat kodeksining 135-moddasi — «Odam savdosi» bilan aybdor deb topdi va ularning har biriga 5 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Shuningdek, voyaga yetmagan bolaning taqdiri to‘liq hal etilgunga qadar uning huquq va manfaatlarini himoya qilish vazifasi Qo‘qon shahar Inson ijtimoiy himoya agentligi hamda mahalliy bolalarni himoya qilish bo‘limi zimmasiga yuklatildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar