Turkiy davlatlar uchun «TURKPOL» tuzilmasini tashkil etish taklif qilindi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Turkiya ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Interpol va Yevropolga o‘xshash «TURKPOL» tuzilmasini tashkil etishni taklif qildi.
- Bu tashabbusni Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ichki ishlar vazirlari ijobiy qabul qildi.
- «TURKPOL»ning asosiy maqsadi turkiy davlatlar o‘rtasida transchegaraviy jinoyatlarga qarshi kurashda axborot almashinuvi va muvofiqlashuvni kuchaytirishdir.
Turkiy davlatlar o‘rtasida xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqishi mumkin. Turkiya ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Interpol va Yevropolga o‘xshash «TURKPOL» tuzilmasini tashkil etishni taklif qildi.
E’tiborlisi, tashabbusni Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ichki ishlar vazirlari ijobiy qabul qilgani ma’lum qilindi. Biroq hozircha «TURKPOL» tashkil etilgani yo‘q — gap uni tuzish bo‘yicha taklif haqida bormoqda.
«TURKPOL» qanday vazifani bajarishi mumkin?
Tashabbus 11 sentyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonada o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti Ichki ishlar vazirlarining 3-yig‘ilishida muhokama qilindi.
Mustafo Chiftchining bildirishicha, asosiy maqsad — turkiy davlatlar o‘rtasida transchegaraviy jinoyatlarga qarshi kurashda axborot almashinuvi, muvofiqlashuv va qo‘shma harakat imkoniyatlarini kuchaytirish.
U «TURKPOL»ni Interpol va Yevropolga o‘xshash tuzilma sifatida ko‘rish mumkinligini bildirgan.
«TURKPOL» g‘oyasining asosiy maqsadi — jinoyat va jinoyatchilarga qarshi kurashda hamkorlikni yanada kuchli va institutsional asosga o‘tkazish.
O‘zbekiston ham taklifni ijobiy qabul qildi
Turkiya ichki ishlar vaziri ma’lum qilishicha, tashabbus yig‘ilishda ishtirok etgan Qozog‘iston, Ozarboyjon, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ichki ishlar vazirlari tomonidan juda ijobiy qabul qilingan.
Bu esa g‘oyaning keyingi bosqichda turkiy davlatlar o‘rtasidagi rasmiy muhokamalardan biriga aylanishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Ayni paytda esa «TURKPOL»ning aniq vakolatlari, boshqaruv mexanizmi, qarorgohi yoki qaysi davlatda joylashishi kabi masalalar bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingani haqida ma’lumot berilmagan.
Avval «Jinoyatchilikka qarshi kurash kengashi» tashkil etiladi
«TURKPOL» tashabbusi alohida paydo bo‘lgan g‘oya emas.
Yig‘ilishda Turkiya tomoni taklif qilgan Jinoyatchilikka qarshi kurash kengashini tashkil etish masalasi ham ilgari surilgan va bu tashabbus qo‘shma bayonotga kiritilgan.
Kengash doirasida yangi avlod jinoiy guruhlari, terrorizm, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar, noqonuniy migratsiya, kiberjinoyatlar, shuningdek noqonuniy bukmekerlik va qimor kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.
Chiftchi ma’lum qilishicha, kelgusi oyda Anqarada Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari sammiti doirasida Kengashning ta’sis kelishuvini imzolash maqsad qilingan.
Turkiy davlatlar xavfsizlik sohasida yaqinlashmoqda
«TURKPOL» taklifi Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlikning faqat iqtisodiy yoki madaniy sohalar bilan cheklanib qolmayotganini ko‘rsatadi.
Transchegaraviy jinoyatchilik zamonaviy xavfsizlikning eng murakkab yo‘nalishlaridan biri bo‘lgani uchun davlatlar o‘rtasida tezkor ma’lumot almashish va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida muvofiqlashuv muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtayi nazardan, agar tashabbus keyingi bosqichlarda ma’qullansa, «TURKPOL» turkiy davlatlar o‘rtasida xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikning yangi institutsional mexanizmiga aylanishi mumkin.
Hozircha esa eng muhim jihat shu: Turkiy davlatlar o‘rtasida «TURKPOL» tuzish g‘oyasi rasman o‘rtaga tashlandi va O‘zbekiston ham bu tashabbusni ijobiy qabul qilgan davlatlar qatorida qayd etildi.































Izohlar 0
…