Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshgacha nafaqa to‘lanadi

Ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa to‘lanadi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda mehnatga layoqatsiz ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Bunday oilalarga «passiv daromad» keltiradigan ijtimoiy paket uchun joriy yilda 300 milliard so‘m ajratilgan.
Mazkur yordamdan foydalangan 11 ming oilaning qariyb yarmida daromad sezilarli darajada oshgani qayd etildi. Shu munosabat bilan ushbu tizimni davom ettirish bo‘yicha qaror loyihasini bir hafta ichida kiritish topshirildi.
Davlat rahbari kelasi yildan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari uchun qator xarajatlar vaucher orqali qoplab berilishini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, davlat va xususiy bog‘chalar uchun to‘lov, o‘quv markazlari xizmatlari, yo‘lkira hamda oliygohlardagi yotoqxona xarajatlarini vaucher asosida qoplash imkoniyati yaratiladi.
«Kelasi yildan reyestrga kirgan oila farzandlarining davlat va xususiy bog‘cha badali, o‘quv markazi to‘lovi, yo‘lkirasi hamda oliygohdagi yotoqxona xarajati vaucher orqali qoplab beriladi», dedi davlat rahbari.
Vaucher 12 oy muddatga beriladi. Ehtiyojmand oila ushbu davr ichida Ijtimoiy reyestrdan chiqarilgan taqdirda ham vaucher o‘z amal qilish muddatini saqlab qoladi.































Izohlar 0
…